USD = 8069.29 SUM   EUR = 9403.14 SUM
Toshkent
Booked.net - Hotel reservations
+28°C

Yoshlar ittifoqi stipendiyasiga tanlov e’lon qilindi

Nashr qilingan sana: 24 10 2017

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi barcha oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotan bakalavr hamda magistr bosqichidagi talabalar uchun ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy va huquqiy savodxonligi hamda ijtimoiy faolligiga qarab beriladigan rag‘batlantiruvchi “Yoshlar ittifoqi” stipendiyasi ta’sis etilganini ma’lum qildi.

Mazkur stipendiya yilning o‘n oyi davomida to‘lab beriladigan to‘lov shaklida tashkil qilinib, uning miqdori eng kam ish haqining ikki barobari etib belgilandi. Stipendiya nizomida aytilishicha, “Yoshlar ittifoqi” stipendiati bo‘lish uchun faqat oliy ta’lim muassasalarida tahsil oluvchi O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan talabalar o‘z hujjatlarini taqdim etishlari mumkin. Nomzodlarga hujjatlarni 2-kursdan boshlab topshirishga ruxsat etiladi. Shuningdek, nomzodlarning hujjatlari o‘tgan o‘quv yilida yaxshi va a’lo baholarga o‘zlashtirgan taqdirda qabul qilinadi.

“Yoshlar ittifoqi” stipendiyasiga tanlov uch bosqichda tashkil etiladi. Birinchi bosqichda nomzodlarni anketa va hujjatlari ittifoqning oliy ta’lim muassasalaridagi boshlang‘ich tashkilotlarida har o‘quv yilining 30-oktabriga qadar qabul qilinadi. Nomzodlar hujjatlarini oliy ta’lim muassasalaridagi boshlang‘ich tashkilotning yoshlar kengashi ko‘rib chiqadi hamda munosib nomzodlarni o‘quv yilining 15-noyabriga qadar ittifoqning tuman (shahar) kengashlariga taqdim etadi. Nomzodlarning hujjatlari tuman (shahar) kengashlari tomonidan ko‘rib chiqilib, saralangan nomzodlar o‘quv yilining 1-dekabriga qadar ittifoqning hududiy kengashlariga taqdim etiladi.

Ikkinchi bosqich saralash bosqichi bo‘lib, unda ittifoqning hududiy kengashi qoshida ishchi guruh tuzilib, hududdagi barcha oliy ta’lim muassasalaridan kelgan nomzodlarning hujjatlari o‘rganib chiqiladi va ularning ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-huquqiy savodxonligini aniqlashga qaratilgan test imtihonlaridan yuqori ball to‘plagan har bir oliy ta’lim muassasalaridan 5 nafargacha munosib nomzodlar saralab olinadi.

Nomzodlar ittifoq tomonidan ta’sis etilgan loyihalarga taklifi hamda innovatsion g‘oyasini davlat tilida 250-350 so‘zdan iborat insho shaklida yozib taqdim etadi (bunda davlat tilini bilish darajasi inobatga olinadi).

Uchinchi, yakuniy bosqichga yo‘llanma olgan ishtirokchilarning ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-huquqiy savodxonligi hamda loyiha taqdimoti baholanadi. Markaziy Kengashning yo‘nalishlar bo‘yicha bo‘lim mudirlaridan tashkil etilgan ishchi guruh tomonidan nomzodning ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-huquqiy savodxonligi hamda loyihasi taqdimotiga qaratilgan suhbat tashkil etiladi. Suhbat va baholash natijalariga ko‘ra munosib ko‘rilgan nomzodlar Yoshlar ittifoqi stipendiyasi sohibi deb topiladi.

Ko'rishlar soni

370