USD = 8069.29 SUM   EUR = 9403.14 SUM
Toshkent
Booked.net - Hotel reservations
+28°C

Samarqandlik fuqaro behayo video, dori vositasi va tibbiyot moslamalari bilan ushlandi

Nashr qilingan sana: 13 11 2017

Amaldagi tartiblarga muvofiq, bojxona chegaralarini kesib o‘tayotgan jismoniy shaxslar o‘zlari bilan olib o‘tayotgan tovarlar haqida yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida va bojxona xodimining og‘zaki so‘rovlari paytida ma’lum qilishlari shart. Bu talabni “Domodedovo-Samarqand” yo‘nalishi bilan harakatlangan fuqaro N.Ismailov (F.I.Sh. o‘zgartirilgan) chetlab o‘tmoqchi bo‘ldi.

Bu haqida Davlat bojxona qo‘mitasi o‘zining Telegram tarmog‘idagi rasmiy axborot kanali orqali xabar berdi.

Fuqaro N.Ismailov bojxona xodimi bilan o‘tkazilgan og‘zaki so‘rovda, o‘zi bilan olib kirilishi taqiqlangan audio va video yozuvlar hamda yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida yozib ko‘rsatilmagan tovarlar yo‘qligini ma’lum qilgan.

Shundan so‘ng, unga tegishli bo‘lgan bagaj va sumkalar bojxona nazoratidan o‘tkazilganda, unda yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida yozib ko‘rsatilmagan 60 dona har biri 1 litr o‘lchamli idishlarga qadoqlangan “Akaritsid” nomli qishloq xo‘jalik ekinlari zararkunandalariga qarshi ishlatiladigan dori vositasi, 4 dona “Edam SE-3” markali elektrokardiograf va 1 dona “DUS 60” markali “EDAN” nomli tibbiyot moslamasi borligi aniqlangan.

Shu bilan birga, fuqaro N.Ismailovga tegishli bo‘lgan uyali telefon tekshirilganda, ushbu telefon xotirasida 100 dona behayo mazmundagi video fayl borligi ma’lum bo‘lgan.

Ekspertiza xulosalariga ko‘ra, uyali telefonda mavjud fayldagi video tasvirlar pornografik mazmunga ega ekanligi, “Akaritsid” nomli dori vositasi O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligida ruxsat etilgan himoya vositalari ro‘yxatiga kiritilmaganligi, olingan 2 turdagi tibbiyot buyumlarini sotish va tibbiyot amaliyotida qo‘llanishi taqiqlanganligi qayd etilgan. Fuqaro N.Ismailovdan olingan tovarlarning qiymati salkam 90 million so‘mni tashkil etadi.

Shunday qilib, fuqaro N.Ismailov xatti-harakatida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 182-moddasida ko‘rsatilgan jinoyat alomatlari mavjudligini inobatga olib, unga nisbatan mazkur modda bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Ko'rishlar soni

138