06 Iyun 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +28 °C

Xalqaro hamkorlik
1 Aprel  2020 639

Afgʻonistonga insonparvarlik yordami joʻnatildi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirigʻiga muvofiq, 1-aprel kuni koronavirus tarqalishining oldini olishda koʻmak berish maqsadida Afgʻoniston Islom Respublikasiga insonparvarlik yordami joʻnatildi.

Keyingi yillarda Oʻzbekiston bilan Afgʻoniston oʻrtasidagi munosabatlar mamlakatlarimiz rahbarlari tashabbusi bilan yuqori choʻqqiga koʻtarildi. Zero, Oʻzbekiston mintaqa davlatlari bilan yaxshi qoʻshnichilik aloqalarini yana-da mustahkamlashni tashqi siyosatining eng ustuvor yoʻnalishi sifatida belgiladi. Bu jarayonda, ayniqsa, koʻp yillardan buyon notinchlik oʻchogʻiga aylanib qolgan afgʻon zaminida tinchlik oʻrnatish, bu yerda yashayotgan xalqni farovonlikka yetaklash jiddiy maqsad qilindi.

Davlatimiz rahbarining bu boradagi qatʼiy intilishi, muammoni yechishga qaratilgan tashabbuslari xalqaro hamjamiyat tomonidan eʼtirof etilmoqda. Eng muhimi, Prezidentimiz ushbu mamlakatni rivojlantirish uchun savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratmoqda. Bugungi qiyin va murakkab vaziyatda Afgʻonistonga insonparvarlik koʻmagi ajratilgani ezgulik yoʻlidagi saʼy-harakatlarning mantiqiy davomi boʻldi.

Mamlakatimiz rahbari nomidan birodar afgʻon xalqiga Oʻzbekistonning doʻstona yordami sifatida yoʻlga tushgan ezgulik poyezdikoronavirusga qarshi kurashda birinchi navbatda zarur boʻladigan mahsulotlardan shakllantirilgan. Tibbiy niqoblar, himoya kombinezonlari, kasallikni aniqlashga yordam beradigan teplovizor, pirometrlar, un, yogʻ, guruch, xoʻjalik sovuni, shuningdek, afgʻon bolalari uchun kiyim-kechak mahsulotlaridan iborat insonparvarlik yuki Angren – Toshkent – Termiz – Mozori-Sharif yoʻnalishi boʻylab joʻnab ketdi.

– Bugun yer yuzining hech bir mamlakati yoʻqki, boshqa davlatlar taqdiriga befarq qarayotgan boʻlsa, – deydi Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xodimi Samandar Hikmatullayev. – Zero, koronavirus infeksiyasi butun dunyo aholisini umumiy xavf ostiga qoʻydi. Ushbu kasallikka qarshi barcha mamlakatlar birgalikda kurashsagina ofatni yengish mumkin. Oʻzbekistonning afgʻon xalqiga koʻrsatayotgan koʻmagi mana shu hamjihatlikning yaqqol misolidir.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech