USD = 8069.29 SUM   EUR = 9403.14 SUM
Toshkent
Booked.net - Hotel reservations
+28°C

«Uzoqqa cho'zilmagan o'yin»

Nashr qilingan sana: 18 10 2017

Avgust oyidan boshlab poytaxtimizda plastik kartalardan naqd pul yechib olish imkoniyati mavjud bo'lgan bankomatlar ish boshladi. Aholi orasida bu xususida  ochiq-oydin ishonchsizlikdan tortib to yuqori darajadagi xursandchilikkacha bo'lgan turli qarashlar yuzaga keldi. Oradan ikki oy vaqt o'tdi. Bugun ushbu bankomatlar qanday ishlamoqda?

… Haftaning juma kuni. Yarim kun. Yunusobod bozori. Terminal oldida uzun navbat.  Bank xodimlari tartibsizlikning oldini olish maqsadida navbatda turuvchilarni ro'yxatini yozgan bo'lib, ular 200-raqamga yetib kelgan. Navbatga qo'shilmoqchi bo'lganlarning esa "tarvuzi qo'ltig'idan tushgan".

- Sizni navbatingiz kelgunicha kamida 4 soat vaqt kerak, - deydi ulardan biri. - Men 91-o'rindaman, ammo bir soat ichida bor yo'g'i 10 kishi pul oldi. Kecha 4 soat navbatda turdim, afsuski naqd pulsiz qaytishimga to'g'ri keldi. Sababi bankomatda pul tugab qoldi. Yonimizda yana bitta bankomat turibdi. U ham ishlaganida edi, biz shuncha payt navbat kutmas edik.

Uch soat navbat kutishdan foyda yo'q. Yaxshisi boshqa bozor - Chilonzorga bora qolamiz. Bu yerdagi vaziyat esa undan ham yomon. Bankomat umuman ishlamayapti. Oloy bozoriga yo'l olishning ham hojati yo'q, shekilli. Sababi u yerda ham navbat kutayotganlar kam emas. Mirobod bozoriga yetib keldim, ammo bankomatda pul yo'q. Ushbu bankomat tezda naqd pul bilan ta'minlanishini aytishyapti. Buni kutishga ham 1 soat vaqt kerak. Foydasi yo'q.  Yig'ilganlar bankomatning tez-tez buzilib qolishi, natijada uyga pulsiz qaytishlariga to'g'ri kelishidan nolimoqda.

Dushanba kuni yana bir bor plastik kartadan pulni naqdlashtirishga harakat qilib ko'rdim. Ammo soat 15:00da Chilonzor va Mirobod dehqon bozorlaridagi bankomatlar bo'm-bo'sh edi.

Odamlar uni yana "to'ldirishlarini" kutyapti. Oloy bozoridagi navbat esa juma kungidan ko'ra ancha uzunroq. Faqatgina Yunusobod bozoridagi urinishim bu safar omadli yakunlandi. Ajablanarlisi shundaki, bu safar har ikki bankomat ham ishlamoqda. Pulni naqdlashtirish uchun yarim soat vaqt ketdi.

 Bankomat orqali plastik kartadan pulni naqdlashtirish mobaynida suhbatlashganlarimning ko'pchiligi bu jarayonni tavakkalchilik bilan taqqosladi. Chunki qaysi bozorda ularga omad kulib boqishini oldindan taxmin qilish qiyin. Ularning fikricha, bu holat chayqovchilikni keltirib chiqaradi. Kimdir soatlab navbat kutishni istamaydi va boshqa birov ma'lum mablag' evaziga bu ishni qilib berishi mumkinligini taklif etadi. Bu bilan fuqarolarda bankka ishonch yo'qoladi. Bundan shunday xulosa qilish mumkin: bankomatlarning faoliyati a'lo darajada yo'lga qo'yilmagani haqidagi qarash asosli. Axir aholiga boshqacha va'da qilingan, amalda esa boshqa holat-ku! Qachongacha shunday davom etadi?

Olga Binasheva

Ko'rishlar soni

208