USD = 8085.11 SUM   EUR = 9487.07 SUM
Toshkent
Booked.net - Hotel reservations
+28°C

Shaxmat bo‘yicha jahon chempioni, yosh xalqaro grossmeysterga Prezident sovg‘asi topshirildi

Nashr qilingan sana: 01 11 2017

Jahon chempioni, xalqaro grossmeyster Nodirbek Abdusattorov Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan eng so‘nggi rusumdagi zamonaviy noutbuk bilan taqdirlandi.

Yosh shaxmatchimiz Nodirbek Abdusattorov 2011-yili ikki yirik musobaqa – Hindistonda maktab o‘quvchilarining Osiyo chempionatida oltin va Filippinda o‘smirlar o‘rtasidagi qit’a birinchiligida bronza medalni qo‘lga kiritgan. 2012-yil Sloveniyaning Maribor shahrida o‘tkazilgan jahon chempionatida oltin medalga sazovor bo‘lgan, Hindistonning Dehli shahrida maktab o‘quvchilari o‘rtasidagi VIII Osiyo chempionatining rapid – tezkor shaxmat bahslarida kumush medal bilan taqdirlangan.

2014-yili poytaxtimizda o‘tkazilgan shaxmat bo‘yicha Osiyo chempionatida Nodirbek Abdusattorov o‘n yoshgacha bo‘lgan shaxmatchilar bahsida shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarilgan, blits turnirda esa kumush medalni qo‘lga kiritgan. Janubiy Afrika Respublikasining Durban shahrida bo‘lib o‘tgan shaxmat bo‘yicha 8-18 yoshli o‘g‘il-qizlar o‘rtasidagi jahon chempionatida ikkinchi o‘rinni egallagan.

2016-yili Rossiyaning Sochi shahri mezbonlik qilgan maktab o‘quvchilari o‘rtasidagi jahon chempionatida ikkita oltin medalga sazovor bo‘lgan. 2016-2017 yillarda Rossiya va Birlashgan Arab Amirliklarida o‘tkazilgan nufuzli musobaqalarda munosib ishtirok etib, xalqaro grossmeyster talabini bajargan, deb xabar beradi O‘zA

Ko'rishlar soni

430