USD = 8069.29 SUM   EUR = 9403.14 SUM
Toshkent
Booked.net - Hotel reservations
+28°C

Unutilmas uchrashuv

Nashr qilingan sana: 06 11 2017

1976-yilning 6-noyabri. Havo ertalabdan juda mayin, kayfiyatim ko‘tarinki, g‘ayratim jo‘shib turgan edi. Men, ya’ni militsiya leytenanti, odatdagidek xizmatga shoshilmoqda edim. Chunki O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligida safga tizilib, ko‘rikdan o‘tishimiz lozim. Boz ustiga, vazirning buyrug‘i bilan men vazirlik bayrog‘ini saf oldidan tantanali olib o‘tuvchilar uchun mas’ul yalovbardorlar bo‘linmasiga birkitilganman.

Apil-tapil kiyinib, o‘zimni zobit ko‘rinishiga keltirdim-da, Xalqlar do‘stligi ko‘chasiga qarab shoshildim va shahar markaziga boradigan yo‘lovchi mashinalarga qo‘l ko‘tarishga kirishdim. Afsuski, to‘xtatgan sakkizta mashinamdan birortasi ham u tomonga bormas ekan. Mayda qadamlar bilan yugurishga tushdim. Chamasi 200 metrlar yugurgan bo‘lsam kerak, Muqimiy ko‘chasidagi svetoforning yashil chirog‘ini kutib turgan “Volga”ga ko‘zim tushdi. Yana ozroq ildamlagan edim, ortimdan motor tovushi eshitildi. To‘xtab qo‘limni ko‘tardim, buni qarangki: “Volga” jonivor shundoq ro‘paramga kelib ohista to‘xtadi va oldingi eshigi ochildi. Haydovchidan: “Qayergacha borasizlar?” deb so‘radim. “Markazga” degan javob bo‘ldi. “Men ham sizlar bilan o‘sha yergacha borib olsam bo‘ladimi?” Orqa o‘rindiqdan erkak kishining: “Marhamat! O‘tiring, albatta, olib borib qo‘yamiz!” degan ovozi eshitildi.

Ruxsat olgach, yo‘lovchining yonida o‘tirmoqchi bo‘lsam, haydovchi menga o‘z yonidan joy ko‘rsatdi. Men nega shoshayotganimni muloyimlik bilan tushuntirdim. Orqa o‘rindiqda o‘tirgan yo‘lovchi bilan suhbatimiz bemalol, bamaylixotir davom etdi. Yuzlaridan nur yog‘ilib turgan, so‘zlari qat’iyatli, istarasi g‘oyat issiq bu inson negadir mening so‘zlarimni diqqat bilan tinglardi. Gapimiz avtomobil yo‘llarining ahvoli yomonligi, chorrahalarda avariya holatlarining ko‘p sodir bo‘layotgani, ayrim hollarda esa odamlar hayotdan ko‘z yumayotganiga borib taqaldi.

Navbatdagi chorrahaga yetgach, yo‘l ko‘rsatuvchi zobitning ishorasi bilan avtomobillar karvoniga qo‘shildik. Men mashinadan chiqib, avtoinspektordan bizlarni tezroq o‘tkazib yuborishlarini iltimos qilmoqchi bo‘ldim. Biroq orqa o‘rindiqda o‘tirgan hamrohimiz meni to‘xtatdi: “Ulguramiz, bizni ko‘p ushlab turishmaydi”. Gavjum chorrahalar yukini yengillatish uchun ko‘priklar, tonnellar qurish lozimligi to‘g‘risida gap ketganda u kishi: “Ha, hayotning o‘zi buni talab qilayapti, yildan yilga avto transport soni ko‘payib, aholining soni ham oshmoqda. Xalqimizning farovonligi yuksalib, respublika jadal rivojlanmoqda”, dedi. Biz chamasi to‘rt daqiqa oldinga yurib, avtoinspektorga yaqinlashgach, u qo‘llarini chekkasiga qo‘yib 50 metrcha masofa uzoqlashmagunimizcha shunday qotib turaverdi. Soatimga qarab, manzilimga belgilangan vaqtdan ham oldinroq yetib borishim mumkinligidan xotirjam bo‘ldim. Muloqot uchun suhbatdoshimga minnatdorchilik bildirib, ushbu masalalarni amalga oshirish kerakligini respublika rahbariyatiga qanday qilib yetkazish mumkin, deb so‘radim. Suhbatdoshim miyig‘ida kulib, xayolchan javob berdi: “Ha, yetkazish kerak…”. So‘ng suhbat uchun menga alohida minnatdorchilik bildirdi: “Rahmat, leytenant!”

“Paxtakor”dan o‘tgach “Volga” O‘zbekiston markaziy komitetinig binosiga qarab burildi va markaziy kirish joyida to‘xtadi. Suhbatdoshim mashinadan tushib, haydovchiga dedi: “Leytenantni vazirlik podyezdigacha olib borib qo‘ying va qaytib kelib meni shu yerda kuting”. Keyin menga qaradi va ko‘rsatkich barmog‘i bilan yuqoriga imo qildi. Suhbatimizni “kattalar”ga, albatta, yetkazishga va’da berdi.

Mashina qo‘zg‘aldi. Haydovchidan gapni tinglashni ham, gapirishni ham qotiradigan bu ajoyib inson kimligini so‘radim. U hayratga tushdi. Mashinasini sekinlashtirdi va: “Bu ajoyib inson O‘zbekiston rahbari Sharof Rashidovich Rashidov bo‘ladilar”, dedi. Men uning gapiga ishonmadim. Chunki bunday oliy martabali odamlarning yonida, albatta, qo‘riqchisi bo‘lishi kerak. Suhbatdoshimiz esa yakka-yolg‘iz yuribdilar. Haydovchining aytishicha, Sharof Rashidovich qo‘riqchi bilan yurishni, ayniqsa, tug‘ilgan kunlarida istamas ekanlar. Bugun esa ana shunday ulug‘ kun. Ishongan qo‘riqchisi esa haydovchining o‘zi ekan, xolos. Rahbarimiz har yili tug‘ilgan kunida ota yurti — Jizzaxni ziyorat qilib, Toshkentga mana shu yo‘ldan qaytar, odatlari shunaqa ekan. Mening parad formasida yugurib borayotganimni ko‘rib, mashinani to‘xtatishni va manzilimga yetkazishni ham o‘sha kishi haydovchidan so‘ragan ekanlar. Bu gaplarni oldinroq aytmagani uchun haydovchidan xafa bo‘ldim. Agar shunday ulug‘ zot ekanini bilganimda, ko‘pam laqqilayvermasdan tilimni tishlab o‘tirardim. Bu voqeadan so‘ng meni ichki ishlar

organlaridan sharmandalarcha haydab yuborsalar ajab emas, degan vahima yuragimga tushdi... Haydovchi Qodir aka miriqib kuldi. Vahima qilma. Sharof Rashidovich sen o‘ylaganday tazyiq o‘tkazadigan odam emas, deb meni yupatgan bo‘ldi.

Mashina ortiga qaytib ketgach, ishxonamiz tomon burildim va vazirlik binosi oldida vazirimizning ikki o‘rinbosariga baqamti keldim. Ular bilan salomlashib, yonlaridan o‘tdim va ortimdan hayratomuz gaplar qulog‘imga chalindi: “Bu qanaqasi bo‘ldi? Leytenant tushmagur qanday qilib Sharof Rashidovning mashinasiga chiqib qopti. Surishtirib ko‘rish kerak”. Ko‘rik tugaganidan keyin meni vazirning xonasiga chorlashdi. Kapalagim uchib ketdi. Vazir bilan boshlangan gapimizni hukumat telefonining jiringlashi buzdi. Vazir go‘shakni olib: “Salomatlik tilayman! Yaxshi keldingizmi, Sharof Rashidovich?” dedi va menga kabinetdan chiqib tur deb ishora qildi. Ular nimalar haqida bunchalar ko‘p suhbatlashganini bila olmadim, biroq kabinetiga qaytadan kirishga taklif qilishgach, suhbatimiz qisqa bo‘ldi. Yuz bergan voqea xususida gap-so‘z bo‘lgani yo‘q.

Yillar o‘tdi. Sharof Rashidovning sa’y-harakatlari, yuksak e’tiborlari tufayli Toshkent obod va ko‘rkam shaharga aylandi. U boshlagan xayrli ishlar davom ettirilib, ko‘priklar, ravon yo‘llar qurilmoqda. Shaxsiy, xizmat hamda jamoat transporti kundan kunga ko‘paymoqda. Bu xalq farovonligi oshib borayotganidan dalolat. Bugun Muqimiy ko‘chasida zamonaviy yo‘l o‘tkazgich, ko‘prik bunyod etildi. Bu — Sharof Rashidovich o‘z mashinasini to‘xtatib, meni o‘ziga hamroh sifatida olib ketgan o‘sha tabarruk joy. Ko‘prik qurilishi boshlangan kezlari bu yerga deyarli har kuni kelib turdim va bunyodkorlarimiz tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarni havas va faxr bilan kuzatib bordim. Bu joydan o‘tganimda har gal hayajonga tushaman. Hayajonlanmay, ajoyib inson bilan bo‘lgan qisqagina, lekin unutilmas safarimizni, suhbatimizni shodmonlik bilan eslamay bo‘ladimi?!

 Aleksandr Shutov,

 O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi faxriysi,

podpolkovnik.

Ko'rishlar soni

330