29 May 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +33,3 °C

Fikr
5 May  2020 430

2020-yil bizga taqdim etgan maktablar, akademiyalar saboqlari...

Sevimli shoirimiz Muhammad Yusufning bir satri bor: “Toʻshak yetmay toʻnin toʻshaydi, Oʻzbek”. Biz shunday xalqmiz! Avvalo, dunyo boʻylab tarqagan pandemiyada, soʻngra Buxoroda sodir boʻlgan tabiiy ofat va nihoyat Sirdaryodagi suv toshqini xalqimizning kimligini namoyon etdi. Toʻy uchun, qiz chiqazaman, oʻgʻil uylantiraman deb yiqqanlarini hech oʻylab oʻtirmay, ikkilanmay sirdaryoliklarga berib yuboryapti. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xabarlarni kuzatar ekanman, saxovat va koʻmak tadbirlarida ishtirok etaman, hissa qoʻshaman deganlarning chek-chegarasi yoʻq. Savob umidida borini berishga tayyor boʻlgan xalqni yana qaydan topasiz.

Kecha oqshom 1966-yil Toshkentda sodir boʻlgan yer silkinishi – zilzila haqidagi hujjatli filmni 2-marta takror koʻrdim. Unda MDH mamlakatlari xalqlarining bir-biriga mehri, ular tomonidan barpo etilgan uylar, qurilgan dam olish maskanlari, koʻrsatilgan insonparvarlik yordamlari yoritilgan. Yana bir internet foydalanuvchisi, 1988-yil Armanistonda sodir boʻlgan ofatda Navoiy viloyatidan yuborilgan yordam haqidagi xabarni eslabdi. Nazarimda, xalqlarni toʻylar emas, tabiiy ofatlar koʻproq birlashtirar ekan. Sirdaryoda sodir boʻlgan tabiiy ofat Ona xalqimizni yana bir bor birlashtirdi. Bir necha kun ilgari filologiya fanlari doktori, yozuvchi Xurshid Doʻstmuhammad “2020-yil bizga juda koʻp maktablar, akademiyalar olib keldi” degan fikr bildirdi. Bu mulohaza zamirida shunday haqiqat yashiringanki, buni anglab yetish uchun uzoqqa borish shart emas. Uni oʻzimizdan, yurish-turishimizdan, vijdonimizdan qidirishimiz lozimga oʻxshaydi. Sevimli yozuvchimiz taʼkidlagan maktab va akademiyalar bu voqealardan chiqazadigan xulosalarimiz emasmi?

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan bir xabar meni juda taʼsirlantirdi. Toshkent shahar hokimligi Sardobaga yordam uchun maxsus hisob raqam ochgan edi. Kuni kecha bir bolakay Toshkent shahridagi “Navroʻz” toʻyxonasiga kelibdi. “Sizdan olmaymiz” deyishsa ham, “olasizlar” deb turib olgan. Jamgʻarmada jami 64 ming 50 soʻm pul chiqibdi. Bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev telegram kanalida vaziyatga baho berib “Menimcha, bu 64 mln soʻmdek qadrli. Bolaligidan qalbiga Alloh mehr-shafqat va bagʻriyenglikni solib qoʻyganiga shukr. Tarbiya bergan ota-onasiga ming rahmat” deydi. Bu holatni koʻrib, biz toʻgʻri yoʻldamiz, imon, eʼtiqod yoʻlidamiz deya bemalol ayta olamiz. Keyingi yillarda mamlakat rahbarining diniy va dunyoviy taʼlimga, mutolaa madaniyati, kitobga boʻlgan eʼtiborining hosilasi emasmi bu. Farzandlarimizning oqibatli, imon, eʼtiqodli, saxovatli boʻlib tarbiyalanayotganidan xursand boʻlasan odam.

Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari va rasmiy sayti orqali Sirdaryoga insonparvarlik yordami joʻnatilayotgani haqida xabar berdik. Xabarni oʻqiganlar poytaxtning turli chekkalaridan bizga aloqaga chiqishdi. Ulardan biri, farzandining baxt toʻyi uchun yiqqan 2 sandiq sarposini keltiribdi. Qoʻlida 400000 soʻm pul. Buni turmush oʻrtogʻim oyligidan ajratib berib yubordi. Buni kimga beray dedi. Masʼul xodimimiz, bizda hali koʻmak uchun hisob raqami ochilmagani bois, oziq-ovqatmi nima boʻlsa olib keling, men buni ololmayman debdi. Eʼtiborli tomoni, universitet joylashgan hududda istiqomat qiluvchi bizni kuzatib turgan, biz tanimagan aholi ham bu xayriya tadbiriga qoʻshildi. Oliy oʻquv yurti darvozasidan xayriya qilaman deb kirib kelayotganlarning oxiri koʻrinmayapti.

Saxovat va koʻmak tadbiridan biror-bir odam, biror-bir tashkilot chetda qolayotgani yoʻq. Oʻzbekiston Axborot agentligi, “Sevimli” telekanali tashabbusi bilan saxovat va koʻmak aksiyasi koʻtarinki ruhda tashkil etilgani, zarar koʻrgan aholi uchun kerakli buyumlar, koʻrpa-toʻshak, kiyim-kechak va oziq-ovqat mahsulotlari joʻnatilgani aks etgan ijtimoiy tarmoqlardagi, ommaviy axborot vositalaridagi xabar va postlar odamni hayratga solmay qoʻymaydi. Hokimliklarning bu aksiyadagi ishtirokini eʼtirof etish kerak. Hattoki, Toshkent shahar hokimligining hozircha koʻmakni toʻxtatib turinglar koʻrinishidagi chaqirigʻidan ham bilish mumkinki, savob umidida boʻlganlar soni shunchalar koʻpki, ularni peshma-pesh Sirdaryoga yetkazib berish uchun imkoniyat chegaralangan. Boshqa din va millat vakillari ham saxovat tadbirlaridan chetda emas. Xorijdagi vatandoshlarimiz ham xayriyaga qoʻshildi. Demak, xalqimiz oqibatli. Ular borini berishga tayyor. Sen toshkentlik, men qashqadaryolik, sen oʻzbek, men rus degan mahalliychilik, millatchilikni keltirib chiqazadigan tushunchalar oʻrnini, bir tanu bir jon boʻlib millat qaygʻusi, Oʻzbekiston uchun yashayotgan,el boʻlib, xalq boʻlib balolarga qalqon boʻlayotgan ezgulik, saxovat, bagʻrikenglik yuz koʻrsatayotgan yaxshiliklar egallamoqda.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ichki ishlar xodimlari, harbiylar Sirdaryoda kunni kun, tunni tun demay ofat oqibatlarini bartaraf etish uchun harakat qilmoqda. “Sardoba” suv ombori fojialaridan keyingi qutqaruv ishlarida Milliy gvardiyaning 2 xodimi jabr koʻrgan. Ulardan biri serjant Husniddin Suyarov vafot etdi. Yana biri qidirilmoqda. Millat shahid ketgan oʻgʻlonini, fidoiylarni unutmaydi. Vaqtinchalik yashash joylari bilan taʼminlangan, birozgina qoʻrquv va sarosimaga tushib qolgan aholi vakillaridan xabar olish, yoʻqlash uchun fan va taʼlim fidoiylari, ijodkorlar, psixologlar, jurnalistlar, blogerlar va boshqa kasb vakillarini uchratish mumkin. “Biz siz bilan birgamiz” singarichaqiriqlar bilan koʻmakka shoshayotgan, el dardini tinglab, el dardiga sherik boʻlayotgan yurtdoshlarimiz biz bugun juda katta sinovdan oʻtyapmiz.

Yurtdoshlarimizdan birining ijtimoiy tarmoqlarda bildirgan fikrini qoʻllab-quvvatlashni istadim. Sirdaryoda zarar koʻrgan har bir mahalla va qishloq har bir viloyatga berilsayu, oʻsha manzil obod etilsa. Yaxshi niyat bilan yangi mahalla, yangi koʻchalar paydo boʻlsa. Bu sirdaryoliklar uchun juda katta sovgʻa boʻlib, ularning qalbida bir umr qoladi. Kamera koʻtarib yurgan fotograflarimiz, tasvirchilarimiz yozuvlarida bu ofatlar muhrlanmoqda. Ijodkorlar el-yurt qaygʻusini sheʼrlarida, ijodiy ishlarida berib bormoqda. Bugun ommaviy axborot vositalarida bu bosh mavzuga aylangan. Ijtimoiy tarmoqlar oqibat va mehrga, saxovat va koʻmakka, yaxshilik va ezgulikka yoʻgʻrilgan postlar bilan toʻla. Kimningdir masʼuliyatsizligi, beeʼtiborligi, loqaydligi, ochkoʻzligi oqibati deb qarayotgan, adolat tantana qilinishini istagan yurtdoshlarimizni ham tushunsa boʻladi. Xato va kamchiliklarimiz shunday paytlarda yaqqol koʻrinadi. Xulosa qilib aytganda, 2020-yil bizga juda katta dars, saboq boʻldi. Keyingi bir asrda bir martayam qayd etilmagan pandemiyani koʻrdik. Buxoroda istiqomat qiluvchi 70 dan oshayotgan ota-onam viloyatda sodir boʻlgan bunday ofatni birinchi marta koʻrayotganlarini hadik bilan aytadilar, internetingga qara, bugun qanday ob-havo kuzatilar ekan bolam degan sarosima bilan soʻraydigan boʻlib qolishdi. Sirdaryoda sodir boʻlgan bunday koʻlamdagi suv toshqini va talofatni bu xalq koʻrmagan edi. Yozuvchi Xurshid Doʻstmuhammad haq. Bunday dars va saboqlarni biror maktab yoki akademiyada oʻqib ham olish qiyin. Shuning uchun ham 2020-yil bizga juda katta maktab, akademiyalarni sovgʻa qildi, deyish mumkin. Mehr, oqibat, saxovat, birdamlik, ahillik, hamjihatlik, sadoqat, masʼuliyat singari tuygʻular qayta yuz koʻrsatdi. Bu sinovlardan qoʻlni-qoʻlga berib, bir tanu bir jon boʻlib albatta oʻtamiz.

Amrullo Karimov

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech