USD = 8085.11 SUM   EUR = 9487.07 SUM
Toshkent
Booked.net - Hotel reservations
+28°C

O‘zbekiston va Qozog‘iston Oliy sudlari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi

Nashr qilingan sana: 25 10 2017

Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar Oliy sudlari raislarining bo‘lajak o‘n ikkinchi majlisi doirasida 24 oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi Kozimjon Komilov bilan Qozog‘iston Respublikasi Oliy sudi raisi K.Mamining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi O‘zA.

Muloqot chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli va keng ko‘lamli hamkorlik barcha yo‘nalishda, jumladan, sud-huquq sohasida ham izchil rivojlanib borayotgani ta’kidlandi. Mamlakatlarimiz rahbarlarining muntazamlik kasb etgan uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlar bunda muhim ahamiyat kasb etmoqda.                                          

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Qozog‘iston Respublikasi Oliy sudi o‘rtasida Hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi. Mazkur hujjat ikki mamlakat sud hokimiyati oliy organlari o‘rtasida hamkorlik va o‘zaro anglashuvning huquqiy asoslarini mustahkamlash, qonun ustuvorligini ta’minlash bo‘yicha sa’y-harakatlar samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.                                    

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi K.Komilov shu kuni Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar Oliy sudlari raislarining o‘n ikkinchi majlisida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Tojikiston Respublikasi Oliy sudi raisi Sh.Shohiyon va Qirg‘iziston Respublikasi Oliy sudi raisi A.Tokbayeva bilan ham uchrashuvlar o‘tkazdi.                                                          

Tadbirlar davomida mehmonlarga O‘zbekistonda sud-huquq tizimini yanada demokratlashtirish va erkinlashtirish, sud, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyati samaradorligini oshirish borasida izchil olib borilayotgan islohotlar to‘g‘risida ma’lumot berildi. Tomonlar kelgusida o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, sohada qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, muntazam tajriba almashib turishdan manfaatdor ekanini qayd etdi.


 

Ko'rishlar soni

144