USD = 8069.29 SUM   EUR = 9403.14 SUM
Toshkent
Booked.net - Hotel reservations
+28°C

Tilla quymalar va telefonlarning noqonuniy olib o‘tilishining oldi olindi

Nashr qilingan sana: 10 11 2017

Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida xorijdan ko‘p miqdordagi qimmatbaho telefonlarni bojxona nazoratidan chetlab olib kirishga uringan kimsalar haqida avval ham xabar berilgan edi. Oradan ko‘p o‘tmay poytaxt aeroporti bojxonachilari xodimlari yana xuddi shunday bojxona qoidabuzarligini fosh etishdi.

Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi o‘zining Telegram tarmog‘idagi rasmiy axborot kanali orqali xabar berdi.

Amaldagi tartiblarga ko‘ra, ruxsat etilgan me’yorlardan ortiqcha bo‘lgan uyali aloqa vositalarini respublikamizga olib kirishda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining ruxsati talab etiladi.

Ammo, “Seul-Toshkent” reysi bo‘yicha parvozini yakunlagan fuqaro Umidbek Latifov (maqoladagi barcha ism-shariflar o‘zgartirilgan) ushbu tartiblarga rioya qilmadi. Bojxona nazoratidan o‘tish davomida u bojxona deklaratsiyasida va bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovi paytida ham yonida ortiqcha tovarlar yo‘qligini ma’lum qiladi.

Lekin, unga tegishli bagaj nazorat-rentgen apparatidan o‘tkazilganda, yuklar orasidagi temir qutilar bojxonachilarning diqqatini tortdi. Ushbu qutilar belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilganida, ular orasiga muqaddam foydalanilgan turli rusumdagi 133 dona uyali aloqa vositalari yashirilganligi ma’lum bo‘ldi. 
Keyinchalik qayta sotish maqsadida olib kirilgan ushbu telefonlarning taxminiy qiymati dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 64,5 mln. so‘mdan oshar ekan.

***

Shuningdek, “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari tilla va zargarlik buyumlarining noqonuniy olib chiqilishiga doir navbatdagi bojxona qoidabuzarligini ham fosh etishdi.

“Toshkent-Dehli” yo‘nalishi bo‘yicha parvozga otlangan opa-singillar Dildora va Diyora G‘ofurovalar tilla quymalarni bojxona nazoratidan chetlab olib chiqish maqsadida bojxonachilarning ko‘zini shamg‘alat qilishga urinishgan paytda to‘xtatib qolindi.

Ushbu ayollar xolislar ishtirokida shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilganida Dildora G‘ofurova 130 gr. og‘irlikdagi 2 dona va Diyora G‘ofurova 100 gr. og‘irlikdagi 2 dona tilla quyma bo‘laklarini ichki a’zolariga yashirgan holda olib chiqishayotgani aniqlandi. Hozirda ushbu holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv jarayonlari davom ettirilmoqda.

Ta’kidlash joizki, “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda aniqlangan 1,1 mingdan ziyod bojxona qoidabuzarliklari natijasida qiymati 9 mlrd. so‘mdan ortiq tovar-moddiy boyliklarning noqonuniy olib o‘tilishiga chek qo‘yilgan.

Husen Tangriyev,
“Toshkent-Aero” IBK
axborot xizmati katta inspektori.

Ko'rishlar soni

236