USD = 8069.29 SUM   EUR = 9403.14 SUM
Toshkent
Booked.net - Hotel reservations
+28°C

“Zahiriddin Muhammad Bobur asarlarining jahon madaniyati tarixida tutgan o‘rni” mavzusida xalqaro anjuman o‘tkazilmoqda

Nashr qilingan sana: 30 10 2017

Andijonda “Zahiriddin Muhammad Bobur asarlarining jahon madaniyati tarixida tutgan o‘rni” mavzusida xalqaro anjuman o‘tkazilmoqda, deb xabar beradi “Jahon” axborot agentligi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yil 2-3-iyun kunlari Andijon viloyatiga tashrifi chog‘ida “Bog‘i Bobur” istirohat bog‘i, Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondi faoliyati bilan tanishib, bu yerni yanada obod qilish, Bobur ijodiy merosini o‘rganish, keng targ‘ib etish ishlari ko‘lamini yanada kengaytirish zarurligini ta’kidlab, Bobur ijodiy merosini targ‘ib etish bo‘yicha Xalqaro anjuman o‘tkazish taklifini bildirgan edi. Shu asosda tashkil etilgan mazkur anjumanda davlat va jamoat arboblari, tarixchi olimlar, boburshunoslar, shoir-yozuvchilar, jamoatchilik vakillari ishtirok etmoqda.

Anjumanda istiqlol yillarida mamlakatimizda xalqimizning boy madaniy merosi, betakror arxeologik va tarixiy yodgorliklari, milliy qadriyatlarimizni, ayniqsa, jahon ilm-fani taraqqiyotiga, insoniyat tafakkurining yuksalishiga munosib hissa qo‘shgan buyuk allomalarimizni ulug‘lash, ular qoldirgan bebaho ilmiy merosning tarixiy ahamiyatini jahon jamoatchiligi e’tiboriga ko‘rsatish borasida keng ko‘lamli ishlar qilinayotgani ta’kidlandi. Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondi va ilmiy ekspeditsiyasi tashkil etilganiga 25 yil to‘lishi, ushbu tashkilot tomonidan Bobur va boburiylar hayoti, ijodiy merosini o‘rganish, targ‘ib etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida fikr almashildi. 

Anjumanda Xitoy, Hindiston, Turkiya, Yaponiya, Bangladesh, Afg‘oniston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Ozarbayjon kabi ko‘plab davlatlardan boburshunos olimlar ishtirok etmoqda.

Tadbirda yurtimiz va xorijlik boburshunos olimlar tomonidan Bobur va boburiylar hayoti, faoliyati va ijodining ilmiy, badiiy, tarbiyaviy ahamiyatiga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglandi.  Zahiriddin Muhammad Bobur haqida yaratgan ilmiy asarlari hamda Bobur va boburiylar merosini xalqaro miqyosda keng targ‘ib etishdagi ulkan xizmatlari uchun rossiyalik olima Anna Dibo, boburshunoslar Mirmahmud Mirsaydullayev, Shokirxon Rustamxo‘jayev, turkiyalik boburshunos olim Yujel Bilol Bobur xalqaro mukofoti bilan taqdirlandi.

Ko'rishlar soni

188