USD = 8069.29 SUM   EUR = 9403.14 SUM
Toshkent
Booked.net - Hotel reservations
+28°C

Qaror va ijro: aholiga 10 ming tonnadan ziyod suyultirilgan gaz yetkazib berildi

Nashr qilingan sana: 14 11 2017

Davlatimiz rahbarining 2017-yil 22-iyundagi “Respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va ijtimoiy sohalarini 2017-2018-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga kompleks tayyorlashni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori doirasida keng ko‘lamli ishlar bajarilmoqda.

Respublika ishchi guruhi a’zolari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq va Taxtako‘pir tumanlarining chekka ovullarida bo‘ldi, Nukus shahridagi uy-joy mulkdorlari shirkatlari faoliyati bilan tanishdi, deyiladi O‘zA xabarida.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga Qoraqalpog‘iston Respublikasi aholisidan mazkur yo‘nalishda shu kunga qadar 2 ming 550 dan ziyod murojaat kelib tushgan. Ularning 1 ming 596 tasi to‘liq qanoatlantirilgan, qolganlari o‘rganilmoqda. Respublika ishchi guruhi tomonidan o‘rganishlar jarayonida ana shunday murojaatlardan 32 tasi bevosita joyida hal etildi. Xususan, 5 xonadon ichimlik suvi tarmog‘iga ulab berildi, Taxtako‘pir va Chimboy tumanlaridagi avariya holatida bo‘lgan ichimlik suvi quvurlari ta’mirlandi. Olis ovullar aholisiga 2 maxsus mashinada doimiy ravishda ichimlik suvi tashish yo‘lga qo‘yildi.

Aholi va ulgurji iste’molchilarni tabiiy gaz bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida “Shimolgazta’minot” unitar korxonasi tomonidan ishlab chiqilgan dastur asosida 2017-2018-yillar kuz-qish mavsumida 14 kilometr tabiiy gaz tarmog‘ini mukammal ta’mirlash, 19,5 kilometrlik tarmoqni rekonstruksiya qilish, 5 ming 36 dona gaz taqsimlash qurilmasini taftish etish rejalashtirilgan bo‘lib, ayni paytda bu ishlar izchil amalga oshirilmoqda.

Hududda gaz bilan ta’minlanmagan yoki tabiiy gaz ta’minoti tanqis bo‘lgan ovullarda istiqomat qilayotgan 102 ming 35 xonadon suyultirilgan gaz bilan ta’minlanayotir. Shu maqsadda 156 ming 515 dona gaz ballonidan foydalanilmoqda. Joriy yilda aholiga ajratilgan suyultirilgan gaz hajmi 12 ming 460 tonna bo‘lib, shu kunga qadar 10 ming 215 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi.

Bu boradagi ishlar natijalarini tahlil qilish maqsadida ishchi guruh a’zolari eng chekka hududlardagi cho‘ponlar holidan xabar olishdi. 400 dan ziyod cho‘pon xonadoniga zaxirasi bilan gaz balloni va gaz plitalari, zarur oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi. Qorao‘zak tumanining “Qo‘yboq” ovul fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan “Qoraqalpog‘istonning 40 yilligi” chorvachilikka ixtisoslashgan shirkat xo‘jaligi cho‘ponlari bilan uchrashuv ochiq suhbat, qizg‘in muloqot tarzida o‘tdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha qish mavsumi uchun hammasi bo‘lib 48 ming tonna ko‘mir keltirish rejalashtirilgan bo‘lib, hozirga qadar 23 ming tonna ko‘mir aholiga yetkazib berildi. Kuni kecha 18 vagonda 1 ming 242 tonna ko‘mir Angrendan yetib keldi. Keyingi uch kun davomida 2 ming 250 tonna ko‘mir yoqilg‘isi keltirib, Amudaryo, Ellikqal’a va Qorao‘zak tumanlari aholisiga, tashkilot va muassasalarga yetkazib berildi.       
 

Ko'rishlar soni

80