16 Oktyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +22,5 °C

Hujjatlar
21 Sentyabr  2019 176

Qurilish sohasiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Oʻtgan yillar mobaynida mamlakatimizda shahar va qishloq aholi punktlarida zamonaviy arxitektura qiyofasini shakllantirish, qurilishni jadallashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi va qurilish sohasida davlat boshqaruvining samarali mexanizmlari joriy etildi.

Shu bilan birga, tahlillar natijalari qurilish sohasida shaffoflikni taʼminlashda bir qator kamchiliklar mavjudligini koʻrsatdi. Jumladan, manfaatdor shaxslar va jamoatchilik qurilish ishlari borishini kuzatish imkoniyatiga ega emas, mablagʻlardan notoʻgʻri foydalanish, obyektlarni oʻz vaqtida topshirmaslik, qurilishda past sifatli materiallardan foydalanish, qurilish ishlariga sohaning mutaxassisi boʻlmagan xodimlarni jalb qilish qurilish ishlarining sifatsiz bajarilishiga olib kelmoqda, respublika byudjeti mablagʻlari, maqsadli jamgʻarmalar va buyurtmachilarning ortiqcha xarajatlariga sabab boʻlmoqda.

Qurilish vazirligi moddiy-texnik bazasining talab darajasida emasligi qurilish sohasidagi davlat xizmatlari koʻrsatish muddatlari buzilishiga, joylardagi qurilish boshqarmalari va boʻlinmalarining faoliyatini samarali tashkil etishga toʻsqinlik qilmoqda.

Qurilish sohasida korrupsiya va byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish orqali qurilish jarayonlarining barcha bosqichida jamoatchilik uchun shaffoflikni taʼminlash maqsadida:

1. Quyidagilar:

a) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi hamda Qurilish vazirligining:

Qurilish vazirligi faoliyatiga “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimini joriy etish va uni 2020-yil 1-iyunga qadar Toshkent viloyatida markazlashtirilgan moliyalashtirish manbalaridan, shu jumladan, investitsiya loyihalari hisobidan moliyalashtiriladigan obyektlar (keyingi oʻrinlarda – obyektlar) qurilishi jarayonida tajriba tariqasida ishga tushirish;

tajriba natijalariga asosan “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimini 2021-yil 1-yanvarga qadar Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida real vaqt rejimida ishlashini taʼminlash;

b) Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligining 2020-yil 1-martga qadar davlat shaharsozlik kadastrini yuritish hamda shaharsozlik hujjatlari va maʼlumotlarini jamoatchilikka onlayn rejimda taqdim etish imkonini beruvchi “Oʻzbekiston Respublikasi davlat shaharsozlik kadastri” geografik axborot tizimi (geoportal)ni ishlab chiqish va test rejimida ishga tushirish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.

2. Quyidagilar “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimining asosiy vazifalari etib belgilansin:

obyektlarning manzilli dasturi, tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda ishlab chiqilgan obyektlarning yillik manzilli roʻyxati shakllantirilishini, maʼlumotlar bazasini yangi qurilish, rekonstruksiya va kapital taʼmirlash obyektlari boʻyicha turlarga boʻlib yuritilishini taʼminlash;

obyektlarning loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishda hududiy yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyalari tomonidan loyihaoldi ishlarining amalga oshirilishi, buyurtmachi bilan loyiha tashkiloti oʻrtasida shartnoma tuzilishi va avans mablagʻlari ajratilishi hamda ishlar tugallanganligi toʻgʻrisidagi aniq va ishonchli maʼlumotlarning muntazam elektron bazaga kiritib borilishi va yuritilishini taʼminlash;

loyiha-smeta hujjatlarini ekspertizadan oʻtkazishda buyurtmachi va ekspertiza tashkiloti oʻrtasida tuzilgan shartnomalar, koʻrsatilgan xizmatlarning moliyalashtirilganligi, tugallangan loyiha-smeta hujjatlarining ekspertizadan oʻtkazilganligiga oid elektron maʼlumotlar bazasini shakllantirish;

obyektlar qurilishini moliyalashtirishda pudratchi bilan buyurtmachi oʻrtasida shartnoma imzolanganligi va avans mablagʻlari toʻlanganligi, oyma-oy bajarilgan ishlarning hisobotini yuritish va bajarilgan ishlarga nisbatan mutanosib ravishda moliyalashtirilganligi toʻgʻrisidagi aniq va ishonchli maʼlumotlarning elektron bazasini shakllantirish;

obyektlar qurilishida ishtirok etayotgan barcha pudratchilar va yordamchi pudratchilar haqida maʼlumotlarni yigʻish, bajarilgan ish hajmlari asosida toʻlovlarni oʻz vaqtida amalga oshirish, ular tomonidan amalga oshirilayotgan ish turlari boʻyicha maʼlumotlar bazalarini shakllantirish

obyektlarda qurilish jarayonlarini nazorat va monitoring qilishda ularni roʻyxatga olish, qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyalari tomonidan amalga oshirilayotgan nazorat tekshiruvlarini
va koʻrsatib oʻtilgan kamchiliklarni qayd etish, ularni bartaraf etish boʻyicha maʼlumotlar bazalarini shakllantirish.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi:

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi hamda “Oʻzbekiston Respublikasi davlat shaharsozlik kadastri” geografik axborot tizimi (geoportal)dan foydalanish reglamenti loyihasini ishlab chiqsin va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin;

2020-yil 1-yanvarga qadar “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimini ishlab chiqish va joriy etish boʻyicha konsepsiya va texnik topshiriq ishlab chiqsin;

“Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi va “Oʻzbekiston Respublikasi davlat shaharsozlik kadastri” geografik axborot tizimi (geoportal)ning belgilangan muddatlarda ishga tushirilishini taʼminlasin;

“Shaffof qurilish” milliy axborot tizimini idoralararo axborot tizimlari va maʼlumotlar bazalari, jumladan, “Oʻzbekiston Respublikasi davlat shaharsozlik kadastri” geografik axborot tizimi (geoportal) bilan integratsiyalash boʻyicha zarur choralarni koʻrsin.

4. Qurilish sohasida “Korrupsiyasiz soha” loyihasini amalga oshirish va shaffoflikni taʼminlashga xizmat qiluvchi axborot tizimlari joriy etilishini muvofiqlashtirish boʻyicha komissiya (keyingi oʻrinlarda – Komissiya) 1-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin va unga quyidagi vazifalar yuklatilsin:

qurilish sohasida “Korrupsiyasiz soha” loyihasini amalga oshirish yuzasidan chora-tadbirlarning oʻz vaqtida va samarali ijro etilishini tashkil etish va nazorat qilish;

Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish choralarini kuchaytirishga qaratilgan samarali “ijro etilishi yuzasidan nazorat” (compliance control) tizimi joriy etilishini taʼminlash;

qurilish sohasiga oid normativ-huquqiy hujjatlar hamda shaharsozlik normalari va qoidalari loyihalarida korrupsiyaga oid holatlarni keltirib chiqaruvchi normalarni aniqlash boʻyicha korrupsiyaga qarshi ekspertiza oʻtkazilishini tashkil etish;

“Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi hamda “Oʻzbekiston Respublikasi davlat shaharsozlik kadastri” geografik axborot tizimi (geoportal)ni ishlab chiqish va joriy etish boʻyicha tadbirlar rejalari tasdiqlanishini taʼminlash, mazkur tizimlarni belgilangan muddatlarda ishga tushirilishini nazorat qilish;

qurilish sohasiga axborot tizimlarini joriy etish orqali korrupsiya, byurokratik toʻsiqlar va tizimli muammolarni aniqlash, ularni bartaraf etish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;

qurilish sohasining shaffofligini taʼminlash maqsadida qurilish sohasiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish boʻyicha dasturlar ishlab chiqilishini tashkil etish va ularning belgilangan muddatlarda ijro etilishini monitoring qilish;

qurilish sohasiga axborot tizimlarini joriy etishda masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va hamkorligini taʼminlash;

joriy etilayotgan axborot tizimlarining joylarda samarali ishlashini va qoʻllanilishining yagona amaliyotini taʼminlash;

qurilish sohasiga axborot texnologiyalarining joriy etilishi, shu jumladan, ularning korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olishga taʼsiri boʻyicha maʼlumotlarning keng ommaga yetkazilishini tashkil etish.

Komissiya faoliyat natijalari, shu jumladan, axborot tizimlarini joriy etish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga har chorak yakunlariga koʻra axborot kiritsin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligining davlat muassasasi shaklidagi Qurilish sohasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazini (keyingi oʻrinlarda – Markaz) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilansin:

avtomatlashtirilgan axborot tizimlari, axborot resurslari va maʼlumotlar bazalarini yaratish, rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash, qurilish sohasida axborot xavfsizligini taʼminlash;

“Shaffof qurilish” milliy axborot tizimini yuritish va qoʻllab-quvvatlash;

Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish va zarur dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish;

markazlashtirilgan moliyalashtirish manbalaridan, shu jumladan, investitsiya loyihalari hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalarda qurilish jarayonini monitoring qilishni yoʻlga qoʻyish;

Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligining axborot tizimlari, resurslari va maʼlumotlar bazalarini yangilab borish choralarini koʻrish, ularning boshqa davlat organlarining axborot tizimlari bilan integratsiyasini taʼminlash;

Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi axborot xavfsizligiga tahdidlarni oʻz vaqtida aniqlash va unga qarshi kurashish, axborot xavfsizligi talablariga rioya etilishining nazoratini va monitoringini amalga oshirish, axborot tizimlari va maʼlumotlar bazalarida axborot xavfsizligini taʼminlash boʻyicha texnik infratuzilmani joriy etish va rivojlantirish;

axborot tizimlari, resurslari va maʼlumotlar bazalaridan foydalanish hamda axborot xavfsizligini taʼminlash yuzasidan qurilish sohasida ishtirok etuvchi idoralar xodimlarining bilim va koʻnikmasini oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;

turli axborot tizimlari va maʼlumotlar bazalarida axborot xavfsizligini taʼminlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi yagona serverini tashkil qilish, yuritish va rivojlantirish.

6. Quyidagilar Markaz faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari;

asosiy faoliyatdan olingan daromadlar;

xalqaro moliya institutlari grantlari;

yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

7. Shunday tartib belgilansinki, unga koʻra 2020-yil 1-yanvardan boshlab Oʻzbekiston Respublikasining Investitsiya dasturi, qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar boʻyicha arzon uy-joylar va shaharlarda arzon koʻp kvartirali uylar qurish dasturlari va shaharlarda arzon koʻp kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilish dasturlari doirasida jami qurilish xarajatlarining 0,05 foizi miqdoridagi mablagʻlar “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimini ishlab chiqish va qoʻllab-quvvatlash uchun obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash boʻyicha smeta xarajatlarida nazarda tutiladi hamda buyurtmachilar tomonidan Markaz hisob raqamiga oʻtkaziladi.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligining axborot-kommunikatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish uchun xarid qilinadigan kompyuter texnikasi, server qurilmalari, kommunikatsiya uskunalari va dasturiy taʼminot roʻyxati 2-ilovaga muvofiq maʼqullansin.

9. Davlat va xoʻjalik boshqaruv organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda davlat tashkilotlari rahbarlari oʻzlarining idoraviy axborot tizimlari va maʼlumotlar bazalarini “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimiga integratsiya qilishni va real vaqt rejimida uzluksiz ishlashini taʼminlasin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi shaharsozlik normalari va qoidalaridagi buyurtmachining boshqa xarajatlari tasnifiga “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimining asosiy vazifalarini bajarish hamda obyektlarning xavfsizligini taʼminlash boʻyicha monitoring olib borish yuzasidan belgilangan tartibda oʻzgartirishlar kiritilishini taʼminlasin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:

Qurilish vazirligining 2020-yilda ushbu qarorni amalga oshirish doirasidagi sarf xarajatlari uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlari doirasida mablagʻlar ajratsin va 2020-yildan boshlab har yili zarur byudjet mablagʻlarini nazarda tutsin;

2020-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan Qurilish vazirligiga mablagʻlar ajratilishi jarayonida 2-ilovaga muvofiq axborot-kommunikatsiya texnologiyalari infratuzilmasini yangilash uchun zarur uskunalarni xarid qilishni eʼtiborga olsin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida takliflar kiritsin.

13. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidenti                             Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2019-yil 20-sentyabr.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech