USD = 8069.29 SUM   EUR = 9403.14 SUM
Toshkent
Booked.net - Hotel reservations
+28°C

Tojikiston madaniyati kunlari taassurotlarga boy bo‘ldi

Nashr qilingan sana: 14 10 2017

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatrida 13-oktabr kuni Tojikiston madaniyati kunlarining tantanali yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi. 


Dunyoda mamlakatlar ko‘p, xalqlar ham turli-tuman. Ular goho ayro tillarda so‘zlashsa-da, ko‘p asrlik umumiy tarix, madaniy-ma’naviy mushtaraklik ellarni, dillarni bog‘lovchi muhim omil bo‘lib kelgan. Xususan, o‘zbek va tojik xalqlarining o‘xshash urf-odat va san’ati ana shunday madaniy muloqot shakllarini topish, yutuqlar bilan almashishga imkon bergan. 

Bugun ham bu kabi an’analar davom etmoqda. O‘zbekistonda Tojikiston madaniyati kunlari o‘tkazilgani o‘zaro hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga ko‘tarishdagi sa’y-harakatlarning amaliy ifodasidir, deb xabar bermoqda O'zA.

Madaniyat kunlari doirasida tashkil etilgan tadbirlarda tojikistonlik san’at ustalarining do‘stlik va tinchlikni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlari yangradi. “Zamonaviy Tojikiston” nomli fotoko‘rgazma, mo‘yqalam ustalarining ijod namunalari, yozuvchi va shoirlarning kitoblari taqdimoti taassurotlarga boy bo‘ldi. Tashkil etilgan turli bayram kechalari san’at namoyandalari bilan unutilmas uchrashuv onlarini taqdim etdi. Shuningdek, tojikistonlik kinoijodkor Nosir Saidov tomonidan suratga olingan “Aksi yo‘q ko‘zgu” va “Muallim” badiiy filmlari namoyishi bo‘lib o‘tdi. Xalqaro kinofestivallarda muvaffaqiyat qozongan mazkur kartinalar halollik va sofdillik singari insoniy kechinmalar haqida hikoya qiladi. 

– O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi munosabatlar o‘zaro ishonch va manfaatli hamkorlik tamoyillari asosida rivojlanayotir, – dedi Tojikiston madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari I.Mashrabov. – Xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va madaniy hamkorlik aloqalari ana shunday bayramlar va tadbirlarda yanada mustahkamlanmoqda. Madaniyat kunlari davomida namoyish etilgan badiiy chiqishlar va ijodiy uchrashuvlar o‘zbekistonlik san’at ixlosmandlari tomonidan iliq kutib olindi. 

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatrida Tojikiston madaniyati kunlarining yopilish marosimi ko‘tarinki va bayramona ruhda o‘tdi. 

– O‘zbekistonda 130 dan ziyod millat va elat vakillari tinch-totuvlikda hayot kechirmoqda, – deydi yurtdoshimiz Sh.Nurullayeva. – Turli to‘yu tantanalar, bayramu sayllar birgalikda, hamjihatlikda o‘tadi. Bugungi festivalda o‘zbek, tojik, qirg‘iz, qozoq, turkman kabi turli millat vakillari ishtirok etayotgani fikrimizning yorqin misoli. Bunday tadbirlarning muntazam o‘tkazilishi turli xalqlarning madaniyati bilan yanada yaqinroq tanishish uchun sharoit yaratadi. 

Tojikiston madaniyati kunlari ikki mamlakat san’atkorlarining konsert dasturi bilan yakunlandi. 

Ko'rishlar soni

322