USD = 8069.29 SUM   EUR = 9403.14 SUM
Toshkent
Booked.net - Hotel reservations
+28°C

YTTBning Toshkentdagi vakolatxonasi noyabrda rasman ochiladi

Nashr qilingan sana: 25 10 2017

YTTB prezidenti Suma Chakrabarti O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga maktub yo‘lladi.


Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidentining maktubi matni O‘zA tomonidan e’lon qilindi. Unda YTTB Direktorlar kengashi O‘zbekiston uchun ilk ikki loyiha — O‘zbekiston Milliy bankiga ajratiladigan 100 million dollar qiymatidagi kredit liniyasi, shuningdek, meva sharbati ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Agromir” xususiy kompaniyasiga ajratiladigan 10 million dollarlik zayomni bir ovozdan tasdiqlagani mamnuniyat bilan bildirgan. Ushbu loyiha O‘zbekiston va bank munosabatlarining yangi bosqichida muhim voqea ekanligi ta’kidlangan. Joriy yil mart oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuv va O‘zbekiston hukumati bilan Anglashuv memorandumi imzolanganidan so‘ng bank vakillari tezkorlik bilan qator sarmoyaviy loyihalar ishlab chiqishga muvaffaq bo‘lgani, YTTBning O‘zbekiston Respublikasi bilan hamkorlikdan manfaatdor ekani aytib o‘tilgan.

Hozirgi vaqtda bank mutaxassislari moliya, qishloq xo‘jaligi va sanoat tarmoqlarida, shuningdek, joylardagi infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha ko‘plab qo‘shimcha sarmoyaviy loyihalar ishlab chiqayotgani, “Kichik biznes uchun maslahatlar” dasturini ham ishga tushirganini aytib, Hamkorlik strategiyasi bo‘yicha delegatsiyaning kelasi yil boshida hukumatimiz vakillari bilan uchrashishiga umid bildirilgan.

YTTB mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni to‘la qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlab, bankning birinchi vitse-prezidenti Fil Bennett va tavakkalchiliklar bo‘yicha vitse-prezident Betsi Nelsonning noyabr oyi boshida Toshkentga bo‘lajak tashrifi haqida ma’lum qilgan. Tashrif davomida ular YTTBning Toshkentdagi vakolatxonasini rasmiy ravishda ochishi, hukumatimiz vakillari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazilishi, shuningdek, 10-11-noyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyoda xavfsizlik va izchil taraqqiyot masalalari bo‘yicha oliy darajadagi xalqaro konferensiyada ishtirok etishi qayd etgan. Hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida kelasi yil O‘zbekistonga tashrif buyurishiga umid qilishini aytib o‘tgan.

 

Ko'rishlar soni

157