16 Oktyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +16,6 °C

Hujjatlar
20 Sentyabr  2019 145

Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻzarxiv” agentligi faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida arxiv ishi va ish yuritishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 20-sentyabrdagi PF–5834-son Farmoni ijrosini taʼminlash hamda Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻzarxiv” agentligi (keyingi oʻrinlarda – Agentlik) faoliyatini takomillashtirish maqsadida:

1. Quyidagilar:

Agentlikning tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;

boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 20 nafardan iborat Agentlik markaziy apparatining tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar arxiv ishi boshqarmalarining (keyingi oʻrinlarda – hududiy boshqarmalar) namunaviy tuzilmalari va boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 3-ilovaga muvofiq;

Oʻzbekiston Respublikasida 2020-2025 yillarda arxiv ishi va ish yuritishni yanada rivojlantirish dasturi 4-ilovaga muvofiq;

2020-2025 yillarda davlat arxivlari binolarini va saqlovxonalarini qurish dasturi 5-ilovaga muvofiq;

2023-2025 yillarda davlat arxivlari binolarini rekonstruksiya qilish dasturi 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Belgilansinki, Agentlik markaziy apparati va Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar arxiv ishi boshqarmalari tuzilmasiga qoʻshimcha kiritilayotgan shtat birliklari tegishli byudjet tashkilotlari shtat birliklari sonini kerakligicha qisqartirgan holda, ularni moliyalashtirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan ajratiladigan mablagʻlar hisobidan taʼminlanadi.

2. Agentlikning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

arxiv ishi va ish yuritish sohasida yagona davlat siyosatini yuritish va nazoratni amalga oshirish;

Milliy arxiv fondining hujjatlarini jamlash, ularning saqlanishini, davlat hisobiga olinishini taʼminlash va ulardan keng foydalanish;

davlat arxivlarini boshqarish va ularning samarali faoliyat koʻrsatishini taʼminlash;

arxiv xizmatlarini koʻrsatishda nodavlat sektorni yanada rivojlantirish, arxiv ishi sohasida davlat-xususiy sheriklik uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;

arxivshunoslik, arxeografiya, ish yuritish, elektron hujjat aylanishi sohasida ilmiy, metodik ishlarni tashkil etish va muvofiqlashtirish, ilmiy tadqiqotlar natijalarini va ilmiy-texnika yutuqlarini respublika arxivlari amaliyotiga joriy etish;

zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda muntazam ravishda arxiv ishi va ish yuritish sohasida faoliyat koʻrsatayotgan xodimlarning malakasini oshirish tizimini shakllantirish;

arxiv ishi va ish yuritish sohasidagi mamlakatimiz va xorijiy davlatlarning ilgʻor ish tajribasini oʻrganish va ommalashtirish, xorijiy arxivlarda saqlanayotgan Oʻzbekiston tarixiga oid arxiv hujjatlari nusxalarini olib kelish.

3. Agentlik direktoriga quyidagi huquqlar berilsin:

Agentlik, uning hududiy boshqarmalari va idoraviy boʻysunuvidagi tashkilotlari tuzilmalariga boshqaruv xodimlarining cheklangan soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida oʻzgartirishlar kiritish;

mahalliy va xorijiy malakali mutaxassislarni xodimlar va maslahatchilar sifatida, ularga istisno tariqasida Arxiv ishini rivojlantirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda – Jamgʻarma) mablagʻlari hisobidan ish haqi va boshqa toʻlovlarni belgilagan holda, jalb qilish.

4. Belgilansinki, Agentlik va uning hududiy boshqarmalari xodimlari oʻz vakolati doirasida arxiv hujjatlarini topshirishning, saqlashning, ulardan foydalanishning, xuddi, shuningdek, arxivlar va idoraviy arxivlar tomonidan xizmatlar koʻrsatishning belgilangan tartibini buzganlik holatlari yuzasidan maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisida bayonnomalar tuzish huquqiga egadirlar.

5. Belgilab qoʻyilsinki, Arxiv ishi va ish yuritish boʻyicha malaka oshirish ilmiy-metodik markazida (keyingi oʻrinlarda – Markaz):

arxiv ishi va ish yuritishning zamonaviy talablari va jarayonlarini hisobga olgan holda davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro hokimiyati organlari hamda boshqa tashkilot va muassasalar arxivchi va ish yurituvchi kadrlarini uch yilda kamida bir marta malakasini oshirish;

boshqa soha mutaxassislarining arxiv ishi va ish yuritish boʻyicha bilimlarini oshirish yuzasidan oʻqishlar tashkil etish;

arxiv ishi va ish yuritishga oid respublika va xalqaro miqyosda seminarlar, konferensiyalar, anjumanlar tashkil etish;

arxiv ishi va ish yuritish sohasida ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish;

arxivchi va ish yurituvchi kadrlarning malakasini oshirish masalalari yuzasidan xalqaro tashkilotlar hamda xorijiy davlatlar taʼlim muassasalari bilan oʻzaro hamkorlik ishlari amalga oshiriladi.

6. Quyidagilar Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari etib belgilansin:

davlat arxivlari pullik xizmat koʻrsatishdan olingan daromadining 20 foizi miqdoridagi yillik majburiy ajratmalar;

Markazning pullik xizmat koʻrsatishdan olingan daromadining 30 foizi miqdoridagi ajratmalar;

Jamgʻarma mablagʻlarini tijorat banklari depozitlariga qoʻyishdan olingan daromadlar;

yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari, xalqaro tashkilotlarning grantlari;

qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Belgilansinki, Jamgʻarma mablagʻlari quyidagilarga sarflanadi:

davlat arxivlarining binolari va saqlovxonalarini taʼmirlash hamda qurish;

davlat arxivlarida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini va xavfsizlik tizimlarini joriy qilish;

xorijiy davlatlardan Oʻzbekiston tarixiga oid arxiv hujjatlari nusxalarini qaytarish;

arxiv ishi sohasida turli konferensiyalar, seminarlar va boshqa tadbirlarni oʻtkazish;

Agentlik, uning hududiy boshqarmalari va idoraviy boʻysunuvidagi tashkilotlari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash;

Agentlik, uning hududiy boshqarmalari va idoraviy boʻysunuvidagi tashkilotlari xodimlarini xorijiy davlatlarning ilmiy-tadqiqot, taʼlim va boshqa muassasalarida oʻqitish, malakasini oshirish va stajirovkadan oʻtkazish;

Agentlik, uning hududiy boshqarmalari va idoraviy boʻysunuvidagi tashkilotlari xodimlariga mamlakatda va xorijdagi xizmat safarlari xarajatlarini toʻlab berish;

Agentlik faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan boshqa tadbirlar.

7. Agentlik direktoriga Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan Agentlikning markaziy apparati va hududiy boshqarmalar xodimlariga asosiy egallab turgan lavozimlari boʻyicha lavozim maoshlariga, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa toʻlovlardan qatʼiy nazar, ustama va boshqa ragʻbatlantiruvchi toʻlovlarni belgilash huquqi berilsin.

8. Belgilansinki, 2019-yil 1-oktyabrdan:

Agentlik markaziy apparati va hududiy boshqarmalari xodimlarining lavozim maoshlarini Yagona tarif setkasi boʻyicha mehnatga haq toʻlashning tasdiqlangan razryadlariga asosan belgilashda tarif koeffitsiyenti 1,6 baravarga oshirgan holda qoʻllaniladi;

Agentlik markaziy apparati va hududiy boshqarmalari xodimlariga sohada uzoq muddat xizmat qilgani uchun ish haqiga ustama haq toʻlanadi.

Ushbu bandni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadi.

9. Toshkent shahar hokimligi va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ikki oy muddatda Oʻzbekiston milliy arxivlari binosi qurilish davrida Agentlikni davlat tasarrufidagi boʻsh turgan obyektlarga vaqtinchalik joylashtirishga koʻmaklashsin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi uch oy muddatda:

Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻzarxiv” agentligi;

arxiv ishi va ish yuritish holati boʻyicha davlat nazoratini amalga oshirish tartibi;

Arxiv ishini rivojlantirish jamgʻarmasi;

Arxiv ishi va ish yuritish boʻyicha malaka oshirish ilmiy-metodik markazi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlasin.

11. Agentlik manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

12. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

 

Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidenti                              Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2019-yil 20-sentyabr.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech