21 Iyun 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +23,5 °C

Bo‘sh vaqtda
6 Aprel  2019 1230

Shoxdor odamlar

Tabiat, umuman, atrof-muhit sir-sinoatga to‘la. Ikki boshli odam, uch ko‘zli qizaloq, to‘rt oyoqli ayol va hokazo. Endi keling, shoxdor odamlar haqida ham gaplashsak. Ular haqiqatan ham bor.

Uddaburon chol

Ayrimlarni «shoxdor» deyishsa, qattiq xafa bo‘lishadi. Ammo bu gap xitoylik 75 yoshli Vong Yangga zig‘ircha ta'sir qilmagan. Qaytanga bu laqabga falsafiy nuqtai nazardan yondashgan. Negaki, uning peshanasidan rosmanasiga besh santimetrlik shox o‘sib chiqqandi-da! Avvaliga bu «sovg‘a» uning kayfiyatini tushirgandi, albatta. Shifokorlar ham tekshira-tekshira, oxiri operatsiya qilishdan bosh tortishgan.

Vong Yang o‘ylab-o‘ylab, o‘zidagi bu «nuqson»dan unumli foydalanishga qaror qildi. Shoxi bilan turli buyumlarni ko‘tarishni mashq qila boshladi va tez orada nomi chiqdi. Vong Yang 14 dona g‘ishtni shoxida bemalol ko‘tara olgan. «Ginnessning rekordlar kitobi»ga kirishni niyat qilganini hyech kimdan yashirmasdi.

Sirli sivilizatsiya

Qadimgi haykaltaroshlik, rassomchilik namunalarida shoxli odamlarni tasvirlash rusum bo‘lgan. Mutaxassislarning fikriga qaraganda, bu ijodkorlardagi xayoliy tasavvurning mahsuli emas. Ayrim manbalarda keltirilishicha, butun dunyoni suv bosishidan oldin hozirgi Xitoy hududi joylashgan yerlarda shoxli odamlarning taraqqiy etgan sivilizatsiyasi bo‘lgan ekan. Mazkur taxmin yaqinda o‘z isbotini topganday bo‘ldi ham. Xitoy va Mo‘g‘uliston chegaralari o‘rtasida qadimgi, shoxdor odamlar ko‘milgan qabrlar topilgan. Ularning bosh chanog‘idagi shoxlari yaxshigina

saqlanib qolgan.

Yomonliksiz yaxshilik bo‘lmas

Yuqoridagi noyob holatlarga dunyoning boshqa burchaklarida ham duch kelingan. Bu esa shoxdor odamlarning avlodi butun yer yuziga tarqalib ketgan, degan xulosaga olib keladi. Ayrim olimlarning keltirishicha, bir zamonlar butun yevropa shoxli odamlardan iborat bo‘lgan ekan. Professor Benjamin Glyuk, kimning boshida shoxsimon o‘simta bo‘lsa, uni askarlikka olishganini yozadi. Mustahkam va katta shox egasining nufuzi baland bo‘lgan emish!

Agar boshdagi shox yoki o‘simtani jangda yo‘qotib qo‘ysa, bunday odamni sharmandalarcha askarlikdan haydab yuborishgan. Oila a'zolari ham undan jirkanib, og‘ir ishlarni qilishga majburlashgan.

Shoxsiz, dumaloq kalla bilan tug‘ilganlar esa ikkinchi navli odamlar sanalgan. Shoxdor xalq bunday kishilardan hazar qilgan. Ular qishloqlardan ko‘chib ketib, o‘z qishloqlarini barpo qilishga mahkum edilar. Asosan, chorvachilik va dehqonchilik bilan tirikchilik qilishgan.

Har to‘kisda bir ayb, deganlaridek, shoxdor odamlarning xotini o‘z erini jangu jadallardan qaytishini kutaverib qiynalgach, shoxsiz odamlar bilan xufyona don olisha boshlashgan. Ulardan farzandlar ham ko‘rishgan. Buning qanchalik haqiqatga yaqinligi borasida biror gap aytish mushkulu ammo xuddi o‘sha damlardan boshlab, «shoxdor» (ruschada «рогоносец») so‘zining asl ma’nosi o‘zgarib, «xotini xiyonat qilgan er»ga aylangan emish!

Jarrohlardan yordam so‘rab…

Bir paytlar Volin oblasti (Rossiya)dagi 76 yoshli kampirning 16 santimetrlik shoxini jarrohlik yo‘li bilan kesib tashlashgandi. Bu o‘simta bir necha yil oldin paydo bo‘lgan ekan. Kampir shoxini hyech kimga bildirmay, vaqti-vaqti bilan qip-qizil cho‘g‘ holiga keltirilgan sim yordamida choliga kestirib turgan. qanchalik kuchli og‘riqni boshidan kechirganini his qilgandirsiz? Shox esa har kesilganida avvalgisidan ham tezroq o‘savergan. Oxiri jarrohlarga murojaat qilishdan boshqa chorasi qolmabdi. Kampirdagi bu holat, o‘zining aytishicha, qorong‘ida bilmasdan boshini eshikka urib olganidan so‘ng boshlangan ekan.

Chjanzyan (Xitoy) shahrida istiqomat qiluvchi kampirsho Chjaoning ham peshanasida shoxi bor. Dastlab oddiygina xol edi. O‘n santimetrlar o‘sgach, uchi pastga qarab o‘sa boshladi.

Chjao xonim ko‘pchilik shoxdor kishilarda kuzatilgani kabi o‘z «taqinchog‘i»dan uyalib-netib yurmaydi. Shoxini kesib tashlashlari uchun jarrohlarga murojaat qilgan. Ammo nomus qilganidan emas, balki shoxi unga ko‘rishga xalaqit berayotgani sababli.

Ota-onalar dahshatga tushgan

Bugun hayot butunlay boshqacha bo‘lib ketgan. Shoxlaridan qanday qutulishni bilmay yurgan qariyalarni hozirgi Amerika yoshlari hayotdan orqada qolgan, deb hisoblaydi. Ular orasida shoxlarini umrbod tushmaydigan qilib bosh chanog‘iga o‘rnatishni istaydiganlari ham ko‘plab topiladi. «Va-u-u! Axir juda zo‘r-ku! Ko‘chada seni ko‘rgan kishi joyida haykalday qotadi», deyishadi. Bu aqli zaiflikka olib kelishini esa bilishmaydi. «Go‘zallik qurbonlik talab qiladi», degan gap ham bor. Lekin bunday ishga qo‘l uradiganlarning aqli ilgari ham bormidi o‘zi, deb o‘ylanib qolasan. Negaki, sog‘ odamning bunday qilmasligi aniq-da!..

Nurbek G‘AFFOROV tayyorladi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech