USD = 8085.11 SUM   EUR = 9487.07 SUM
Toshkent
Booked.net - Hotel reservations
+28°C

Ikuo Xiroyama xalqaro madaniyat karvonsaroyida navbatdagi ko‘rgazma ochildi

Nashr qilingan sana: 09 11 2017

I Toshkent xalqaro amaliy san’at festivali doirasida Ikuo Xiroyama xalqaro madaniyat karvonsaroyida navbatdagi ko‘rgazma ochildi, deb xabar beradi O‘zA.

Ikki qismli ekspozitsiyadan iborat ko‘rgazmada Toshkentdagi “Kolibri” bolalar ijodiyoti studiyasi badiiy to‘garaklari qatnashchilarining ijod namunalari muxlislar e’tiboriga havola etildi. Bu yerdan o‘rin olgan matoga tasvir aks ettirish – batika, applikatsiya, yumshoq o‘yinchoqlar, liboslar dizayni, chinniga gul chizish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha yosh ijodkorlarning ishlari bolalar ichki dunyosining naqadar boyligi, samimiyatga to‘laligi, zavqli, jo‘shqin va beg‘uborligini yana bir karra namoyish etdi. 

Ko‘rgazmaning ikkinchi qismida esa yurtimizning ustalari bilan birga Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya va Buyuk Britaniya hunarmandlari ijodiga nazar tashlash imkoniyati yaratilgan. Xitoylik ustalar ijod namunasi mukammalligi, ingliz hunarmandi yasagan choy idishlari oddiyligi, koreyalik musavvirlarning harir matoda aks etgan chizgilari g‘oyat nafisligi bilan tomoshabinga manzur bo‘lmoqda. O‘zbekistonlik Yuliya Drobovaning shishali mozaikasi rangin va betakror, Rafael Yenaliyevning “Ipak yo‘lining soya va akslari” nomli turkum ishi gul va o‘simliklar, ko‘zmunchoq va boshqa o‘ziga xos, kutilmagan detallarga g‘oyat boy.         

Tadbir doirasida san’at yangiliklariga oid yangi nashrlar taqdimoti, yurtimiz va xorijlik dizaynerlarning ijodini namoyish etuvchi modalar ko‘rigi bo‘lib o‘tdi. 
 

Ko'rishlar soni

178