USD = 8085.11 SUM   EUR = 9487.07 SUM
Toshkent
Booked.net - Hotel reservations
+28°C

Buyuk shoirning vasiyati

Nashr qilingan sana: 05 11 2017

2016-yil 5-noyabr, shanba oqshomi edi. Yozuvchilarning Do‘rmondagi bog‘ida bir guruh qalamkashlar suhbatlashib o‘tirgan edik. Davradoshlarimizdan birining telefoni qattiq  jiringladi. “Olloh rahmat qilsin!” dedi u birdan ovozi titrab. Sovuq xabar ummon ortidan kelgan, Abdulla Oripov o‘z she’rlarida “sehrli diyor” deb atagan Amerikada vafot etgandi. 

Buyuk shoir bilan muloqotimizning ayrim qisqartishlar bilan berilayotgan quyidagi matni 2005-yilning 14-fevralida matbuotda e’lon qilingan edi. Bugun uni qaytadan o‘qisak, ulug‘ zamondoshimizning o‘n ikki yil burun aytgan gaplari, o‘gitlari avlodlarga vasiyatdek bo‘lib tuyuladi.

 Qulman Ochil.        

Abdulla  ORIPOV:  EL-YURTINGGA MUNOSIB BO‘L!  

O‘zbekiston Qahramoni,  Yozuvchilar uyushmasi raisi, Senat a’zosi Abdulla Oripovning O‘zA muxbiri bilan muloqotidan.

     —  Bu dunyo bozorga o‘xshaydi. Kimdir unga borayotgan bo‘lsa, kimdir qaytayotir. Bozordan qaytayotganlar — biz, yoshi ulug‘lar, turmushning achchiq-chuchugini tatigan, hayotiy tajribaga ega odamlardirmiz. Bozorga borayotganlar esa ong-u-shuuri, dunyoqarashi hali to‘la shakllanmagan, mas’um yoshlarimiz. Xalqimizning odatiga ko‘ra, biz bozorda ko‘rganlarimizni unga borayotganlarga aytishimiz kerak: “O‘g‘ri-yolg‘onchi, firibgarning domiga tushib qolma, adashma, ehtiyot bo‘l!” - deya ogohlantirmog‘imiz shart.
    Men orzu qilamanki, qaniydi har bir ota-ona bu dunyodan ketar chog‘ida farzandini yoniga chaqirib: “Men seni halollik bilan ulg‘aytirdim. Boshingni ko‘tarib yur! El-yurtingga munosib bo‘l!” deya olsa. Bunday ota-onaning ikki dunyoda ham yuzi yorug‘ bo‘lishi shubhasiz.
    Mustaqillik farzandlari — ruhan yangi avlod. Bilimda ham, ilmda ham, yashash-u intilishda ham dunyoda hech kimdan kam bo‘lmaydigan yigit-qizlar. Ular to‘n ham kiyadi, galstuk ham taqib yuradi. Istiqlol tufayli milliy o‘zligini to‘la anglab yetish imkoniyatiga ega, dunyo bilan bemalol tillashayotgan va tenglashayotgan baxtli avlod.
    Daholar haqida gap ketganda ta’kidlab o‘tay: ulug‘larni birovdan qarz oladigan joyimiz yo‘q. Chorvador ahli orasida shunday naql yuradi. Yetim qo‘zi ko‘ringan qorani onam deb izidan ergashib ketaverar ekan. Biz hech qachon yetim qo‘zi bo‘lmaganmiz va bo‘lmaymiz ham.  Farzandlarimiz, avvalo, ana shu oliy haqiqatni yaxshi anglab yetishlari kerak. Beruniy, Amir Temur, Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Bobur kabi bobolarini tanigan o‘spiringa qandaydir chet mamlakatlar radiolari aql o‘rgata olishiga ishonmayman. Xorijda, ayniqsa, Sharq mamlakatlarida “Men imom Buxoriyning yurtidanman!” desangiz, sizni barcha boshiga ko‘taradi. Chunki, Qur’oni karimdan keyingi kitob  — Hadisi sharifni yaratgan zot o‘zbek olimidir.
    Biz qadimdan tuzib, ekib-undirib, yaratib o‘rgangan bunyodkor xalqmiz. Bunday inshootlarni ko‘chmanchi xalqlar qura olmagan, bil’aks, davlatchiligi, ilm-u ma’rifati mustahkam, jahon tamadduni taraqqiyotiga o‘z ta’sirini ko‘rsata olgan xalq, millatgina qura olgan.  
    Odam toqqa qoqinmaydi, toshga qoqinadi. Iloyo, toshga qoqinmaylik.Agar barchamiz hamjihat va ahil bo‘lsak, Vatanimizni suysak, Prezidentimizning atrofida yanada jipslashsak, o‘zbekni hech kim yengolmaydi. Dushman oramizdan chiqadi. Uning nomi mahalliychilik, guruhbozlik va befarqlikdir. Tarixni unutmaylik: bir xonligimizni yov bosganida qolgan ikki xonligimiz tomoshabin bo‘lib qarab turgani — millatning bo‘linishiga ayanchli misol emasmi?! Insonning tabiati shu: turmushdagi muammolar darhol yechilib, Alovuddinning dasturxonidagi kabi hamma narsa bir zumda muhayyo bo‘lishini istaydi. Lekin g‘isht ustiga g‘isht qo‘yish uchun ham fursat kerak-ku!..
    Bir kuni samolyotda safardan qaytayotgan edim. Yonimdagi hamrohim qo‘shni mamlakatlardan birining vakili ekan. Qo‘lidagi gazetaga imo qilib, maqtanib qoldi: “Ko‘ring, bizda demokratiya mana shunday keng tarqalgan”.  Qarasam, o‘sha davlat rahbarining eshakka mindirib chizilgan masxarali rasmi. “Prezident — yurtning otasi, - dedim,  — o‘zlaring — butun xalq ovoz berib saylagansizlar. Kishining o‘z otasini masxara qilishi Sharqda demokratiya mezoni emas, o‘taketgan odobsizlik  hisoblanadi. Sharq G‘arbdan o‘zining donoligi va nazokati bilan ajralib turadi. Kattaga hurmat, kichikka izzat esa ana shunday donolikning bir ko‘rinishi. Otangni masxara qilganing uchun maqtanma-da, oshna”.
    Hamrohim qo‘lidagi gazetani g‘ijimlab tashladi: “Yurtimga borayin, shu gazetaning redaktorini jiyman!”
    Biz, o‘zbeklar robinzonlar emasmiz. Mamlakatimiz hududida arxeologik qazishmalar olib borgan ba’zi olimlar Chag‘oniyon, Yerqo‘rg‘on, Kampirtepa kabi joylardan topilgan ashyolarni butparastlik, otashparastlik singari tashqi dunyo ta’sirlarining o‘ziga xos ko‘rinishi sifatida ta’riflaydi. Aslida esa ular Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston tamadduni  — sivilizatsiyasi mavjud bo‘lganligidan yaqqol dalolatdir. Bu tamaddun zamirida tub joy aholisining manfaatlari, ma’naviy-ma’rifiy, madaniy an’analari  o‘z ifodasini topgan.
    Bunga kim shubha qilsa, necha ming yillik qal’a-qasrlarimizni, qadimiy g‘orlardan topilgan rang-barang rasmlarni borib ko‘rsin. Eng qadimiy shaxmat toshlari bizning zaminimizda topilgan. Suyakdan yasalgan eng qadimiy nay ilk bor o‘zbek zaminida navo taratgan. Bularning bari o‘zining mustaqil davlatchiligi, gurkirab rivojlangan madaniyati, tamadduni mavjud joydagina paydo bo‘lishi mumkin. Shuning uchun ham shaharlarimizning yoshi bir-biridan katta chiqaveradi. Yoshi aniqlanmagan necha qo‘rg‘onlarimiz esa navbat kutib turibdi.
    Farzandlarimiz o‘zlarini ulug‘ xalqning farzandi sifatida his qilganida mana shunday jihatlarga e’tibor bersin.

Ko'rishlar soni

1156