USD = 8069.29 SUM   EUR = 9403.14 SUM
Toshkent
Booked.net - Hotel reservations
+28°C

Prezidentimiz“Ashxobod saylgohi”ni borib kordi

Nashr qilingan sana: 28 10 2017

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 19-20-may kunlari Turkmanistonga tashrifi chog‘ida Toshkentda Maxtumquli haykali ochilgani, Ashxobod bog‘ini tashkil etish bo‘yicha ishlar amalga oshirilayotganini qayd etgan edi.

Davlatimiz rahbari bugun poytaxtimizning Yashnobod tumanida qurib bitkazilgan «Ashxobod saylgohi»ni borib ko‘rdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-saytida ma’lumot berildi.

Umumiy maydoni 10 gektardan ortiq bo‘lgan ushbu saylgohga kiraverishda katta favvora qurilgan. Bog‘dagi xushmanzara daraxtlar, zamonaviy o‘rindiqlar va boshqa qulayliklar kishi kayfiyatini chog‘ qilib, atrof-muhitga so‘limlik baxsh etadi.

Shavkat Mirziyoyev hududlarga tashrifi chog‘ida shahar va qishloqlarimizda yashil hududlar maydonini kengaytirish muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidlab, inson salomatligi hamda atrof-muhit uchun foydali bo‘lgan daraxt va butalar turini ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan edi. Bunday bog‘lar bugun yurtimizning barcha hududlarida zamonaviy me’morchilik talablari asosida bunyod etilib, mavjudlari rekonstruksiya qilinmoqda.

Prezidentimiz saylgoh atrofi, unga tutash hududlarni yanada obodonlashtirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Ko'rishlar soni

489