USD = 8085.11 SUM   EUR = 9487.07 SUM
Toshkent
Booked.net - Hotel reservations
+28°C

Voyaga yetmaganlarga energetik ichimliklarni sotish taqiqlanishi mumkin

Nashr qilingan sana: 18 10 2017

O‘zbekistonda 18 yoshga to‘lmagan shaxslarga energetik ichimliklarni sotishni taqiqlash bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda. Ushbu loyiha 13-noyabrga qadar muhokamada bo‘lib, bolalar sog‘ligini mustahkamlash yo‘lidagi yana bir muhim qadam hisoblanadi.


O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari «Oziq-ovqat mahsulotlari sifati va xavfsizligi to‘g‘risida»gi qonuniga o‘zgartirish kiritish yuzasidan taqdim etgan loyihada o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslarga energetik ichimliklar savdosini taqiqlash hamda ushbu ichimliklarni reklamasiga oid modda kiritishni taklif qilmoqda.

Qonun loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlarning muhokamasi portalida joylashtirilgan bo‘lib, unda ushbu ichimlik reklamasiga oid bir necha shartlar ko‘rsatilgan. Ular: bu turdagi ichimliklarni belgilangan miqdordan ortiq darajada iste’mol qilish zararli ekaniligi va uni kimlar iste’mol qilishi mumkin emasligi haqida ogohlantirishlar bilan berilishi, shuningdek, barcha reklama maydonining kamida 10 foizi va elektron shakldagi reklamada reklama roligi efir vaqtining kamida 5 soniyasi ajratilishi kerak. Shu bilan birga, energetik ichimliklarning reklamasida uni iste’mol qilish jarayonlarini namoyish etmaslik, ijtimoiy va sport muvaffaqiyatlariga erishish yoki iste’molchilarning jismoniy hamda aqliy holatini yaxshilash uchun buning muhimligi haqida taassurot qoldirmasligi kerak.

Loyihada quyidagilar taqiqlanishi ko‘zda tutilgan:

— energetik ichimliklarning elektron shakldagi reklamasi ertalabki soat 7 dan kechki soat 22 ga qadar berilishi;
— energetik ichimliklar namunalari 18 yoshga to‘lmagan shaxslar o‘rtasida reklama maqsadlarida bepul tarqatilishi;
— ushbu ichimlikni ishlab chiqaruvchilar asosan 18 yoshga to‘lmagan shaxslarga mo‘ljallangan tadbirlarga homiylik qilishi, bunda energetik ichimlik nomi, tovar belgisi va tasvirini qo‘llangan yoki qo‘llanmaganiga e’tibor beriladi;
— 18 yoshga to‘lmagan shaxslar orasida energetik ichimliklarning nomi va mahsulot belgisi qo‘llangan futbolka, bosh kiyim va boshqalarni tarqatish, shu jumladan sotish;
— auditoriyasi bolalar va o‘smirlar bo‘lgan bosma nashrlarda energetik ichimliklar reklamasi;
—bosma nashrlarning birinchi va oxirgi sahifalari, teleradiodasturlar jadvali joy olgan sahifalarida energetik ichimliklarning reklamasi berilishi;
— ushbu ichimliklarni tibbiy, sport, maktabgacha va ta’lim muassasalarida, umumiy foydalanishdagi yo‘lovchi transporti vositalari salonlaridagi reklamasi.

Muhokamaga qo‘yilgan ushbu qonun loyihasida O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 164-moddasi maxsus qism bilan to‘ldirilib, energetik ichimliklarni 18 yoshga to‘lmagan shaxslarga sotish – fuqarolarga eng kam ish haqining 5 barobaridan 10 barobarigacha, mansabdor shaxslarga esa 7 barobaridan 15 barobarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi ko‘zda tutilgan. 

Ko'rishlar soni

78