USD = 8069.29 SUM   EUR = 9403.14 SUM
Toshkent
Booked.net - Hotel reservations
+28°C

“Sendan o‘zga kimim bor?”

Nashr qilingan sana: 22 10 2017

“Tafakkur” jurnalining betakror rukni bor: “Javondagi javohir”. Taniqli adiblar, olimlar, san’atkorlarning o‘qigan kitoblari haqidagi fikr-mulohazalari chop etiladi. Mabodo, jurnal ahli menga ham “javohirlaringizni baham ko‘ring” deb qolsa, farg‘onalik shoira Shahodatbonu Imomnazarovaning “Osmon eshigi” (Toshkent, “Akademnashr”, 2016-yil.) kitobi haqida hech ikkilanmay yozgan bo‘lardim.

O‘tgan dam olish kunlari maza qildim. Shu kitobni o‘qidim. Avval, shunchaki varaqladim: “Qani bu kishim nima deptilar? Yer qolib, gapni osmondan olibdilar!”

...Sodda, ravon, quyma satrlar birdan o‘ziga tortib ketdi. Lablarim pichirlay boshladi. So‘ng hayqirgim keldi. Uyaldim. Dardmandning oldida qanday hayqirasan. Ayniqsa, u iltijo qilib turgan bo‘lsa:

Jism-u jondin mosuvo,

Yolg‘iz Bor-u Birim bor.

Qo‘llab turgin, ey Xudo,

Sendan o‘zga kimim bor?

Piyozning po‘stidek kitobcha o‘y-xayollarimni alg‘ov-dalg‘ov qilib yubordi. O‘ychan, ma’yus, samimiy. Na ko‘krakka urish bor, na iddao. Na yaltoqlig-u na aql o‘rgatish. Go‘yo mehrob oldida o‘tirgan bir qiz o‘z iztiroblarini o‘ziga sekingina shivirlayotganday. Yuragini bo‘shatayotganday. Lekin o‘pkalamaydi. Yozg‘irmaydi. Ayu-hannos solmaydi. “Derazamga chizdim sog‘inch suvratin” deydi. Go‘yo inson qismatining “maqomi goh past, goh baland”, gohida ozor-u gohida taskin ekanini allaqachon anglab yetgan. Yana o‘sha iltijo:

Tug‘ilgan bo‘lsam-da, yetti bor, garchand,

Menga ber bir marta o‘lmoqlik baxtin.

Qanday o‘lim bo‘ldiki, inson uni baxtga mengzasa, yolvoriblar so‘rasa? Uyat o‘limdan qattiq, degan naql xayolga tushadi. Imoningni va e’tiqodingni yerga ko‘mib, bu olamda murdadek tentirab yurgandan ko‘ra, bir marta o‘lgan avlo. Zero, inson toki tirik ekan, unda “na toqat, na tinim bor”. Shoiraning nazarida, hayotning asl mazmuni, insonning ulug‘ligi ham shunda - “nur bilan zulmatni farqlay” olishida.

Kitobchaning qaysi bir sahifasini ochib, qay bir satriga ko‘zingiz tushmasin, ana shunday mangu va ma’yus savollarga duch kelasiz. Ajabki, ular charchatmaydi. Dilingizni g‘ashlamaydi. Poklaydi.

Adabiyotning, san’atning vazifasi ham aslida shu emasmi?

Qosim Qodirov,

adabiyotshunos.

Ko'rishlar soni

415