USD = 8069.29 SUM   EUR = 9403.14 SUM
Toshkent
Booked.net - Hotel reservations
+28°C

O’zbekistonda buyrak va jigar bo’lagini transplantatsiya qilish tartibi tasdiqlandi

Nashr qilingan sana: 24 10 2017

Joriy yilning 23-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Yaqin qarindoshlar orasida buyrak va (yoki) jigar bo‘lagini transplantatsiya qilish tartibi to‘g‘risidagi Vaqtinchalik nizomni tasdiqlash haqida” qarori qabul qilindi.


Unga ko‘ra tirik donor va retsipiyentlardan ularning yaqin qarindosh ekanligini tasdiqlovchi hujjatlar talab etiladi. 18 yoshga to‘lmagan, belgilangan holatda o‘zini o‘zi boshqara olmaydigan deb topilgan, ozodlikdan mahrum qilingan, I va II guruh nogironlari, homilador ayollar, narkomaniya, surunkali alkogolizm va toksikomaniyaga chalingan shaxslardan transplantatsiya maqsadida buyrak va (yoki) jigar bo‘lagini olishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Transplantatsiya faqatgina akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy jarrohlik tibbiyot markazi, Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazi va Toshkent shahar nefrologiya shifoxonasidagina amalga oshirilishi belgilandi. Shuningdek, transplantatsiyaga nisbatan ko‘rsatma va qarshi  ko‘rsatmalar, uni bajarish tartibi kabilar ham ko‘rsatib o‘tilgan.

Ushbu Vaqtinchalik nizom “Inson organlari, to‘qimalari va (yoki) hujayralarini transplantatsiya qilish haqidagi” Qonun kuchga kirgunga qadar amalda bo‘ladi.

Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish sog‘liqni saqlash vaziri hamda Vazirlar Mahkamasining Sog‘liqni saqlash, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, jismoniy tarbiya va sport masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklandi.

Ko'rishlar soni

365