USD = 8085.11 SUM   EUR = 9487.07 SUM
Toshkent
Booked.net - Hotel reservations
+28°C

Supermarket yoki bozor: qay biri qulay?

Nashr qilingan sana: 28 10 2017

Supermarket yoki bozor? Bu bahsli savol necha yillardan buyon mavjud. Kimdir bozorda har doim tanlov imkoniyati ko‘pligini va narxlar ham arzonligini ta’kidlasa, yana kimdir buning aksini aytadi. Nashrimiz bu borada tajriba otkazishga qaror qildi. Kundalik hayot uchun eng zarur va xaridorgir bolgan kartoshka, piyoz, gosht va tuxum kabi mahsulotlar poytaxtimiz supermarketlari hamda bozorlaridan xarid qilindi. Natija qanday, deysizmi?

… Oloy bozori. Xaridorlar unchalik ko‘p emas. Rastalarda meva-chevalar mo‘l. Istaganingizni topasiz. O‘lkamizda oktabr oyi hukm surayotganiga qaramay, muzlatilmagan qulupnay ham bor. Barchasi saralangan mahsulotlar. Sabzavotlar qatorida ham shunday manzara, xuddi mahsulotlar aynan ushbu bozor uchun  saylab-saylab, har bir meva va sabzavot ayavlab terilib olib kelingan. Bularni ko‘rib, narxlar osmonda bo‘lsa kerak ,degan o‘y xayolingizga keladi. Kartoshkani 10 ming so‘mga sotib olsak kerak deb o‘yladik, ammo birinchi sotuvchi 3500 ekanligini aytdi. Rastalar oralab eng qimmati — 5000 so‘mlik kartoshkani ham ko‘rdik (har bir mahsulot narxini pastdagi jadvalda ko‘rishingiz mumkin). 1 kg.dan kartoshka, piyoz, go‘sht va 10 dona tuxum olish uchun bu bozorga 44000 so‘m bilan kelishingiz kerak ekan, faqatgina naqd pul bilan. Bunday noqulaylik qo‘lda yuk bo‘lganida pulni sanashga ham noo‘ng‘ay.  Mijoz ushbu mahsulotni u aytgan bahoga sotib olishga tayyormi yoki yo‘qligiga qaramasdan sotuvchi uni taroziga qo‘ya boshlaydi. Umuman olgan ushbu mahsulotlarni tanlash uchun ko‘zdan kechirishga ham vaqt bermaydi.

Kechki mahal mashhur supermarketlardan biri “Korzinka”ga kirib o‘tdim. Bu yerning havosi ham o‘zgacha, albatta, issiq va yorug‘. Sotib olmoqchi bo‘lgan mahsulotlaringizni, u og‘ir yoki yengilligidan qat’i nazar, qo‘lingizda ko‘tarib yurmaysiz. Buning uchun maxsus aravachalar bor. Ammo, kerakli mahsulotlar do‘konning ichki qismiga joylashtirilgan. Olmoqchi bo‘lgan narsangizga yetib borguningizga qadar boshqa bir mahsulotni ko‘rib qolasiz. Bu ham kerak edi deysiz-u, bugungi xarid uchun mo‘ljallagan pulingiz yodingizdan ko‘tariladi. Sabzavotlarga kelsak, ularni tanlash bozordan farqli ravishda daqiqalardayoq hal bo‘ladi. Bir qarashdayoq kartoshka bozordagiga nisbatan arzonroqdek tuyuladi — 3490 so‘m. Inson psixologiyasiga asosan uch ming ekanligi ko‘rinadi, keying kataklar e’tibordan chetda qoladi, ya’ni bozor bilan taqqoslaganda undan 10 so‘m arzon ekanligi. Ushbu supermarketda 1 kg.dan kartoshka, piyoz, go‘sht va 10 ta tuxum olish uchun 44 630 so‘m kerak. “Makro” supermarketida esa bizga lozim bo‘lgan xaridga 43 480 so‘m to‘lashimiz zarur.

Aksariyat odam hozir qanday bozor bilan taqqoslashga ham bog‘liq deyishi mumkin. Oloy bozori o‘zi qimmat “yuradi”da deguvchilar uchun nisbatan hamyonbop deb qaraluvchi bozorlarda ham tajribamizni davom ettiramiz.

Yunusobod bozoriga kirishingiz bilanoq, tuxum uchun navbatda turgan aholiga ko‘zingiz tushishi aniq. Xalq kutib turishga ham rozi ekan, bir nimasi bor! Sababi bu yerda 1ta tuxum 400 so‘m, Oloy bozori va “Korzinka”da 700 so‘m ekan. Bu yerda hokimiyat hamkorligida tashkil etilgan fermerlik yarmarkalari ham bor ekanligini keyinroq bildik. Ushbu yarmarkalarda nisbatan ancha arzonchilik. Bozor ichida kartoshkaning o‘rtacha qiymati 3000 so‘m bo‘lsa, bu yerda 2500 so‘m. Rastadagi go‘shtga 25-26 ming so‘m narx yozib qo‘yilganini ko‘rib quvonib ketdik, ammo bu narxga faqat go‘shtning qovurg‘a va to‘sh qismlarini sotib olish mumkin ekan. Lahm go‘sht esa qimmatroq — 33 000. Kerakli mahsulotlarning sifatiga qarab, maqbulini topgunga qadar bu yerda ancha sayohat qilishga to‘g‘ri keladi. Oloy bozori singari saylanganlari yo‘q. Bizga kerakli mahsulotlarni yarmarkalardan sotib olish uchun 33 900, bozor ichidagi rastalardan xarid qilish uchun esa 45 500 so‘m kerak ekan.

Farhod bozoridagi fermer yarmarkalari va ichkaridagi rastalarning narxida unchalik farq yo‘q. Masalan, ichkarida kartoshkaning kilogrami 3000 so‘m bo‘lsa, yarmarkalarda 2800 so‘m. 26 000 so‘mga unchalik yomon bo‘lmagan go‘shtni olish mumkin. Bu yerda go‘shtni narxi yozuvda ko‘rsatilgani bo‘yicha sotilmoqda. Ro‘yxatdagi mahsulotlar xaridi uchun umumiy hisobda 36 000 (yarmarkada) yoki 42 500 (bozor ichida) so‘m bo‘lsa bo‘lgani. Chorsu bozorida bu kabi xarid narxi 42 900 yoki 51 900 ni tashkil etadi.

O‘tkazilgan tajribaning natijasi qanday? Lozim bo‘lgan mahsulotlarni yarmarkalardan xarid qilganda narxlardagi farq sezildi. Shuningdek, ushbu yarmarkalarda xarid uchun kartochka orqali ham to‘lovni amalga oshirishingiz mumkin, ammo bozorlarda bunday imkoniyat yo‘q. Supermarketlarda esa boshidanoq ma’lumki, ko‘proq to‘laysiz. Bu yerda narxlar ijara haqi, elektr energiyasi uchun to‘lov, ishchilar maoshi va boshqa ko‘plab shartlar sabab qimmatlashadi. Shuningdek, ular kechki soat 10, ba’zilari yarim tunga qadar ochiq bo‘ladi. Bozor va supermarketdagi turli jihatlarni hisobga olgan holda, qiyosiy natijaga ko‘ra xaridorni ikkinchisi nisbatan ko‘proq jalb etadi.   

Oksana Malosabirova.

Ko'rishlar soni

400