05 Dekabr 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent -2,2 °C

Sport
23 Iyun  2020 1525

23-iyun — Xalqaro Olimpiya kuni

Barcha yurtdoshlarimizga “Olimpiya kuni”ning 126-yilligi muborak boʻlsin!

Bundan roppa-rosa 126-yil avval baron Per de Kuberten boshchiligida Olimpiadani tiklash uchun eng katta qadam qoʻyildi, yaʼni 1894-yilning 23-iyun kuni Xalqaro Olimpiya qoʻmitasi (XOQ)ga asos solindi. Shu sabab ushbu sana “Olimpiya kuni” sifatida nishonlab kelinadi.

Bugungi kunga kelib “Olimpiya kuni” dunyoda eng ommaviy tarzda nishonlanadigan sport bayramlaridan biriga aylangan. Har yili Xalqaro Olimpiya qoʻmitasiga aʼzo 205 davlatda oʻtkaziladigan sport va salomatlik bayramida millionlab insonlar bevosita ishtirok etishmoqda. Ushbu tadbirni oʻtkazishdan koʻzlangan asosiy maqsad – aholi orasida sogʻlom turmush tarzini hamda Olimpizm gʻoyalarini keng targʻib etish, kattayu, kichik qalbida jismoniy tarbiya va sportga boʻlgan mehrni yana-da yuksaltirishdan iborat.

Koronavirus sabab 2020-yilga belgilangan Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlari 1 yilga qoldirildi. Biroq “Olimpiya kuni” ortga surilmaydigan umumbashariy bayramdir. Shu bois ham dunyoning barcha mamlakatlarida ushbu kun katta shodiyona bilan nishonlanmoqda. Jumladan, mamlakatimizda ham “Olimpiya kuni” 20-iyun kuni pandemiya sharoitidan kelib chiqqan holda katta onlayn tadbiri bilan nishonlandi.

Milliy olimpiya qoʻmitasi bu yilgi “Olimpiya kuni” tantanalarini 15-iyun kunidan boshladi. Shu kuni “Virtual yugurish musobaqasi”ga start berildi va bugungi kunga qadar mazkur onlayn musobaqada 500 ga yaqin yurtdoshlarimiz ishtirok etishdi. Mazkur musobaqa 22-iyunga qadar davom etdi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi matbuot xizmati.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech