USD = 8069.29 SUM   EUR = 9403.14 SUM
Toshkent
Booked.net - Hotel reservations
+28°C

Haqqa yetishning riyozatli yo‘li

Nashr qilingan sana: 03 11 2017

Insonni inson qilib turgan — uning tafakkuridir.

Per Buast

Orol bo‘yidagi kimsasiz ovulda bir qariya yolg‘iz yashaydi. Farzandlari allaqachon shaharlik bo‘lib ketgan, markazdan uy olib, unga ham ko‘chirib ketishmoqchi. Ota esa oyoq tiragani tiragan: bormayman! U qayiq yasash bilan band — Orol bir kun, albatta, qaytib keladi deb ishonadi. “Orolning mavjlanib turganini ko‘rib o‘lsam armonim yo‘q”, deydi doim.        

Nafaqat Orol fojeasi, balki inson matonati, jonfidolik, ona tuproqqa muhabbat-u sadoqatdan naql etuvchiTanho qayiqpsixologik drama-rivoyati bugungi ozbek adabiyotining zabardast vakili, Ozbekiston xalq yozuvchisi Erkin AZAM qalamiga mansub.

Adib mamlakatimizdagina emas, Markaziy Osiyoda ham ma’lum va mashhur. Asarlari ko‘pgina xorijiy tillarga tarjima qilingan. Vashington, Parij va London kabi yirik shaharlarda kitoblarining taqdimoti bo‘lgan. O‘nlab hikoya, qissa, roman va pyesalar muallifi. Peshqadam kinodramaturg sifatida o‘ndan ziyod to‘liq metrajli badiiy filmning suratga olinishida qatnashgan. Ularning aksariyati xalqaro kinofestivallarda nufuzli sovrinlarni qo‘lga kiritgan. Pyesalari asosida sahnalashtirilgan spektakllar mamlakatimiz teatrlarida muvaffaqiyat bilan namoyish etilayotir.

Insonparvarlik, insoniy erk va erkinlik uchun botiniy kurash, jamiyatning yuksak ideallarga doim ham mos tushavermaydigan ayrim tartibotlariga nisbatan murosasiz munosabat — adib asarlarini ruhan birlashtirib turuvchi jihatlardir. U yuzlab milliy xarakterlar yaratgan, ularda inson bilan jamiyat o‘rtasidagi munosabat, insonning ma’naviy va axloqiy kamoloti masalalari yangicha yo‘sinda talqin-u tahlil etiladi. Deylik, “Anoyining jaydari olmasi” hikoyasi qahramoni Ramazon — ko‘ngli ochiq, tanti, samimiy yigit, u chin do‘stlikni har narsadan ustun qo‘yadi. Yoki “Jiyan” hikoyasidagi tadqiqotchi olimni olaylik, u qilmishini taroziga solib ko‘rib qiynaladi, iztirob chekadi — har qalay vijdoni uyg‘oq. “Yozuvchi” hikoyasida esa ijodkor shaxsning burchi, a’moli, shuningdek, murakkab, ziddiyatli qismati qalamga olingan.

Tom ma’nodagi ijodkor, o‘ziga xos, teran fikrlovchi san’atkor adibni hayot, zamon, baxt tushunchasi, Vatanning buguni-yu ertasi haqida suhbatga tortdik.

Manaviyat, manaviy uygonish, manaviy qadriyatlar... Bu falsafiy tushunchalarni qanday izohlaysiz?

— Komil inson, adolatli jamiyat... Bu — mayoq misol o‘ziga chorlab, insonning umr yo‘llarini yoritib turuvchi bir orzu, bir ideal. Odam bolasi ezgu maqsadlarsiz, ma’naviyatsiz qanday yashasin?!       

Ro‘zi azaldan, sofokllar zamonidan beri adabiyotning bosh g‘oyasi — insoniylik, vazifasi esa insonning ma’naviy-axloqiy qiyofasini aks ettirish bo‘lib kelgan. Sharq, jumladan, o‘zbek adabiyoti va falsafasining ko‘p asrlik an'analari negizida ham shu g‘oya mujassam. Forobiy, Beruniy, Navoiy kabi buyuk allomalar ham shu g‘oyani targ‘ib etmaganmi?! Mumtoz adabiyotimiz ham mohiyatan boshdan-oyoq insoniylik g‘oyasiga asoslanadi. XIX asr intihosi-yu XX asr ibtidosi — rus adabiyotining “Kumush davri”dan to Chexovgacha bo‘lgan pallani olaylik. Asar qahramonlari nimadan bahs etgan deysiz? Albatta, ma’naviyatdan, axloq-odobdan-da!

— Sizning ijodingiz o‘zingiz ko‘p yillardan buyon boshqarib kelayotgan “Tafakkur” jurnalidagi faoliyatingizga nihoyatda hamohang, uyg‘undir. Islom dinida “tafakkur” tushunchasi “mulohaza-mushohada vositasida Haqqa yetmoq” deya talqin etiladi... Jurnalning falsafiy-badiiy yo‘nalishi xususida so‘zlab bersangiz.

— Mamlakatimiz mustaqil bo‘lgach, ma’naviy yangilanishga, millatni birlashtirishga qodir, ertangi kunga — istiqbolga umid uyg‘otadigan muayyan g‘oya — mafkuraga ehtiyoj tug‘ildi. Birinchi Prezident Islom Karimov farmoni bilan 1994-yili “Ma’naviyat va ma’rifat” markazi, shu qatori “Tafakkur” jurnali tashkil etildi. Ma’naviy-ma’rifiy, ijtimoiy-falsafiy yo‘nalishdagi bu nashrning maqsadi, vazifasi — ma’naviyat va ma’rifat ravnaqiga hissa qo‘shish, milliy istiqlol g‘oyasini zamondoshlarimiz ongiga singdirish, yosh avlodda yangicha tafakkurni shakllantirish, milliy va umuminsoniy qadriyatlar targ‘ibotidir. Jurnalning 1998-yilgi 2-sonida davlatimiz rahbari bilan bo‘lgan suhbatda milliy mafkuraning nazariy va amaliy jihatlari teran yoritib berilgan. Insonni kamsitib, xo‘rlik, tobelikka mahkum etgan, manqurtga aylantirib qo‘ygan kommunistik g‘oyani quruq tanqid va safsata yo‘li bilan yengish imkonsiz ekanligi, “G‘oyaga qarshi faqat g‘oya, fikrga qarshi faqat fikr, jaholatga qarshi faqat ma’rifat bilan kurashish mumkin”ligi haqida so‘z boradi. “Maqsad degani xalqni, millatni birlashtiruvchi, yo‘lga boshlovchi bamisoli bir bayroq. Bu bayroq xalqning ruhini, g‘urur-iftixorini, qudratini, orzu-intilishlarini mujassamlashtiradigan ulug‘ kuchdir” deya ta’kidlagan edi davlatimiz rahbari.

Jurnal yaqin chorak asr mobaynida mamlakatning turfa matbuot ummonida g‘arq bo‘lib ketmadi, aksincha, sonma-son ulg‘ayib, yetakchi nashrlar qatoridan mustahkam o‘rin egalladi. Jurnalning mualliflari davrasi yil sayin kengayib bordi. Ko‘zga ko‘ringan olimu ijodkorlar, shoir-u faylasuflar sara asarlarini “Tafakkur”ga ilinadigan bo‘ldi. Jurnal ham ularning eng yaxshilariga sahifa ajratishni taomil qildi. O‘zbekiston Qahramoni Ozod Sharafiddinov, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, shuningdek, Najmiddin Komilov, Abdurahim Erkayev, Ibrohim G‘afurov, Ibrohim Haqqul, Xurshid Do‘stmuhammad, Viktor Alimasov, Mansurxon Toirov va boshqa mualliflarning jamiyat ma’naviy hayotining dolzarb masalalardan bahs yurituvchi salmoqli maqolalari bizda nashr etildi.

Mustaqillik yillari mamlakatimiz ma’naviy hayotiga qo‘shgan hissasi uchun “Tafakkur” jurnali yaqinda “Oltin qalam” XII Milliy mukofotining Bosh sovriniga sazovor bo‘ldi.

— O‘tgan asrning 90-yillari boshida siz matbuotda o‘zingiz mansub bo‘lgan avlodni aldangan avlod deb atagan edingiz. Oradan chorak asr o‘tdi, fikringiz o‘zgardimi yoki...

— Avlod deganlari borki, zamonning tezkor-u shiddatvor o‘zgarishlari, yangilanishlariga ko‘nikuvchan keladi. Soddalik, ishonuvchanlik mundoq olib qaraganda, yomon xislat emas. Ayniqsa, ijodkor mardum — olim-u yozuvchi shunday bo‘lgani durust. Birinchi bo‘lib ilg‘or g‘oyalarni qarshi oladigan, “aldov”ning ilk qurboni bo‘ladigan ham shular-da. Mudom o‘y-fikrlar bilan band odam yon-atrofida aslida nimalar bo‘layotganini goho payqamay ham qoladi. Buning nimasi yomon? Hozir ham aldanishdan qo‘rqmayman, yaxshilik, ezgu ish bo‘lsa bas, ishonishga tayyorman. U zamonlar esa biz kommunizm g‘oyalariga, dunyodagi eng baxtiyor davlatning eng baxti kulgan fuqarosi ekanimizga, chegara ortida esa ahvol xarobligiga chippa-chin ishonar edik...

— Baxt deganlari nima, sizningcha? Yozuvchi, oddiy bir inson sifatida unga qanday ta’rif bergan bo‘lardingiz?

— Qo‘ying, shu so‘zdan qo‘rqadi odam... Baxt nima deysizmi? Ruhiy osoyishtalik bo‘lsa kerak-da. Oilangiz tinch, bola-chaqangiz o‘z yumushi bilan band, yoki deylik, sokinlik, musiqa... Buni nima deb atasangiz atayvering — ichki bir muvozanatmi, qalb ravshanligimi yoki ruhlanishmi... Odam birdan ezgu ishlar qilgisi keladi... nimalardir yozgisi! Baxt degani ehtimol ana shu dam, ana shu lahzalardir...

Aytgancha, mana bu yeringizda — yuragingizda laxcha cho‘g‘ yonib turgani ham baxtdir. Shunisiyam borki, odam mulohazakor, dardkash, tabiatan ijodkor bo‘lsa, u hech qachon o‘zidan qoniqmaydi.

— Badiiy asarning umri uzoq, u mudom o‘qilishi uchun qanday bo‘lishi kerak?

— Eng avvalo haqqoniy bo‘lmog‘i darkor! Mana, biz ko‘pincha zamonaviy adabiyot, zamonaviy adabiyot deymiz. Men kuni kecha yozilgan, bugungi voqealar qalamga olingan bir romanni o‘qiyapman, ammo u zamonaviy emas. Haqqoniylikni ham turlicha talqin etish mumkin. Biz bu o‘rinda badiiy haqiqatni nazarda tutyapmiz. Bulgakovning “Ityurak” asari esingizdadir. Hayot haqiqati qani unda dersiz? Lekin professor Preobrajenskiyga, doktor Bormentalning hayotiyligiga ishonmay ilojingiz yo‘q. Tarixiy mavzuda ham mohiyatan zamonaviy asar yozsa bo‘ladi. O‘zbek adabiyotida Abdulla Qahhorning o‘tgan asr yigirmanchi yillari voqeligi tasvirlangan “Sarob” romani yoki G‘afur G‘ulomning “Hasan Kayfiy” hikoyasi shaxsan menga har doim zamonaviydir. Bu har ikki asar zamiriga singdirilgan g‘oya, fikr bugun ham eskirmagan, hamon dolzarb.

Albatta, har qanday ideal qahramonni to‘qib yozish mumkin. Uning shakl-shamoyili, fikr-qarashlari qanday bo‘lishini taxminan bilamiz. Ammo hayotda shunday odamni topolasizmi? Benuqson, beayb, farishtadek xayoliy qahramonning kimga qizig‘i bor? Shunday ekan, bugunning qahramoni, avvalo, jonli inson bo‘lmog‘i lozim. Modomiki, asar kitobxon uchun yozilar ekan, yozuvchi uni ishontira bilishi kerak. Boshqa tomondan qarasangiz, chin haqiqat deganlari birmuncha “noqulay”, uni qabul qilish qiyin... Masalan, kamina “Ilgari yaxshi yozar edingiz, oxirgi chiqqan asarlaringiz og‘ir, tushunish qiyinroq”, deganga o‘xshash “ta’na”larni ham eshitib qolaman.

Yozuvchining oldida turgan vazifa g‘oyat mas'uliyatli: bir tomondan, yozgan asarlari orqali kitobxon qalbiga ishonch, umid urug‘ini qadasin, ayni choqda esa u haqqoniy bo‘lsin. Bu esa biz o‘ylaganchalik oson ish emas. Hatto Chingiz Aytmatovdek yozuvchi ham: “Butun umr qahramonlar murod-maqsadiga yetishuvi bilan yakun topadigan nimadir yozmoqni orzu qilib yashadim. Xuddi ertaklardagidek-da. Yo‘q, bo‘lmadi, yozolmadim”, deya iqror bo‘lgan edi.

— Yozuvchi o‘z xalqi, Vatani manfaatlaridan chetda yashay olmaydi. U iqtidor sohibigina emas, faol fuqaro ham bo‘lishi kerak. Sizningcha, haqiqiy vatanparvarlik nima?

— Odam bolasi uchun kindik qoni tomgan tuproqning o‘rni boshqa — deylik, u o‘taketgan kosmopolit bo‘lsa ham. Faqat vatandagina o‘zingizni erkin, bemalol sezasiz, faqat vatandagina chinakam hurmat-e’tibor ko‘rasiz. Men dunyoning ko‘p mamlakatlarida bo‘lganman, lekin har safar bir haftaga qolmay uyimni qo‘msay boshlayman... Xo‘sh, vatanparvarlik nima o‘zi? Bu — vijdon, or-nomus, odamlarga, eng avvalo o‘z-o‘zingizga bo‘lgan munosabatingizdir. O‘z kor-u a’molingizga halol, mardona munosabat bu. Olimmi, yozuvchimi, harbiymi yoki farrosh — kim ekanimizdan qat’i nazar, agar har birimiz o‘z ishimizga vijdonan yondashsak, mana shuning o‘zi vatanparvarlikdir. Vatanga muhabbat olamga jar solib izhor etilmaydi. Vatanga muhabbat minnat qilinmaydi. O‘zingiz tug‘ilib o‘sgan, tomir otgan tuproqni, yaxshi-yomon kuningizda koringizga yaragan xalqni qadrlamay bo‘ladimi?! U mudom yuragingizning to‘rida, uning bir parchasi bo‘lib qolaveradi. Meni taajjubga soladigani shuki, ulug‘ ayyomimiz Mustaqillik bayrami arafasida ommaviy axborot vositalarida birdan bulbulgo‘yolar musobaqasi boshlanib ketadi — shoir, yozuvchi, publisistlar basma-basiga Vatanni madh eta boshlaydi. Shunchalik vatansevar ekansan, oldinroq, deylik, dekabr yoki fevral oylarida qayoqda eding? Or-nomusli odam bunday ishlardan o‘zini tiyadi, chunki uyaladi. Bu, axir, bozordagi oldi-berdi emas-ku! Rus faylasufi V.Solovyov zap ko‘nglimdagini topib aytgan: “Yo vijdon, yo vatanparvarlik! Qay biri ustun? Qay biridan voz kechish mumkin? Lekin masalani bu tarzda qo‘yib bo‘lmaydi-da”.

Agar global miqyosda olib qaraydigan bo‘lsak, inson xuddi or-nomusni boy bergandek borgan sari moddiy manfaatlar ma’naviy qadriyatlardan ustun kelayotir. Bu hamma biladigan oddiy gap, e’tirozga o‘rin yo‘q desak, men yozuvchi bo‘laturib shu “haqiqat”ni tan olsam, qo‘limga qaytib qalam tutmasligim kerak. Ammo gap bir men emas, yosh avlod haqida borayotir. Ular manfaat balosini birinchi o‘ringa qo‘yadigan bo‘lgan. Deylik, nabiram mendan ko‘ra manfaatparastroq... Bir kun kelib hamma narsaga erishgachgina odam ma’naviy qadriyatlar haqida, yon-veridagi ehtiyojmand kimsalar haqida qayg‘ura boshlaydi, deb o‘ylaymiz. Bo‘lmagan gap! Ikkinchi jahon urushi yillarini eslang, xalqimiz yuzlab, minglab och-yupun bolalarni, oilalarni issiq bag‘riga olmadimi, bor-yo‘g‘ini ular bilan baham ko‘rmadimi?! Nima, biz u vaqtlar rahmdilroq edikmi? Xudbinlik har nedan ustunlik qilayotganini ko‘rmoq, e’tirof etmoq naqadar og‘ir! Bundan ham battari, bugun — XXI asrda ham millionlab odam harbiy nizolarning qurboni bo‘layotir, mislsiz azob-uqubatlarni boshdan kechirayotir va buning hech adog‘i yo‘qdek! Ikkinchi jahon urushidan keyin barcha 27 million insonning umriga zomin bo‘lgan bunday qirg‘in-barot qayta takrorlanmaydi, bu bashariyatga abadiyan achchiq saboq bo‘ldi, deb o‘ylamaganmidi?..

Lekin odam bolasi bir kun baribir es-hushini yig‘ib oladi, deb ishongingiz keladi. Aks holda u jisman ham, ruhan ham mahv bo‘ladi. Umumbashariy bu muammo adabiyotga ham bevosita taalluqlidir. Insoniy ezgulik, rahmdillik, hamdardlik, saxovat — insonni inson qilib turgan fazilatlar shular emasmi?! Dunyoni dunyo qilib turgan ham shu. Bashariyat istiqboli ham shunga bog‘liq.

— Kitobxonlik madaniyatini shakllantirish bugun davlat ahamiyatiga molik vazifadir. Bu muammoning yechimi nimada, sizningcha?

— Bir vaqtlar biz eng kitobxon xalq sanalardik. Yagona ovunchimiz kitob, mutolaa edi desam, mubolag‘a bo‘lmaydi. Zarur kitobni qay yo‘l bilan bo‘lmasin topardik — makulaturaga ayirboshlardik, birovdan so‘ranib olardik, safar-sayohatga ketayotgan birodarimizga tayinlab yuborardik...

Bozor iqtisodiga o‘tish barobari “kitobsiz ham yashash mumkin” degan fikr, shunday hayot tarzi shakllandi. Moddiy manfaatlar ma’naviy qadriyatlarni bir chetga surdi. Bu esa oyog‘imizga tushov bo‘lib, bizni ortga sudradi. Shu bois Prezidentning bu boradagi farmoyishi — kitobxonlikka, kitobga qaytishda muhim qadam bo‘ldi. Bunda davlatimiz rahbarining shaxsan namuna ko‘rsatayotgani, kitobxonlik, mutolaa — ma’naviyatning asosi, busiz jamiyat har tomonlama uyg‘un rivojlana olmaydi, degan g‘oyani targ‘ib etayotgani o‘ta muhimdir.

Kitobxon avlodni tarbiyalash uchun, avvalo, oilada kitobxonlik an’anasi, shuningdek, mutolaa madaniyatini shakllantirishga e’tibor qaratmoq lozim. Yoshlarga haqiqiy adabiyotni bir pulga qimmat bitiklardan ajratishni o‘rgatish kerak, bunda ommaviy axborot vositalarining o‘rni beqiyos.

Kitob nashri va savdosi masalasida ham muammolar kam emas. Kitobning narxi hamyonbop bo‘lishi kerak. Masalan, oxirgi chiqqan kitobimning tannarxi 17 ming so‘m, “Kitob olami” do‘koni uni 25 yarim mingdan pullayotir. Qimmat-da! Kim sotib oladi uni? Masalan, o‘zim olmagan bo‘lardim. Shu bois davlatimiz rahbarining bu farmoyishi ziyolilar ko‘chasiga bayram olib keldi deyish mumkin.

— Yashashda sizga qanday hayotiy, ijodiy tamoyillar yoki umid kuch beradi?

— Umuman olganda, bir insonga nimaiki kerak bo‘lsa, shukr, hammasi bor, hayotimdan nolimayman. Nimalardir yozsam deyman, negaki ko‘p gaplar aytilmay qoldi, ko‘p imkoniyatlar boy berildi, degan o‘y hech tinch qo‘ymaydi. Tamoyillar esa... Har bir davrning o‘ziga xos tamoyili bo‘ladi. Faqat bir narsa o‘zgarmasdir — yozuvchi halol va mard bo‘lmog‘i kerak, vassalom!

Mening ham ko‘pni ko‘rgan orzumand qahramonim misol mo‘jizaga — “Orol bir kun qaytishi”ga ishongim keladi. Axir uni biz, odamlar yo‘q qildik, negaki yuragimizdagi cho‘g‘, fikr so‘ngan, u toshga aylanayozgan edi. Taskin shuki, ertaga yana tong otajak, yangi tong bugungidan a’lo — inson bolasi hur-erkin, O‘zbekiston esa mutaraqqiy bo‘lgay! Ertangi kunga ishonch — bizga qanot, usiz hayot esa ma’nisizdir.

 

“Pravda Vostoka” gazetasi

 muxbiri Irina Ribar

 suhbatlashdi.

Ko'rishlar soni

391