USD = 8069.29 SUM   EUR = 9403.14 SUM
Toshkent
Booked.net - Hotel reservations
+28°C

O‘zbekiston Prezidenti Eron tashqi ishlar vaziri bilan uchrashdi

Nashr qilingan sana: 11 11 2017

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10-noyabr kuni Samarqandda BMT shafeligida o‘tkazilayotgan Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqaror rivojlanishni ta’minlashga bag‘ishlangan xalqaro anjumanda ishtirok etgan Muhammad Javad Zarif bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazdi.

Eron tashqi ishlar vaziri Muhammad Javad Zarif bilan uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash istiqbollari muhokama qilindi.

Joriy yil sentabr oyida Ostona shahrida o‘tkazilgan Islom hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida o‘tgan oliy darajadagi ikki tomonlama uchrashuv samaralari O‘zbekiston – Eron munosabatlarining faollashuviga xizmat qilgani mamnuniyat bilan ta’kidlandi.

O‘zaro hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida siyosiy muloqotni yanada rivojlantirish, tovar ayirboshlash hajmini oshirish va iqtisodiyotning turli sohalarida kooperatsiyani mustahkamlash, mintaqamizda samarali transport-kommunikatsiya tarmog‘ini barpo etish belgilangan. O‘zaro manfaatli loyihalarni ilgari surishda Hukumatlararo qo‘shma komissiya muhim o‘rin tutishi qayd etildi.

Eron tashqi ishlar vaziri Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi va Eron Prezidenti Hasan Ruhoniyning ezgu tilaklarini yetkazdi.

Ko'rishlar soni

105