21 Iyul 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +41,2 °C

Tashvishli xabar
20 Iyun  2019 1155

Sirdaryoda bog‘cha bolalarning zaharlanishiga ichimlik suvi sabab bo‘lgan

18-19-iyun kunlari Boyovut tumani shifoxonasining yuqumli kasalliklar bo‘limiga 21-MTMning 3 xodimi va 22 tarbiyalanuvchisi “o‘tkir ichak kasalligi, ovqat toksikoinfeksiyasi” alomatlari bilan keltirilgan. Maktabgacha ta'lim vazirligi ishchi guruhi zaharlanish sabablariga doir xizmat tekshiruvi o‘tkazdi, deb xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

Aniqlanishicha, zaharlanishga iste'mol uchun yaroqsiz bo‘lgan ichimlik suvi sabab bo‘lgan. Gap shundaki, Sirdaryo viloyati Boyovut tumanida markazlashgan ichimlik suvi ta'minoti mavjud emas. 17-iyun kuni 21-MTMga ichimlik suvi keltirilmagan va muassasa mudirasi maskan ehtiyojlari uchun iste'molga yaroqsiz bo‘lgan ichimlik suvi(kanal suvi)dan foydalanishga qaror qilgan. Bu esa bolalar va xodimlarning shifoxonaga tushishiga olib kelgan.

Belgilangan qoidalarga ko‘ra, markazlashgan ichimlik suvi ta'minoti bo‘lmasa, mahalliy hokimiyat idoralari MTMga ichimlik suvi tashib keltirilishini ta'minlashi zarur. Boyovut tumani maktabgacha ta'lim bo‘limi mudirasi ishchi guruhga 21-maktabgacha ta'lim muassasasini ichimlik suvi bilan ta'minlashga doir shartnomani ko‘rsata olmadi. Sanitar-epidemiologik nazorat tomonidan MTMni ochishga ruxsat berilishi sabablari Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda aniqlanadi.

Shuningdek, 21-MTMda ichimlik suvi zaxirasining yo‘qligi ham aniqlangan. Ichimlik suvi zahirasi maxsus hajmli idishlarda sanitar me'yorlarga amal qilingan holda saqlanishi kerak.

Xabarda aytilishicha, Maktabgacha ta'lim vazirligi xizmat tekshiruvini davom ettiradi, uning natijalariga ko‘ra, aybdorlarga qonunchilikda belgilangan choralar qo‘llaniladi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech