USD = 8188.33 (+1.38) SUM   EUR = 10057.73 (-139.12) SUM
Toshkent
Booked.net - Hotel reservations
+28°C

26 yilda bajarilmagan ishlar bir yilda fazoviy tezlikda amalga oshirildi

Nashr qilingan sana: 30 12 2017

Keyingi yilda Markaziy Osiyo mamlakatlari o'rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar yaxshilanib borayotgani kuzatilmoqda. Bunga ko'p jihatdan O'zbekiston tufayli erishilmoqda. Uning rahbari mamlakat Prezidenti lavozimini egallashi bilan qo'shni davlatlar bilan munosabatlarni yaxshilashni O'zbekiston tashqi siyosatining bosh ustuvor yo'nalishi sifatida belgiladi.


Prezident Shavkat Mirziyoev qisqa vaqt ichida mintaqaning aksariyat mamlakatlarida bo'ldi va O'zbekistonning bu istagi samimiy ekanligini amalda isbotlashga ulgurdi. Bu borada Qirg'iziston bilan munosabatlar yaxshilanganini namuna deb hisoblasa bo'ladi. Chunki hukumat va biznes vakillari ishtirokida ko'plab rasmiy uchrashuvlar o'tkazildi, 26 yil davomida hal qilinmagan ko'plab masalalarga echim topish imkonini bergan muhim kelishuvlarga erishildi va shartnomalar imzolandi.

Qirg'iziston bilan ko'p qirrali, ko'p darajali, o'zaro manfaatli va amaliy aloqalarni shakllantirish O'zbekistonning ustuvor maqsadlaridan biri hisoblanadi. 2016 yil oktyabrь oyida boshlangan va yil oxiriga qadar davom etgan ikki mamlakat hukumat delegatsiyalarining muntazam uchrashuvlari buni tasdiqlaydi. Bir faktni qayd etish zarur: 2017 yil avgust oyida O'zbekiston va Qirg'iziston hukumatlararo komissiyasi qaytadan ish boshladi. Uni ikki mamlakat Bosh vazirlari boshqarmoqda. O'zbekistonning komissiya ishida bunday yuksak darajada ishtirok etish amaliyoti faqat Rossiya va Xitoy bilan amal qilardi.

Prezident Shavkat Mirziyoevning 2017 yil sentyabrь oyida Qirg'iziston Respublikasiga davlat tashrifi chog'ida imzolangan chegara to'g'risidagi shartnoma davlat chegara chiziqlarining 85 foizi bo'yicha kelishib olish imkonini berdi. Muzokaralarda ikki davlat rahbarlari Qirg'iziston – O'zbekiston chegarasini do'stlik chegarasiga aylantirish istagini bildirdilar. Bu borada hali ma`lum qiyinchiliklar bo'lishiga qaramay, qolgan hududlar bo'yicha ham kelishib olish uchun barcha imkoniyat mavjud.

Shartnomaga muvofiq, «Do'stlik» (Andijon viloyati), «Kosonsoy» va «Baymoq» (Namangan viloyati) nazorat-o'tkazish punktlari ishi qayta tiklandi. 1 oktyabrdan Qirg'iziston fuqarolari uchun «Qadamjoy» va «Vodil» (Farg'ona viloyati) punktlari orqali chegaradan o'tish tartibi soddalashtirildi. Bunda ikki mamlakat fuqarolari hech qanday takliflarsiz chegarani soddalashtirilgan tartibda kesib o'tadi.

Qirg'iziston Prezidenti Sooronbay Jeenbekovning dekabrь oyi boshida O'zbekistonga amalga oshirilgan rasmiy tashrifi ikki davlatning o'zaro munosabatlarni chuqurlashtirishga sodiq ekanini yana bir bor isbotladi. Eng muhimi, ikki mamlakat ham suvdan foydalanish, iqtisodiy va siyosiy masalalarda bir to'xtamga keldi. Qirg'iziston va O'zbekiston Respublikalari xalqaro miqyosda Markaziy Osiyo mintaqasidagi vaziyatga ijobiy ta`sir ko'rsatgan geosiyosiy hamkorlikka asos soldi.

2017 yil yanvarь-sentyabrь oylarida savdo aylanmasi 231,1 million dollarni tashkil etganini o'zaro munosabatlarni yaxshilashning muhim ko'rsatkichlaridan biri sifatida qayd etish mumkin. Bu 2016 yilning shu davriga nisbatan 60 foizga ko'pdir. Mamlakatlar kesimida olsak, Qirg'iziston O'zbekistonga 109 million dollarlik mahsulot eksport qilgan, bu o'tgan yilga nisbatan 17 foizga oshgan. O'zbekistondan import hajmi esa 122,1 million dollarni tashkil etdi. Bu o'tgan yilga nisbatan 2,6 barobar ko'pdir. Yil yakunlari bo'yicha tovar aylanmasi hajmi 280 million dollarga etishi kutilmoqda, qisqa muddatli istiqbolda ikki mamlakat o'rtasidagi savdo hajmini 500 million dollargacha etkazish rejalashtirilgan.

Qirg'iziston Milliy ishbilarmonlik klubi va Qirg'iziston Respublikasi bozorlar assotsiatsiyasi prezidenti Sergey Ponomaryov hozirgi vaqtda Qirg'iziston va O'zbekiston o'rtasidagi iqtisodiy, siyosiy va madaniy muloqot faol rivojlanayotganini qayd etmoqda.

Uning ta`kidlashicha, Qirg'iziston Prezidenti Sooronbay Jeenbekovning O'zbekistonga tashrifi chog'ida delegatsiya tarkibida qirg'izistonlik ishbilarmonlar ham bor edi. Toshkentda qirg'izistonlik va o'zbekistonlik ishbilarmonlar «G to B» (hukumat vakillarining ishbilarmon doiralar bilan uchrashuvi) hamda «B to B» (biznes vakillarining uchrashuvi) shaklidagi uchrashuvlarda ishtirok etdi.

S.Ponomaryov O'zbekiston Qirg'iziston iqtisodiyotida qiziqish uyg'otishi mumkin bo'lgan etarli darajadagi oziq-ovqat va sanoat tarmoqlariga ega ekanini ta`kidlaydi. "Ushbu mamlakatda 32 milliondan ziyod aholi istiqomat qiladi, shuning uchun ham bizning tovarlarimiz O'zbekiston bozorlarida raqobatbardosh bo'lishi mumkin", deya qayd etadi u.

Qirg'iziston Respublikasi bozorlar assotsiatsiyasi prezidenti qirg'izistonlik tadbirkorlar O'zbekistonda engil sanoat yuksak darajada rivojlanayotgani bilan tanishishganini misol tariqasida keltiradi. Iqtisodchi ikki davlat ham bir-biridan ko'p narsani o'rganishi mumkinligini oshkora qayd etmoqda.

«Men buni yaxshi ma`noda gapirayapman, chunki qo'shni mamlakat biz bilan o'z tajribasini almashishi va, o'z navbatida, biz ham ular bilan yutuqlarimizni o'rtoqlashishimiz uchun etarli asos bor. Shuningdek, savdo-iqtisodiy aloqalarni nafaqat EOII doirasida, balki O'zbekiston va Xitoy bilan ham rivojlantirish imkoniyatiga egamiz. Hozirgi vaqtda hamkorlik qirralarini topishga urinishlar amalga oshirilmoqda», deydi u.

Dekabrь boshida Bishkekda bo'lib o'tgan Qirg'iziston – O'zbekiston qo'shma korxonasi taqdimotini ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirishning dastlabki odimlaridan biri desak, mubolag'a bo'lmaydi. Qo'shma korxona Qirg'izistonning Bishkek, O'sh va Chuy viloyatidagi Qora-Bolta shaharlarida avtomobillar yig'ishni yo'lga qo'yishi rejalashtirilmoqda.

Shu masala yuzasidan o'tkazilgan matbuot anjumani chog'ida «GM O'zbekiston» AJ vakili Jahongir Tillaev Qirg'iziston Respublikasiga mazkur loyiha orqali xorijiy investitsiyalar oqimi 5 million 180 ming dollarni tashkil qilishini aytib o'tdi. Shuningdek, u ilk bosqichda 50 ish o'rni yaratilishini, texnika yo'nalishidagi oliy o'quv yurtlari talabalari va bitiruvchilarini ishga jalb qilish rejalashtirilayotganini ta`kidladi.

S.Ponomaryov Qirg'iziston va O'zbekiston o'rtasidagi munosabatlarni yanada yaxshilash haqida gapirar ekan, yuqoridagi barcha loyihalar Qirg'izistonda amalga oshirilishiga umid bildirdi. Uning fikricha, O'zbekistonda “bugungi kunda biz Rossiya, Qozog'iston va Xitoydan xarid qilayotgan” ko'plab tovarlar ishlab chiqarilmoqda. “Shu bois, O'zbekiston va Qirg'iziston o'rtasida sheriklik eshiklari ochilmoqda. Biz davlat rahbarlarining tarixiy uchrashuvlari muntazamlik kasb etganining guvohi bo'lmoqdamiz”, deb qayd etadi iqtisodchi.

Shuningdek, u O'zbekiston bilan engil sanoat sohasida ham qo'shma korxona tuzish masalasi muhokama qilinganini qo'shimcha qildi. “O'zbekiston bilan hamkorligimiz bo'yicha ezgu niyatlarimiz ko'p, biz nafaqat yaxshi qo'shnichilikni, ayni damda savdo-iqtisodiy munosabatlarni ham rivojlantiramiz”, deydi S.Ponomaryov.

Xalqaro ishlar bo'yicha ekspert Edil Osmonbetovning fikricha, 2017 yil Qirg'iziston va O'zbekiston o'rtasidagi munosabatlarda tarixiy bosqich bo'ldi. “Chunki biz ikki tomonlama aloqalar nuqtai nazaridan 26 yilda bajarilmagan ishlarni bir yil ichida fazoviy tezlikda amalga oshirdik, mamlakatlarimiz o'rtasidagi munosabatlar yaxshilanishiga erishdik”, deydi u.

Siyosatshunosning fikricha, Qirg'iziston va O'zbekiston o'rtasidagi munosabatlar mintaqadagi boshqa davlatlar va MDH mamlakatlari uchun andoza bo'la oladi.

“Agar biz O'zbekiston bilan barcha iqtisodiy, chegaraga oid, tranzitni diversifikatsiya qilish masalalariga milliy manfaatlarimiz nuqtai nazaridan kelib chiqqan holda echim topsak, qo'shni mamlakat bilan aloqalarimiz teng huquqli bo'ladi. Mintaqadagi boshqa davlatlar bunga e`tibor qaratib, uni asos qilib oladi va Markaziy Osiyoda 2018-2019 yillarda tamoman boshqa muhit kuzatiladi”, deb ta`kidlaydi E.Osmonbetov.

Siyosatchining fikricha, Sooronbay Jeenbekov Qirg'iziston Respublikasi Prezidentligiga saylanganidan so'ng xorijga ilk rasmiy tashrifini O'zbekistonga uyushtirgani mamlakat rahbariyatining O'zbekiston bilan o'zaro aloqalarga alohida e`tibor qaratayotganidan dalolatdir.

Shavkat Mirziyoevning “Qirg'iziston va O'zbekiston munosabatlarida chegara bo'lmasligi kerak”, degan so'zlari so'zning asl ma`nosida emas, munosabatlardagi barcha yo'nalishlarda chegara bo'lmasligini anglatadi. Ya`ni har ikki mamlakat ijtimoiy hayot va iqtisodiyotning barcha sohalarida bir-biri bilan hamkorlik qilishi zarur, deb ta`kidlaydi ekspert.

Bu ikki tomonlama aloqalar butunlay yangi, mamlakatlarimiz o'rtasidagi munosabatlarning taraqqiyot bosqichiga ko'tarilganidan guvohlik beradi.

“Bunda mamlakatlar rahbarlari va hukumatlar, eng asosiysi – xalqlarimiz o'rtasidagi ishonch va samimiylik muhim o'rin tutadi”, deb ta`kidlaydi siyosatshunos.

E.Osmonbetov mamlakatlarimiz o'rtasidagi tovar aylanmasi 250 million AQSh dollariga etgani ikki tomonlama aloqalar tarixida hali kuzatilmaganini, bu davlatlarimiz o'rtasidagi hamkorlikni yanada yuksaltiruvchi ko'rsatkichlardan ekanini ta`kidladi.

“Shavkat Mirziyoevning Qirg'iziston O'zbekistonning eng yaqin qo'shnisi, degan so'zlari biz mintaqada strategik sheriklik darajasiga ko'tarilganimizni anglatadi”, deb qo'shimcha qiladi ekspert.

Qirg'iziston Respublikasi Bosh vaziri maslahatchisi, Qirg'iziston Xalq assambleyasi rahbari Tokon Mamitov bugungi kunda Qirg'iziston va O'zbekiston munosabatlari o'z tarixi davomida to'rtinchi taraqqiyot bosqichini o'tamoqda, deb hisoblaydi. Uning ta`kidlashicha, ushbu bosqich Qirg'izistonning sobiq Prezidenti Almazbek Atamboevning O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev bilan uchrashuvidan boshlangan. “Baxtimizga, mazkur to'rtinchi bosqich Qirg'iziston va O'zbekiston uchun yanada samarali bo'ldi va yangi sifat bosqichiga ko'tarildi”, deydi u.

Qirg'iziston Respublikasi Bosh vaziri maslahatchisi to'rtinchi bosqich 2017 yil sentyabrь oyidan boshlanganiga e`tibor qaratdi. O'shanda tashkil etilgan ikki uchrashuv va oktyabrь oyidagi uchrashuvlar o'zaro munosabatlarni yanada yaxshilashga turtki bo'ldi. T.Mamitovning kuzatuvlariga ko'ra, buning samarasida, birinchidan, chegaralar ochildi, ikkinchidan, ular normal darajada faoliyat yurita boshladi. “Barcha chegaralar bo'lmasa ham, lekin ular faoliyat yuritishni boshladi”, deb alohida ta`kidlaydi u.

Uchinchidan, T.Mamitovning so'zlariga ko'ra, ikki mamlakat fuqarolarining bordi-keldi qilishiga imkoniyat yaratildi. “Hech kimga sir emaski, har ikki mamlakatda ham qo'shni davlat fuqarolari bilan quda-anda tutingan kishilar ko'pchilikni tashkil etadi. Yaqingacha ular orasidagi aloqalar uzilib qolgan edi”, deydi u.

Uning fikricha, chegara masalasini hal etishga turtki berilgani muhim ahamiyat kasb etdi. «Na birinchi, na ikkinchi Prezident, Qirg'iziston Respublikasi muvaqqat hukumati rahbari ushbu masalani hal qilishda mas`uliyatni o'z zimmasiga olmagan edi. Mana endi Prezidentlar A.Atamboev va Sh.Mirziyoev tomonidan siyosiy qaror qabul qilindi», deydi T.Mamitov. Shundan so'ng, ta`kidlaydi u, ikki mamlakat hukumat komissiyalariga ishlashga topshiriq berildi va ular tomonidan barcha zarur hujjatlar rasmiylashtirilib, chegara muammolari hal qilindi.

Hozirgi kunda chegaraning 85 foizi bo'yicha shartnoma imzolangan.

Qirg'iziston Xalq assambleyasi rahbari shundan so'ng ikki mamlakat o'rtasida madaniy-gumanitar aloqalar, iqtisodiy va transport-kommunikatsiya sohalaridagi hamkorlik yo'lga qo'yilganini qo'shimcha qildi. «Biz ulkan sarmoyaviy hamkorlik bo'sag'asida turibmiz», deydi u.

Bularning barchasi hamkorlikning uch bosqichidan farq qiluvchi jihatdir. «Shuning uchun, o'ylaymanki, to'rtinchi bosqich dastlabki uch bosqichdan sifat jihatdan keskin farq qiladi va hamkorlikning bu bosqichi Qirg'iziston uchun ham, O'zbekiston uchun ham o'zaro manfaatli bo'lishiga umid qilaman», deb mamnuniyat bilan qayd etdi Tokon Mamitov.

Qirg'iziston va O'zbekiston o'rtasidagi hamkorlikni yaxshilash izchil davom ettirilayotganini qayd etar ekan, T.Mamitov yana bir jihatga urg'u berdi. «Qirg'iziston va O'zbekiston Farg'ona vodiysi, umuman olganda, Markaziy Osiyodagi ikki muhim davlatdir", deydi u. Shuning uchun butun dunyo ushbu masalaga e`tibor qaratmoqda. «Xalqaro hamjamiyat ikki mamlakat o'rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalar rivojlanayotgani, chegara muammolari hal bo'layotgani va sarmoyaviy xarakterdagi masalalar muhokama qilinayotganining guvohi bo'lmoqda», deydi Qirg'iziston Xalq assambleyasi rahbari. So'zi so'ngida Tokon Mamitov «biroq ular harbiy-siyosiy sohadagi masalalar qanday echim topishi, O'zbekiston va Qirg'iziston xalqaro terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish sohasiga hamkorlikdagi sa`y-harakatlarni safarbar etishga kelishib olisharmikin deb kuzatib turibdi", deya ta`kidladi.

«Kabar» O'zA uchun maxsus.

Ko'rishlar soni

172