USD = 8163.93 SUM   EUR = 9978.77 SUM
Toshkent
Booked.net - Hotel reservations
+28°C

Poytaxtimizdagi “Turkiston” san`at saroyida “Prezident archasi” tantanalari davom etmoqda

Nashr qilingan sana: 30 12 2017

O'zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligi tomonidan qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan ushbu bayram tadbiriga poytaxtimizdagi Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, maxsus maktab-internatlar o'quvchilari, kam ta`minlangan oilalar, yurtimiz tinchligi va barqarorligini asrash yo'lida halok bo'lgan harbiy xizmatchilarning farzandlari, turli muvaffaqiyatlarga erishib tengdoshlariga o'rnak bo'layotgan bolalar taklif etildi. 




Yurtimizda hech kimdan kam bo'lmagan, sog'lom, yuksak ma`naviyatli, shijoatli va tashabbuskor, zamonaviy bilim, o'z mustaqil fikriga ega yosh avlodni voyaga etkazish davlat siyosati darajasiga ko'tarilgan. Bu borada amalga oshirilayotgan chuqur va izchil islohotlar o'z samaralarini berayotir. 

Iste`dodli o'g'il-qizlar har sohada o'z bilim va mahoratini namoyish etib, eng rivojlangan mamlakatlardagi tengdoshlari bilan bellashib, o'zini munosib namoyon etayotgani buning isbotidir. 

Bu yil bayram tadbirlariga barcha viloyatlardan turli tanlovlarda faol ishtirok etgan o'quvchi-yoshlar taklif etilgan. Xorazm viloyatining Urganch shahridagi 24-musiqa va tasviriy san`atga ixtisoslashtirilgan maktabning 5-sinf o'quvchisi Shohruh Sherniyozov ulardan biri. U respublika va xalqaro festivalь, ko'rik-tanlovlarda sovrinli o'rinlarni egallagan. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan iste`dodli yoshlar uchun Turkmanistonning “Avaza” sayyohlik markazida tashkil etilgan oromgohda hordiq chiqarishi bilan birga, qo'shni mamlakat yoshlariga Xorazm qo'shiqlarini o'rganishida yaqindan ko'mak bergan yoshlardan. Poytaxtimizda o'tkazilayotgan ushbu bayram tantanalarida qatnashayotganidan juda xursand. 

– Viloyatimizda ham bu kabi bayram tadbirlari tashkil etiladi, – deydi Shohruh. – Ammo poytaxtimizdagi asosiy tantanalarga taklif etishgani men uchun kutilmagan sovg'a bo'ldi. Bundan so'ng ham a`lo baholarga o'qishga, o'z ustimda yanayam ko'proq ishlab, muvaffaqiyatlarga erishishga so'z beraman. 

Yurtimizda ijtimoiy himoyaga muhtoj, ehtiyojmand oilalar, imkoniyati cheklangan bolalar manfaatlarini himoyalash, ularni har taraflama qo'llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlaridandir. Ayni bayram kunlarida joylarda tashkil etilayotgan ezgu amallar, xayrli chora-tadbirlar ularning kayfiyatini ko'tarib, jamiyatda o'z o'rnini topishida muhim ahamiyat kasb etmoqda. 

– Yaqinda maktabimiz va uyimizda ham shunday bayram o'tkazilgan edi, – deydi poytaxtimizdagi 22-Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi, 128-umumta`lim maktabining 1-sinf o'quvchisi Bonu Rahimova. – Lekin bu bayram menga ko'proq yoqdi. Prezidentimizning sovg'asini oldim. Unda a`lo baholarga o'qishimda zarur bo'lgan o'quv qurollari bor ekan. 

...“Turkiston” san`at saroyining bayramona bezatilgan foyesida chiroqli bezaklarga burkangan archa atrofida Qorbobo va Qorqiz bolajonlarni raqsga chorlaydi. Turli ertak qahramonlari, uy va o'rmon hayvonlari libosidagi qahramonlar turli topishmoq, tez aytishlar, she`rlar aytayotgan o'g'il-qizlarni sovg'a olishga undaydi. Ularning bu tomoshasi estrada xonandalari va sport ustalarining chiqishlariga ulanadi. 

– Ota-ona uchun farzandi yuzidagi quvonch, ular erishayotgan muvaffaqiyatlarni, kamolini ko'rishdan ortiq baxt yo'q, – deydi O'zA muxbiri bilan suhbatda Olmazor tumanidagi Shifokorlar mahallasida yashovchi Umida Sultonova. – Biz davlatimiz, xalqimiz mehr-e`tiboridan bahramand bo'layotgan baxtli onalarmiz. 

Bir-biridan qiziqarli, mo'`jizalarga boy sahna ko'rinishlari, kichkintoylar ishtirokidagi turli o'yinlar, savol-javoblar topqir, ziyrak, bilimdon bolajonlarning bilimlarini sinovdan o'tkazish bilan birga, ularni hayratlantirmoqda. 

Kichkintoylar uchun bayram shodiyonalari «Tomosha» bolalar musiqiy teatr-studiyasi tomonidan tayyorlangan «Mo'`jizalar bor ekan» teatrlashtirilgan musiqiy dasturi bilan davom etdi. Mazkur dastur o'g'il-qizlarning dunyoqarashini kengaytirish, salohiyatini yuksaltirishga xizmat qiladi. 

Bolalarga Prezidentimizning Yangi yil sovg'alari topshirildi. 

Bayram tadbirlari Qoraqalpog'iston Respublikasi va barcha viloyatlarda bo'lib o'tmoqda. 

Ko'rishlar soni

83