USD = 8069.29 SUM   EUR = 9403.14 SUM
Toshkent
Booked.net - Hotel reservations
+28°C

Sizga ham ilindik!

Nashr qilingan sana: 19 10 2017

Shahar va qishloqlarimiz ko‘chalarida meva sharbati iste’molining foydasiyu savdosiga bag‘ishlangan rang-barang reklama lavhalari tobora ko‘paymoqda. Sarxil mevalari bilan dunyoga mashhur O‘zbekistonday jannatmonand yurtda bu tabiiy hol. O‘lkamizda ayni pishiqchilik. 


Ana shunday chorlovchi pannolardan birida odmigina kiyingan o‘zbek ayoli meva sharbati solingan paketni uzatgancha: “Sizga ham ilindik!” deb shirin jilmayib turibdi. Har gal unga ko‘zim tushganida quvonib ketaman: “Sizga ham ilindik!”

Sodda va samimiy bu lutfning ma’no-mazmunini chaqmoqqa urinaman. Odatda tansiq taomni eng yaqin, mehrimiz baland kishi bilan baxam ko‘ramiz, unga ilinamiz. Bu uch so‘zda ana shunday o‘zbekona nazokat, lutf, ehtirom, mehr bor. Shu bois bo‘lsa kerak, do‘konu bozorlarga kirganimda o‘z mijozlariga mehri baland ana shu kompaniyaning mahsulotlarini xarid qilgim kelaveradi. Siz ham shunga undayman: kam bo‘lmaysiz, kam bo‘lmaymiz! Zero, har qadamda “Musiqali sigirlar suti”, “Salom Shirin, men shaftoliman!”, “Salom Kamilla, men olchaman!” (imlosi asliday), “O‘yinda bo‘l!”, “Chanqog‘ingga ishon!”, “Mevali quvonch” kabi chuchmal, tushunarsiz, pala-partish reklama mahsulotlarini ko‘raverib yuragi zada bo‘lib ketgan kishiga bu lutf moyday yoqishi tabiiy: “Sizga ham ilindik!” 

“Musiqali sigir” qanday bo‘lishini o‘g‘limga tushuntirib bera olmadim. 

“Musiqali sigirning sutini ichgan odamning qorni uzoq va qattiq quldiraydi”, - deb hazil-huzul bilan qutildim oxiri boladan.

Kulmang! Bundan boshqa ma’niliroq izoh topolsangiz, ayting: rahmat deganim va yozganim bo‘lsin! Lekin minglab, millionlab xaridorlarga, davlatimiz tiliga, butun boshli millatga e’tiborsizlik ifodasi bo‘lgan bunday reklama matnlariyu suratlarini ko‘rgach, o‘sha kompaniya mahsulotlarini sotib olish narida tursin, nomini eshitsangiz ensangiz qotadi. Bunday reklamalarni tayyorlagan shavvozlarning o‘zlari “Musiqali sigirlar suti”ni ichib, qorinlarini quldiratib yuraversin, degingiz keladi.

To‘g‘rimi? Siz nima deysiz? 
 

Jonqobil JUMA

Ko'rishlar soni

223