USD = 8188.33 (+1.38) SUM   EUR = 10057.73 (-139.12) SUM
Toshkent
Booked.net - Hotel reservations
+28°C

Prezident Qoraqalpog'istonga tashrif buyurdi

Nashr qilingan sana: 15 12 2017

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15-dekabr kuni Qoraqalpog'iston Respublikasiga tashrif buyurdi.


Davlatimiz rahbari joriy yilning 20-21-yanvar kunlari Qoraqalpog'istonda bo'lib, hudud iqtisodiyotini rivojlantirish, ijtimoiy sharoitlarni yaxshilash bo'yicha tizimli chora-tadbirlarni belgilab bergan edi. O'tgan vaqt mobaynida ular to'la amalga oshirildi.

Tashrif yakunlariga ko'ra ishlab chiqilgan dasturga muvofiq, sanoatni rivojlantirish borasida umumiy qiymati 160 milliard so'mga yaqin 242 ta loyiha bajarildi. Bu qariyb 4 mingta ish o'rni tashkil etish imkonini berdi.

Masalan, Qorao'zak tumanidagi “Qoraqalpoq tsement” korxonasida birinchi bosqichda yiliga 200 ming tonna tsement, Nukus shahridagi “Texnik global” korxonasida “Samsung” brendi ostida yiliga 150 ming dona televizor, “Nukus polimer” korxonasida yiliga 8 ming tonna polietilen truba va xo'jalik buyumlari ishlab chiqarish yo'lga qo'yildi.

Qoraqalpoq eli uchun nihoyatda muhim va dolzarb masala bo'lgan ichimlik suvi muammosi yillar davomida hal etilmay kelayotgan edi. Shuni inobatga olib, qisqa vaqt davomida 101 kilometrlik “Qo'ng'irot-Mo'ynoq” suv quvuri va “Qo'ng'irot” suv taqsimlash inshooti qurib bitkazildi. Buning natijasida Mo'ynoq tumanidagi 25 ming aholi toza ichimlik suvi bilan ta`minlandi.

Nafaqat Qoraqalpog'iston, balki butun mamlakatimizning faxri bo'lgan, dunyoda “Sahrodagi Luvr” deb shuhrat qozongan I.Savitskiy nomidagi Qoraqalpoq davlat san`at muzeyining muhtasham ikkinchi korpusi qurilib, yuksak xalqaro standartlar asosida jihozlandi va foydalanishga topshirildi.

Shu bois Qoraqalpog'iston aholisi Prezidentimizning bu galgi tashrifini ham ko'tarinkilik bilan kutdi. Tashrif doirasida shu paytgacha bajarilgan ishlarni tahlil qilish, barcha sohalarni rivojlantirish bo'yicha kelgusi ikki yilda amalga oshirilishi zarur bo'lgan ustuvor yo'nalishlar va dolzarb vazifalarni belgilab olish rejalashtirilgan, deyiladi O'zA xabarida.

Ko'rishlar soni

481