USD = 8146,38 SUM   EUR = 9965,47 SUM
Toshkent
Booked.net - Hotel reservations
+28°C

O'zbekiston va Turkmaniston Prezidentlarining telefon orqali muloqoti to'g'risida

Nashr qilingan sana: 30 12 2017

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov o'rtasida 30-dekabr kuni telefon orqali muloqot bo'lib o'tdi.


Suhbat avvalida Prezidentimiz Turkmaniston Prezidentini kirib kelayotgan Yangi yil bilan samimiy tabriklab, qardosh turkman halqiga tinchlik, barqarorlik va farovonlik tiladi.

Turkmaniston rahbari, o'z navbatida, Prezidentimiz va ko'pmillatli qardosh O'zbekiston xalqini yaqinlashib kelayotgan bayram munosabati bilan chin dildan muborakbod etib, taraqqiyot va farovonlik tiladi.

Davlatlar rahbarlari yakuniga etayotgan 2017-yil mamlakatlarimiz o'rtasidagi an`anaviy yaqin aloqalarni rivojlantirish, do'stlik va yaxshi qo'shnichilik munosabatlarini mustahkamlashda tarixiy davr bo'lganini chuqur mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Oliy darajadagi doimiy muloqotlar O'zbekiston-Turkmaniston hamkorligini sifat jihatidan yangi bosqichga ko'targani va amaliy mazmun bilan boyitgani ta`kidlandi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil mart oyida Turkmanistonga davlat tashrifi davomida Strategik sheriklik to'g'risida shartnoma imzolandi.

Amaliy hamkorlik va aloqalar barcha yo'nalishlarda sezilarli faollashdi. Savdo, ishlab chiqarish kooperatsiyasi, energetika, transport, qishloq xo'jaligi va boshqa sohalarda yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.

Chegaraoldi hududlar o'rtasidagi samarali hamkorlik mustahkamlanmoqda. Ishbilarmonlik va madaniyat sohalariga doir qator qo'shma tadbirlar muvaffaqiyatli o'tkazildi.

Prezidentlar O'zbekiston va Turkmaniston o'rtasidagi ko'p qirrali sheriklikni yanada rivojlantirish, avvalo, savdo-iqtisodiy sohada yangi loyiha va dasturlarni amalga oshirish muhimligini alohida qayd etdilar.

O'zbekiston va Turkmaniston rahbarlari, shuningdek, xalqaro siyosat va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari bo'yicha fikr almashdilar.

Ko'rishlar soni

58