USD = 8069.29 SUM   EUR = 9403.14 SUM
Toshkent
Booked.net - Hotel reservations
+28°C

Shavkat Mirziyoyev Tojikiston, Qozog‘iston, Belarus va Turkmaniston Hukumatlari rahbarlarini qabul qildi

Nashr qilingan sana: 03 11 2017

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2-noyabr kuni MDH Hukumat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Tojikiston Respublikasi Bosh vaziri Qohir Rasulzoda, Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri Bakitjan Sagintayev, Belarus Respublikasi Bosh vaziri Andrey Kobyakov va Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisi o‘rinbosari Esenmurat Orazgeldiyev bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi, deyiladi O‘zA xabarida.

Tojikiston Respublikasi Bosh vaziri Qohir Rasulzoda bilan uchrashuvda konstruktiv va samarali hamkorlikni rivojlantirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani haqida so‘z yuritildi.

Davlatimiz rahbari O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi an’anaviy yaqin do‘stlik munosabatlarini mustahkamlashga qaratilgan aniq loyiha va dasturlarni amalga oshirish uchun hukumatlararo komissiya salohiyatidan samarali foydalanish muhimligini alohida ta’kidladi.

Qozog‘iston Bosh vaziri Bakitjan Sagintayev bilan uchrashuvda oliy darajadagi o‘zaro tashriflar chog‘ida erishilgan kelishuvlar va imzolangan hujjatlarni izchil amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Savdo, investitsiya, energetika, transport va boshqa ustuvor yo‘nalishlardagi hamkorlikni rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi. Ikki davlat hududlari o‘rtasidagi va ishbilarmon doiralari darajasidagi faol aloqalarni davom ettirishga alohida e’tibor qaratildi.

Belarus Bosh vaziri Andrey Kobyakov bilan uchrashuvda O‘zbekiston – Belarus munosabatlari rivojidagi ijobiy sur’at mamnuniyat bilan qayd etildi.

Qisqa vaqt mobaynida mashinasozlik sohasi, agrosanoat majmuasi, oziq-ovqat, farmatsevtika va boshqa tarmoqlarda qo‘shma loyihalar amalga oshirildi.

Tomonlar hamkorlikning mavjud salmoqli salohiyatini, avvalambor, iqtisodiyotning real sektoridagi kooperatsiya imkoniyatlarini to‘la ishga solishdan manfaatdor ekani qayd etildi.

Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisi o‘rinbosari Esenmurat Orazgeldiyev bilan uchrashuv chog‘ida Turkmanistonga oliy darajadagi tashriflar va davlat rahbarlarining muntazam muloqotlari O‘zbekiston – Turkmaniston munosabatlarini strategik sheriklik bosqichiga ko‘targani ta’kidlandi.

O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va transport-kommunikatsiya sohalaridagi hamkorlik, sanoat va qishloq xo‘jaligidagi kooperatsiyani rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Tojikiston, Qozog‘iston, Belarus va Turkmaniston hukumatlari rahbarlari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi va o‘z davlatlari rahbarlarining ezgu tilaklarini yetkazdi. 

Ko'rishlar soni

205