USD = 8188.33 (+1.38) SUM   EUR = 10057.73 (-139.12) SUM
Toshkent
Booked.net - Hotel reservations
+28°C

“Rosatom” davlat korporatsiyasi delegatsiyasining tashrifi

Nashr qilingan sana: 30 12 2017

Rossiya Federatsiyasining “Rosatom” davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachev boshchiligidagi delegatsiya 29 dekabrь kuni O'zbekistonga keldi.


Toshkentda bo'lib o'tgan uchrashuvda O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o'rinbosari N.Otajonov va “Rosatom” davlat korporatsiyasi bosh direktori A.Lixachev O'zbekiston – Rossiya hamkorligi turli yo'nalishlarda izchil rivojlanib borayotganini alohida ta`kidladi. Ushbu tashrif mamlakatlarimiz o'rtasidagi munosabatlarni yanada kengaytirish va mustahkamlashda navbatdagi muhim qadamdir.

Uchrashuvda O'zbekiston va Rossiya hukumatlari o'rtasida Tinchlik maqsadlarida atom energiyasidan foydalanish sohasidagi hamkorlik to'g'risida bitim imzolandi. Hujjat mazkur sohada aniq yo'naltirilgan loyihalar va ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirishga qaratilgan.

– O'zbekiston yadro fizikasi va atom energetikasini rivojlantirish bo'yicha yuqori salohiyatga ega, – dedi A.Lixachev. – Hukumatlarimiz o'rtasida imzolangan bitim O'zbekistonda atom elektr ctantsiyalari va tadqiqot reaktorlarini qurish, materialshunoslik, mineral xomashyo bazasini tadqiq qilish va boshqa yo'nalishlardagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

Hujjat tinchlik maqsadlarida atom energiyasidan foydalanish sohasidagi o'zaro hamkorlikning amaliy jihatlarini belgilab bergani bilan ahamiyatlidir. Radioizotoplarni ishlab chiqarish va ularni sanoat, tibbiyot hamda qishloq xo'jaligi sohalarida qo'llash, fundamental va amaliy tadqiqotlar olib borish istiqboldagi o'zaro foydali hamkorlikning muhim yo'nalishlari bo'ladi.

Ulug'bek Shonazarov, O'zA         

Ko'rishlar soni

186