USD = 8069.29 SUM   EUR = 9403.14 SUM
Toshkent
Booked.net - Hotel reservations
+28°C

Davlat boshqaruvi organlari rahbarlari uchun namunaviy reglament tasdiqlandi

Nashr qilingan sana: 24 10 2017

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2017-yil 19-oktabr kuni “O‘zbekiston Respublikasi davlat boshqaruvi organlari hay’atlarining faoliyati samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni e’lon qildi.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi davlat boshqaruvi organi hay’atining namunaviy reglamenti hamda hay’atlarning faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar kompleksi tasdiqlandi. Qarorga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining komplekslari, vazirliklar, idoralar rahbarlari tegishli davlat boshqaruvi organlarining hay’atlarini reglamenti va tarkibi bir oy muddatda tasdiqlanishini ta’minlaydilar. Bunda ularning tarkibiy bo‘linmalari yangi a’zolar bilan to‘ldirish hisobga olinishi aytib o‘tilgan.

Ushbu qaror davlat boshqaruvi organlari rahbarlariga hay’atlar faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha tadbirlarning o‘z vaqtida va samarali o‘tkazilishi yuzasidan shaxsiy mas’uliyat yuklaydi. Uning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning o‘rinbosarlari zimmasiga yuklandi.

Reglamentga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi davlat boshqaruvi organining hay’ati doimiy faoliyat ko‘rsatadigan maslahat organi hisoblanadi. Unga Prezident va Vazirlar Mahkamasining qarorlari va topshiriqlarida belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida hamda sifatli amalga oshirilishini ta’minlash uchun davlat boshqaruvi organi rahbarlari va xodimlarining ijro intizomini mustahkamlash hamda shaxsiy javobgarligini oshirish kabi ko‘plab vazifalar yuklanadi. Hay’at O‘zbekiston Respublikasi davlat boshqaruvi organi vakolatiga kiradigan va kollegial muhokama etishni talab qiladigan har qanday masalani ko‘rib chiqish huquqiga egadir.

Ko'rishlar soni

218