USD = 8069.29 SUM   EUR = 9403.14 SUM
Toshkent
Booked.net - Hotel reservations
+28°C

YXHT va O‘zbekiston o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha "yo‘l xaritasi" ishlab chiqiladi

Nashr qilingan sana: 10 11 2017

Samarqand shahrida 10-11-noyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan "Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik" mavzusidagi xalqaro konferensiya ishtirokchilaridan biri, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Tomas Greminger o‘z fikrlarini bildirdi.

– Samarqandda bo‘lib o‘tadigan nufuzli va muhim konferensiyaga taklif etgani uchun O‘zbekiston Respublikasi rahbariyatiga minnatdorlik bildiraman. Bu konferensiya zamonamizning dolzarb masalalari muhokamasiga qaratilgani bilan muhim ahamiyatga ega, deb o‘ylayman.

O‘zbekiston barqaror rivojlanish, mintaqada ishonch va hamkorlikni mustahkamlashga yo‘naltirilgan pragmatik siyosat olib bormoqda. Bu yondashuv mintaqa davlatlarining o‘zaro aloqalari rivojiga keng yo‘l ochmoqda.

Markaziy Osiyoning tinchligi va taraqqiyoti bizning tashkilotimiz uchun ham muhim. Bu o‘zaro hamkorlik salohiyatidan foydalanish imkoniyatlarini oshiradi.

2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi mamlakat hayotining barcha sohalarini qamrab olgan. Biz uni qo‘llab-quvvatlaymiz.

Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvda terrorizm, ekstremizm, transmilliy jinoyatchilikka qarshi kurashish, iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildik. YXHT va O‘zbekiston o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha "yo‘l xaritasi" ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.