Nashr qilingan sana: 25 10 2017
Germaniyaning “Touristik Aktuell” haftalik ixtisoslashgan jurnali sahifalarida Xivada bo‘lib o‘tgan “Xalqaro turizmning rivojida Ipak yo‘lining ta’siri” mavzusidagi konferensiya yakunlariga bag‘ishlangan maqola chop etildi, deb xabar beradi “Jahon” axborot agentligi.
Unda Jahon sayyohlik tashkiloti va Jahon banki ko‘magida tashkil etilgan ushbu tadbirda ko‘plab yetakchi xalqaro olimlar va ekspertlar qatnashgani aytiladi. Maqola muallifi Yurgen Baltes ta’kidlaganidek, qadimgi savdo yo‘lining qayta tiklanishi savdo-iqtisoiy aloqalar va sayyohlikning rivojlanishiga xizmat qiladi. Shu bilan birga YuNVTO va boshqa nufuzli tashkilotlar nafaqat tarixiy-madaniy va tabiiy merosni o‘rganish hamda avaylab-asrashga, balki qulay ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarni yaratishga ham alohida e’tibor qaratishayotgani qayd etiladi.
Nemis mutaxassisining yozishicha, O‘zbekiston o‘z tarixiy shaharlari bilan Markaziy Osiyoning yuragi sanaladi. Mamlakat rahbariyati turizmni muvaffaqiyatli rivojlantirish bo‘yicha barcha sa’y-harakatlarni ishga solmoqda va bu aholi farovonligining o‘sishida ham o‘z aksini topmoqda. Joriy yilning oktabr oyi boshida mazkur tashkilotning ishtirokida “Ipak yo‘lida turizm” deb nomlangan XXIII Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi muvaffaqiyatli bo‘lib o‘tganini ta’kidlaydi.
Olmon tilidagi jurnalning maqolasida, shuningdek, Toshkentda bo‘lib o‘tadigan yirik tadbirlar haqida ham ma’lumotlar keltirilgan. Xususan, “Mining World Uzbekistan” XII tog‘-kon ishi va uskunalar xalqaro ko‘rgazmasi hamda “UzAgroExpo-2017” XIII xalqaro qishloq xo‘jalik ko‘rgazmasi haqida xabar beriladi.