26 Iyun 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +25,4 °C

Salomatlik
8 Iyun  2019 530

2030-yilga borib 8 milliondan ziyod odam o‘limiga tamaki sabab bo‘lishi mumkin

Bugun Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan mamlakatimizning barcha hududlarida “Tanlov sizdan: tamaki yoki sog‘lom o‘pkalar” shiori ostida ommaviy sport tadbirlari o‘tkazildi.

 

Jumladan, ushbu ommaviy tadbirlar doirasida poytaxtimizdagi G‘ofur G‘ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida Sog‘liqni saqlash vazirligi, hamkor tashkilotlar hamda ahli ishtirokida 5 kilometrga faol yurish va gimnastika mashqlari uyushtirildi. Shu bilan birga, “Salomatlik maydonchasi”, “Biz tamakisiz hudud uchun ovoz beramiz” tadbirlari ham bo‘lib o‘tdi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma'lumotlariga ko‘ra, tamaki mahsuloti undan foydalanuvchi insonlarning yarmidan ko‘pining o‘limiga sababchidir. Sigaretalar dunyo bo‘ylab yiliga qariyb 7 million odamning umriga zomin bo‘lmoqda. Ularning 6 milliondan ortig‘i iste'molchilar va sobiq tamaki iste'molchilari bo‘lsa, 890 mingdan ziyodiga esa tamaki tutuni sabab bo‘layotgani achinarlidir. Tamakiga qarshi keskin choralar ko‘rilmasa, 2030-yilga kelib yillik o‘limlar soni sakkiz milliondan oshishi mumkin.

Tamaki tutunida 4000 dan ortiq kimyoviy moddalar mavjud bo‘lib, ulardan kamida 250 ta zararli va 50 dan ortig‘i kanserogenlardir. Odatiy chekish natijasida kelib chiqqan pastki nafas yo‘llarining infeksiyalaridan dunyoda yiliga 5 yoshgacha bo‘lgan 165 ming nafar bola nobud bo‘lmoqda. Katta yoshga yetganlari esa ikkilamchi tutunning ta'sirini sog‘ligida his qilib turishadi. Kichik yoshida nafas yo‘lida yig‘ilib qolgan infeksiya katta yoshda ushbu a'zoda kasalliklar rivojlanishi xavfini oshiradi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ekspertlarining ta'kidlashicha, O‘zbekistonda kattalar orasida chekish ko‘rsatkichlariga ko‘ra, hozirgi kunda 2,8 million nafar sigaret chekuvchilardan 1,4 milliondan ziyodida (50 foizi) chekish tufayli erta o‘lim xavfi mavjud va tamaki mahsulotlariga qarshi faolroq choralar ko‘rilmasa, bu raqam yanada ortishi mumkin.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu yo‘nalishdagi ishlarni muntazam ravishda davom ettiradi. Xususan, iyun oyi davomida “Sog‘lom ovqatlanish – sog‘lom hayot demakdir”, “Zararli odatlar – umr kushandasi”, “Jismoniy faollik – uzoq umr ko‘rish garovi” shiorlari ostida o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech