USD = 8069.29 SUM   EUR = 9403.14 SUM
Toshkent
Booked.net - Hotel reservations
+28°C

Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh kotibi o‘rinbosari bilan uchrashdi

Nashr qilingan sana: 02 11 2017

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1-noyabr kuni mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, BMTning Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi ijrochi direktori Yuriy Fedotovni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, O‘zbekistonning BMT, uning tuzilmalari va institutlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorligi jadal rivojlanayotgani va mustahkamlanayotganini chuqur mamnuniyat bilan qayd etdi.

O‘zbekiston BMTning Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi bilan giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishi, transmilliy uyushgan jinoyatchilik va xalqaro terrorizmga qarshi kurashish sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratishi ta’kidlandi.

Boshqarmaning texnik ko‘magida yuqorida qayd etilgan sohalarda milliy va mintaqaviy loyihalar bajarildi va amalga oshirilmoqda. Toshkent shahrida ushbu tuzilmaning Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha vakolatxonasi faoliyat yuritmoqda.

Uchrashuvda o‘zaro hamkorlikning “yo‘l xaritasi” – Amaliy harakatlar rejasini ishlab chiqish va qabul qilish asosida narkotrafik, jinoyatchilik va terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlar ko‘rish va birgalikdagi ishlarni yanada kuchaytirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.

BMT Bosh kotibi o‘rinbosari Yuriy Fedotov Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul uchun chuqur minnatdorlik izhor qildi.

BMT Bosh kotibi o‘rinbosari nufuzli xalqaro tashkilotning O‘zbekiston bilan global xavf-xatar va tahdidlarga qarshi kurashish bo‘yicha uzoq istiqbolga mo‘ljallangan va tizimli hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyor ekanini ta’kidladi, deyiladi O‘zA xabarida.    
 

Ko'rishlar soni

294