04 Iyun 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +26,7 °C

Hujjatlar
28 Aprel  2020 670

Koronavirus pandemiyasi davrida aholi va tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 19-martdagi “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF–5969-son va 2020-yil 3-apreldagi “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF–5978-son farmonlariga muvofiq, aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashni kengaytirish, iqtisodiyot tarmoqlarining barqaror faoliyat yuritishini taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Tadbirkorlik subyektlariga imtiyoz va preferensiyalar berildi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan tashkilotlar xodimlariga ish haqi, shuningdek, pensiya, stipendiya va nafaqalarning uzluksiz toʻlab berilishi taʼminlandi.

Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish davrida asosiy daromad manbalarini yoʻqotgan shaxslarni, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini va tadbirkorlik subyektlarini qoʻshimcha qoʻllab-quvvatlashni taʼminlash maqsadida:

1. Belgilansinki, 2020-yil 1-apreldan 2020-yil 1-oktyabrga qadar:

a) Oʻzbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondiga, “Saxovat va koʻmak” fondiga, “Oʻzbekiston mehr-shafqat va salomatlik” jamoat fondiga, shu jumladan, ularning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlardagi boʻlinmalariga, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan shakllantiriladigan ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga muhtoj boʻlgan jismoniy shaxslar roʻyxatiga kiritilgan jismoniy shaxslarga begʻaraz beriladigan:

pul mablagʻlari va tovarlar (xizmatlar)ga foyda soligʻini hisoblashda chegiriladigan xarajatlar sifatida qaraladi;

tovarlar (xizmatlar) qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilinadi va aylanmadan olinadigan soliq boʻyicha soliq solish obyektiga kiritilmaydi;

b) Oʻzbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondidan, “Saxovat va koʻmak” fondidan, “Oʻzbekiston mehr-shafqat va salomatlik” jamoat fondidan, yuridik va jismoniy shaxslardan olinadigan begʻaraz yordam (pul mablagʻlari, tovarlar va xizmatlar)ga, agar yordam oluvchi shaxslar mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan shakllantiriladigan ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga muhtoj boʻlgan jismoniy shaxslar roʻyxatiga kiritilgan boʻlsa, jismoniy shaxslarning daromadi sifatida qaralmaydi;

v) jismoniy shaxslarga turar joylarini jismoniy shaxslarga va koronavirus pandemiyasi davrida faoliyati toʻxtagan tadbirkorlik subyektlariga noturar joylarni ijaraga berishdan olingan jismoniy shaxslardan olinadigan daromadlar boʻyicha soliqni foizsiz kechiktirib toʻlash huquqi beriladi. Bunda, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻini toʻlash boʻyicha berilgan kechiktirish summasi 2021-yil 1-aprelga qadar muddatgacha teng ulushlarda toʻlanishi lozim;

g) lizing korxonalari tomonidan hisoblangan va kechiktirilgan lizing boʻyicha foiz daromadlari summasi foyda soligʻini hisoblashda kechiktirish berilgan davrdagi jami daromad tarkibiga kiritilmaydi;

d) tijorat banklarining kreditlari boʻyicha foiz xarajatlarini Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash Davlat jamgʻarmasi tomonidan kompensatsiya qilish tartibi tadbirkorlik subyektlarining amaldagi kredit shartnomalariga ham tatbiq qilinadi.

2. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2020-yilda xodimga toʻlanadigan, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻiga tortilmaydigan moddiy yordam summasi mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 4,22 baravaridan 7,5-baravarigacha oshiriladi.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligining pensiyalar toʻgʻri tayinlanishi hamda toʻlanishi boʻyicha tekshirishlar natijasida aniqlangan, ortiqcha toʻlangan pensiyalar boʻyicha 2020-yil 20-aprel holatiga pensionerlarning qarzdorlik summasini hisobdan chiqarish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

4. Belgilab qoʻyilsinki, 2020-yil 1-maydan boshlab barcha ishlovchi pensionerlarga (Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti hisobidan pensiya oluvchi shaxslardan tashqari) pensiyalar toʻlovi toʻgʻridan-toʻgʻri Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi tomonidan amalga oshiriladi.

5. Belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 3-apreldagi “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF–5978-son Farmonining 6-bandida nazarda tutilgan soddalashtirilgan tartibda soliqlarni toʻlash boʻyicha foizsiz kechiktirish (boʻlib-boʻlib toʻlash) berish muddati 2020-yil 31-dekabrgacha uzaytiriladi.

Mahalliy davlat hokimiyati organlari kechiktirish (boʻlib-boʻlib toʻlash) berilgan va kelgusida toʻlanadigan soliq summalarini toʻlash boʻyicha muddatni mustaqil ravishda, biroq ikki yildan oshirmasdan belgilash huquqiga ega ekanligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

6. Moliya vazirligi bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

7. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                                     Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,
2020-yil 27-aprel

 
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech