USD = 8069.29 SUM   EUR = 9403.14 SUM
Toshkent
Booked.net - Hotel reservations
+28°C

Qanday lampalar taqiqlangan?

Nashr qilingan sana: 08 11 2017

Bugun har bir xonadonda turli xildagi maishiy elektr moslamalarini uchratish mumkin. Bu o‘z navbatida energiya resurslaridan oqilona foydalanishni taqozo etadi. Chunki har qanday mamlakatning barqaror rivojlanishida energiya resurslari hal qiluvchi omilga ega. Ya’ni biror  turdagi mahsulotni ishlab chiqarish uchun ma’lum miqdorda energiya sarf qilinadi, shu bilan birga, har birlik miqdordagi mahsulotning tannarxi ham bevosita issiqlik va elektr energiyasi iste’moliga bog‘liq bo‘ladi.

Shundan kelib chiqqan holda, bu boradagi qonunchilikni yanada takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 9-apreldagi “Respublikada sotiladigan maishiy elektr priborlarini, yangidan quriladigan binolar va inshootlarni energetika jihatidan majburiy markirovkalash va sertifikatlash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan chetdan olib kirilayotgan va sotilayotgan maishiy elektr priborlariga talablar joriy etilgan. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida yangidan qurilayotgan binolar va inshootlarning energiya samaradorligini ta’minlash maqsadida 2016-yil  1-yanvardan e’tiboran amalda qo‘llaniladigan bir qancha  talablar belgilangan.

Bu haqda targ‘ibot-tushuntirish ishlari olib borilishiga qaramasdan tashqi iqtisodiy  faoliyat bilan shug‘ullanuvchi subyektlar tomonidan qaror talablariga zid maishiy elektr priborlarining importi kuzatilmoqda.

Misol uchun, “Ko‘kdumaloq-gaz” MChJ shaklidagi qo‘shma korxona mas’ullarining e’tiborsizliklari sabab, korxona ehtiyoji uchun chetdan 5 partiyadagi qiymati 631 AQSh dollarilik, vazni 15,5 kilogramm bo‘lgan 103 dona turli xildagi energiya samaradorligi past (yuqori elektr energiyasini sarflaydigan) cho‘g‘lanma lampalar import asosida olib kelingan. Mazkur lampalar yuqorida qayd etilgan qaror talablariga zid bo‘lganligi sababli belgilangan tartibda yo‘q qilindi.

Shuni ta’kidlash lozimki, texnik hujjatlarida, markirovkasida va etiketkalarida energiya samaradorligining tegishli klassi to‘g‘risidagi axborotlar majburiy mavjud bo‘lishi haqidagi talab hamda ilova 10 turdagi tovarlar ro‘yxati bo‘yicha chetdan olib kirilayotgan va O‘zbekiston Respublikasi hududida sotilayotgan maishiy elektr priborlariga tatbiq etiladi.

Shuningdek, maishiy elektr priborlarining energiya samaradorligi klassini aniqlash uchun “A”, “B”, “S”, “D”, “E”, “F”, “G” belgilari joriy etilgan. Bunda: “A” klassi energiya samaradorligi eng yuqori maishiy elektr priborlarini belgilash uchun va tegishli ravishda “G” klassi (tavsiflarini hisobga olgan holda) bir toifaga kiritilgan maishiy elektr priborlari jumlasidagi energiya samaradorligi eng kam bo‘lgan priborlarni belgilash uchun qo‘llaniladi;

energiya  samaradorligining “A+”, “A++” (ortib borishiga ko‘ra – “A+”, “A++” va shu kabi) hamda undan yuqori qo‘shimcha klasslari “A” klassi uchun belgilangan energiya samaradorligi darajasidan oshadigan energiya samaradorligiga mansub bo‘lgan maishiy elektr priborlarini belgilash uchun qo‘llanadi.

Shu bilan bir qatorda, texnik hujjatlarida, markirovkasida va etiketkalarida elektr samaradorligining tegishli klassi to‘g‘risidagi axborotlar mavjud bo‘lmagan qaror ilovasida ko‘rsatilgan maishiy elektr priborlarini “erkin muomalaga chiqarish (import)” bojxona rejimiga joylashtirish 2016-yil 1-yanvardan boshlab, ularni O‘zbekiston Respublikasi hududida sotish 2016-yil 1-iyuldan boshlab taqiqlangan.

Energiya samaradorligining “G” klassiga mansub maishiy elektr priborlarini “erkin muomalaga chiqarish (import)” bojxona rejimiga joylashtirish va sotish — 2017-yil 1-yanvardan boshlab, “F” klassidagilar uchun esa 2018-yil 1-yanvardan boshlab va “E” klassidagilar uchun  2019-yil 1-yanvardan boshlab bosqichma-bosqich taqiqlanadi. Shu bilan birga, ushbu qaror ilovasida ko‘rsatilgan, energiya samaradorligining tegishli klassi to‘g‘risidagi axborotlar mavjud bo‘lmagan maishiy elektr priborlarini sotish va sotish maqsadida saqlash ushbu qarorda nazarda tutilgan muddatlar o‘tgandan keyin tegishli qoidalarni buzish deb hisoblanadi va qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlik choralari qo‘llaniladi.

Unutmaslik kerakki, bu borada joriy etilgan tartib-qoidalar energiya resurslarini tejash hamda ulardan oqilona foydalanishga qaratilganki, bu har birimiz, pirovardida davlatimiz iqtisodiyoti uchun ham manfaatlidir, deyiladi Qashqadaryo viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati tarqatgan xabarda.

Ko'rishlar soni

112