USD = 8069.29 SUM   EUR = 9403.14 SUM
Toshkent
Booked.net - Hotel reservations
+28°C

“Harne istarsen o‘zungdin istagil”

Nashr qilingan sana: 22 10 2017

Alisher Navoiyning betimsol va betakror ijodiyotini ko‘p asrlik adabiyotimizning poytaxti — bosh markazi desa hech xato bo‘lmaydi. Chunki jahondagi barcha buyuk adabiyot va san’atkorlarni yaqinlashtiradigan xususiyat, haqiqat va fazilatlar unda mujassamlashgandir. Shuning uchun ham mutafakkir shoir asarlarida milliylik, xalqchillik ruhi umuminsoniylik tamoyillari bilan birlashib - favqulodda ta’sirli tarzda uyg‘unlashib ketgan. Albatta, Navoiyday daho shoirlar tasodifan dunyoga kelmaydi. Buning uchun shakllangan ijtimoiy-madaniy muhit, yaxshi rivojlangan iqtisodiy-siyosiy sharoit, did va saviyasi yuqori ziyoli toifa zarur. Navoiy o‘n beshinchi asr farzandi. Lekin uning shaxsiyati va dunyoqarashi jahongir Amir Temur asos solgan ulkan saltanat bilan, undagi misli ko‘rilmagan ma’rifiy-madaniy, ilmiy-amaliy ko‘tarilishlar bilan bog‘liq edi. Donishmand olim va hukmdor Mirzo Ulug‘bek taqdirida Amir Temur qanchalik katta ta’sir o‘tkazgan bo‘lsa, temuriyzoda Husayn Boyqaro ham Navoiyning Navoiy bo‘lishida alohida hissa qo‘shgan. To‘rt mustaqil devondan tarkib topgan “Xazoyin ul-maoniy”ning tartib berilishi, muhtasham she’riy obida — “Xamsa”ning yaralishidagi Boyqaro himmatini Navoiy alohida minnatdorlik bilan e’tirof etadi. Husayn Boyqaro shoh shoir, ma’rifatsevar, ilm va adabiyot muhibi bo‘lganligi uchun u yo bu zaylda boshqa ijodkorlarni ham qo‘llab-quvvatlagan. Lekin shaxsiyat, iste’dod, dunyoqarash, tarixiy burch nuqtai nazaridan hech kim Navoiyga teng kelolmaganidek ilm-fan, ma’rifat, badiiy ijod olamida Navoiy qilgan ishlarni boshqa bir qalam sohibi amalga oshirolmasdi. Navoiy ona yurtni haqiqiy yurt, zahmatkash xalqini peshonasiga oftob tekkan xalq bo‘lishi uchun adabiyot va davlat arbobi sifatida nima qilishni behad chuqur anglardi.

Ko‘hna Sharqda “Shoir qalbida dard va iztirob jo‘shmasa, u shoir emas — nozim erur”, degan bir qarash bo‘lgan. Bunda “nozim” deyilganda qofiyabozlik,

ijodda kosibchilik qilish ko‘zda tutilgan. Navoiy ham she’riyatda, avvalo, teran dard, yorug‘ iztirobga tayangan san’atkor edi. Yurt ishqi, millat dardi, haqiqat orzusi bilan yongan ko‘nglida g‘am va alam doimo kamlik qilayotganday tuyulgani uchun ham u bir she’rida:

Ko‘ngil ichra g‘am kamligi asru g‘amdur,

Alam yo‘qlig‘i dag‘i qattiq alamdur,

deb yozgan edi. Butun umri va ijodiyotini oddiy inson, mehnatkash ulus manfaatiga bag‘ishlagan ulug‘ shoir she’rga yolg‘on aralashuvini ham, allaqanday g‘araz yoki manfaatlar tufayli she’rxonni avrash va aldashga mo‘ljallangan so‘zlardan satrlar tizishni ham xayolga keltirolmasdi. Navoiyning to‘g‘riligi, haqgo‘yligi, adolatparastligida atayinlik, o‘yinchilik yo‘qligi shundan. G‘azallaridan birida u mana nima deb yozgan:

Gar budur olam, kishiga mumkin ermas anda kom,

Haq magarkim kom uchun boshtin yorotqoy olame.

Ya’ni: shunday olamda kishining murod-maqsadga yetishi mumkin emas ekan, unda Xudo bandasining orzu va tilaklari ro‘yobga chiqadigan boshqa bir olam yaratishi lozimdir. Bu fikr dunyoni qoralash, odamlarni ilojsizlikka ko‘nikish, imkonsizlikka tan berishga undash uchun emas, balki mavjud olamni o‘zgartirish, o‘z qismati uchun har bir kishini mas’ullikka chorlash maqsadida aytilgan. Zero, inson dunyoga mutelik, qashshoqlik, baxtsizliklarga ko‘nikib yashash uchun kelmaydi. Kurashchanlik, yaratuvchanlik inson qadrini naqadar yuqori ko‘tarsa, hayotni ham o‘shancha yangilaydi. Buning bir isboti yurtimizda kechayotgan ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy va ma’naviy evrilishlarda ham ko‘rinib, bilinib turibdi. Navoiy ijodiyotining ichki dunyosini anglash — insoniylik muammolarini bilish bilan birga ilohiylik sirlaridan ham voqiflikdir. Navoiy she’riyatida idrokning tamali, mushohadaning bosh yo‘li — Ishq. Mutafakkir shoir ishq deganda faqat sevish-sevilishni emas, balki ma’rifatda yetuklik, ma’naviy-ruhiy hayotda komillikni ham nazarda tutgan. Navoiy kuylagan ishq — hayotni, tiriklik

va dunyoni o‘zida mujassamlashtirgan ishqdir. Bir qanoti majoz, ikkinchisi — haqiqat bo‘lgan bu ishqda garchi hijron, ayriliq azob-uqubati va beadad hasrat ustunlik qilsa-da, uning asl ma’no-mazmunini boqiy go‘zallik va oliy haqiqatlar tashkil etadi. Olam, zamon, jamiyat va ahli dunyoga tegishli bosh masalalarni Navoiy asosan oshiq va orif nuqtai nazari bilan hal qiladi. Navoiy talqin va targ‘ib qilgan ishq abadiy fayz, boqiy hayot manbai bo‘lganligi tufayli ham yurakni nafsoniy mayl, o‘tkinchi his-tuyg‘ulardan poklaydi. Haqiqiy ishq bo‘lmasa, olam g‘ariblashib, odamning qalbi chirkinlik va tubanliklardan poklanolmasligiga ishongani uchun ham shoir hech ikkilanmay degan:

Bo‘lmasa ishq, ikki jahon bo‘lmasun,

Ikki jahon demaki, jon bo‘lmasun.

Shoirning mehr-muhabbatdan yiroq axloqqa - axloqsizlik, ishqdan mahrum ilmga — johillik deb qaragani ham bejiz emas.

Bir narsaga mening ishonchim komil: bugungi turmushimizdagi axloqiy-ma’naviy muammolarni hal qilishda ham, til va ma’rifatni rivojlantirishning eng to‘g‘ri yo‘lini belgilashda ham hech bir adib, shoir yoki olim Navoiychalik bizga yaqindan yordam berolmaydi. Biz Navoiyning shaxsiyati va serqirra ijodiyotini yetarli darajada, to‘la xolislik bilan o‘qib-o‘rganmaganligimiz uchun nafsni tanish, ko‘ngilni poklash, ruh zavqiga suyanib yashashda ancha ortda qolganmiz. Vaholanki, birgina tamaning o‘zi olamni buzishi, dunyoda tamadan yiroq kishini uchratish dushvorligini aytib, xushomad va tamagirlikning ofatidan Navoiy hatto avlodlarni ham ogohlantirib ketgan:

Ey Navoiy, olam ahlida tamasiz yo‘q kishi,

Har kishida bu sifat yo‘qtur, anga bo‘lg‘ay sharaf.

Sen agar tarki tama qilsang, ulug‘ ishdur bukim,

Olam ahli barcha bo‘lg‘ay bir taraf, sen bir taraf.

Bu satrlarni sharhlovchi yoki tahlil etuvchilar topiladi, albatta. Ammo ularni o‘qib o‘zining qay “bir taraf”ga mansubligini to‘g‘ri belgilay oladiganlar qancha? Shu savolga aniq javob qaytarishning o‘ziyoq jamiyatni doim ogohlikka, axloqiy hushyorlikka chorlashi shubhasizdir. Navoiy tama, manfaat, martaba yuzasidan xushomad va xushomadgo‘ylik qilishni shu qadar qoralaganki, bir she’rida qoralashni hatto qarg‘ish darajasiga ko‘tarib:

Chun xushomad demakni boshlasa kosh

Kim, tutilsa dami, kesilsa tili,

degan. Navoiydan nazariyotchilikni emas, biz ko‘proq amaliyotchilikni o‘rganib, o‘zlashtirishga qunt qilganimiz sayin, Navoiy bilan oradagi masofa qisqarib, anglash, mushohada qilishga tegishli to‘siqlar kamayib boradi. Xullas, buyuk donishmandning har bir asari, har bir baytini Navoiyga xos ruhoniyat va fikr erkinligi bilan o‘qishga intilish lozim. Buning uchun ilm egallash, bilimga suyanish yetarli emas, ilmni ma’rifatga bog‘lash, ya’ni aql va mantiq mahsuli bilan ko‘ngilda tug‘ilgan ma’nolarni birlashtirib, mushohada maqomiga yuksalmoq zarur. Ana shunda bashariyatning eng katta, eng qiyin muammosi — insonning o‘zini anglashi bir qadar osonlashib, Navoiyning:

O‘z vujudingg‘a tafakkur aylagil,

Harne istarsen o‘zungdin istagil,

degan so‘zlarini amalga oshirishga qodir shaxslarning safi kengayib boradi. Busiz hayotning har qanday muvaffaqiyat va omadi omonat hamda baqosiz bo‘lishini unutmaslik kerak. Ulug‘lik kuch-quvvati va salohiyati susaygan millat eng buyuk san’atkorining ham buyuklik sir-asrorini kashf etolmaydi. Va uning ijod namunalarini jo‘nlashtirib kundalik turmush manfaatlariga moslashtirish yo‘liga o‘tib oladi. Shunday holat mustabid sovet davlati hukmronligi davrida Navoiy ilmiy-adabiy merosini tashviq-u targ‘ib qilishda ham kuzatilgan edi. Shuning uchun shoirning islom dini va shu din zaminida paydo bo‘lgan tasavvuf ta’limotiga

aloqadorligi xususida fikr yuritish taqiqlangan edi. Mustaqillik bunaqa g‘irromlik va haqsizliklarni chetga supurib tashladi. Navoiyshunoslikda butunlay erkin, ilhombaxsh yangi davr boshlandi. Nisbatan qisqa vaqt mobaynida shoirning ilmiy-adabiy merosi tadqiqiga bag‘ishlangan turli mavzulardagi yuzlab maqolalar, o‘nlab risola, monografiya va kitoblar e’lon qilindi. Navoiyning o‘n jildlik to‘la asarlar to‘plami kitobxonlar qo‘liga yetkazildi. Bultur shoirning ikki jildlik “Shohbaytlar” va “Alisher Navoiy qomusiy lug‘at” kitobi nashr etilib, “Navoiy ensiklopediyasi” ustidagi ishlar nihoyasiga yetkazildi. Yangi yildan boshlab esa “Sharq Renessansi va Alisher Navoiy ijodiyoti” mavzusida fundamental tadqiqot yaratishga kirishildi.

Bir haqiqatni unutmasak: Navoiy ijodiyotiga biz Navoiy uchun emas, balki o‘zimiz uchun, o‘zimizning ma’naviy manfaatlarimiz tufayli murojaat qilamiz. Mohiyatan biz Navoiyni o‘zgartira olmaymiz, lekin Navoiy bizni o‘zgartiradi. Navoiyni sevib, yurakdan o‘qib-o‘rgangan kishining shaxsi, tabiati, dunyoqarashida, albatta, o‘zgarish va yuksalish bo‘ladi. Navoiyning nomi ham, ijodi ham odamlarni beg‘araz e’tiqod, ishchan vijdon atrofida birlashtiradi va:

Olam ahli bilingizkim, ish emas dushmanlig‘,

Yor o‘ling bir-biringizgaki, erur yorlig‘ ish,

deb yozganida gumanistlikda chindan u asrlarni ortda qoldirib ilgarilab ketganiga ham ishoniladi. Olimlarning umumiy e’tiroflari bo‘yicha, hind, yunon, xitoy tushuncha tizimlaridan farqli o‘laroq, turkiy xalqlarning tafakkur va tushuncha tizimida millat muhabbati, Yaratganga tobelik hamda to‘g‘rilik xislati doimiy tarzda ustuvorlik etib kelgan. Yurt va xalq sevgisi, Haq yo‘lidan chekinmaslik, har qanday vaziyatda to‘g‘rilikka sodiq bo‘lishga intilish Navoiy uchun ham Shaxs kamolining daxlsiz shartlari edi. Demak, Navoiy ijodiyotini o‘rganish va yaxshi bilishdan doimo manfaatdormiz, demak, bu yo‘lda hafsalasizlik qilishga haqqimiz yo‘qdir.

Ibrohim Haqqul,

filologiya fanlari doktori.

Ko'rishlar soni

452