USD = 8188.33 (+1.38) SUM   EUR = 10057.73 (-139.12) SUM
Toshkent
Booked.net - Hotel reservations
+28°C

O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri Po'lat Bobojonov: "Xalqparvar tizim yaratiladi"

Nashr qilingan sana: 02 01 2018

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi tegishli idora va tashkilotlar tomonidan o'rganilishi barobarida unda ko'rsatilgan vazifalar ijrosi yuzasidan zarur chora-tadbirlar belgilab olinmoqda. 


O'zA muxbiri Norgul Abduraimovaga O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, general-mayor Po'lat Bobojonov shular haqida so'zlab berdi: 

– Davlatimiz rahbarining Murojaatnomasida yillar davomida xalqimizning kundalik hayotida to'planib qolgan ko'plab muammolar ochiq va oydin ko'rsatib o'tildi, ularning echimi borasidagi aniq vazifalar belgilab berildi. 

Ta`kidlanganidek, joriy yilda ichki ishlar organlarida tarixiy ahamiyatga molik ko'p ko'lamli islohotlar o'tkazildi. Faoliyatimiz samaradorligini tubdan oshirish va takomillashtirishga shaxsan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan katta e`tibor berilmoqda. 

O'tgan qisqa vaqt ichida ichki ishlar organlarini jazolovchi, nazorat qiluvchi organdan xalq, jamiyat va davlat manfaatlarini himoya qiladigan professional tuzilmaga aylantirish bo'yicha tub o'zgarishlar amalga oshirildi. 

Ushbu islohotlarning zamiridagi maqsad – bu el-yurtimizning ishonchi va mehrini qozongan, tom ma`nodagi xalqparvar ichki ishlar tizimini yaratish, “Xalq manfaatlariga xizmat qilish”ni faoliyatimizning asosiy mezoniga aylantirish hamda jamiyatimizda “Qonun va adolat ustuvorligi, jinoyatga jazo muqarrarligi” printsipini qaror toptirishdir. 

2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasi doirasida davlatmiz rahbarining joriy yil 10 apreldagi “Ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta`minlashda ularning mas`uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoni asosida ichki ishlar organlari faoliyatini tubdan isloh qilish bo'yicha keng ko'lamli ishlar amalga oshirildi. 

Jumladan, o'tgan davr mobaynida ichki ishlar organlari faoliyatining huquqiy asoslarini mustahkamlash, xodimlarni ijtimoiy muhofaza qilishni yanada kuchaytirish maqsadida 4 qonun, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2 farmoni va 18 qarori, Vazirlar Mahkamasining 41 qarori, Ichki ishlar vazirligining 50 dan ortiq normativ-huquqiy va boshqa hujjatlari qabul qilindi. 

Ichki ishlar organlari tizimini isloh qilishning eng muhim yo'nalishlari belgilanib, ularni amalga oshirishning samarali, maqsadli va ta`sirchan mexanizmi yaratildi. Shuningdek, ichki ishlar organlari barcha darajadagi bo'linmalarining vazifa va funktsiyalari chegarasini aniq belgilash hamda taqsimlash, tashkiliy-shtat tuzilmasini maqbullashtirish, kuch va vositalardan oqilona foydalanish bo'yicha keng ko'lamli chora-tadbirlar amalga oshirilib, faoliyatimiz, eng avvalo, fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilishga, xalq manfaatlariga xizmat qilishga yo'naltirildi. 

Hozirga qadar Prezidentimiz va hukumatimiz tomonidan qabul qilingan qarorlarni ijro etish, ularni hayotga tatbiq etish borasida ko'plab chora-tadbirlar amalga oshirildi. Faoliyatimizning bironta yo'nalishi qolmadiki, tanqidiy va asoslantirilgan tahlillar asosida qayta ko'rib chiqilmagan bo'lsa. 

Islohotlar izchil ravishda va bosqichma-bosqich davom ettirilmoqda, ular o'z samarasini bermoqda deyishimizga ham to'la asoslar bor. Jumladan, ichki ishlar organlarining shtat tuzilmasi ish hajmiga moslashtirildi, yuqori bo'g'indagi shtatlar soni ixchamlashtirilib, quyi bo'g'inlarga o'tkazildi. 

Ichki ishlar organlarini aholiga yanada yaqinlashtirish orqali faoliyat samaradorligini tubdan oshirish maqsadida tayanch punktlarining yangilangan joylashuvi tasdiqlandi va unga asosan qo'shimcha 175 ichki ishlar bo'linmasi va 824 tayanch punkti tashkil etildi. Shuningdek, profilaktika inspektorlari soni 1 ming 102 nafarga ko'paytirildi. 

Haftaning har payshanba kuni «Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni», har chorshanba kuni esa «Yong'in profilaktikasi kuni» o'tkazib kelinmoqda. Mahallalarda huquqni muhofaza qiluvchi organlar va keng jamoatchilik vakillari bilan bunday keng qamrovli tadbirlarning uyushqoqlik bilan o'tkazilishi, hech shubhasiz, jinoyatga nisbatan murosasizlik muhitini yaratmoqda. Yoshlarni qonunga itoatkorlik ruhida tarbiyalashga hamda aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda. 

Ushbu sohadagi islohotlar natijasida, joriy yilning yanvarь-noyabrь oylarida o'tgan yilning shu davriga nisbatan jinoyat sodir etish holatlari qariyb 11 ming 278 taga yoki 14,64 foizga, jinoyat qidiruv yo'nalishidagi jinoyatlar esa 5 ming 722 taga yoki 12,34 foizga kamaygan. 

Ayollar jinoyatchiligi qariyb 20 foizga, voyaga etmagan shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 11 foizga, jinoyat sodir etgan akademik litsey va kollej o'quvchilari soni esa 21 foizga kamayishiga erishildi. Mahallalarda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish bo'yicha jamoatchilik institutlari bilan birgalikda olib borilgan keng qamrovli profilaktik tadbirlar natijasida 1 ming 79 mahallada bironta ham jinoyat sodir etilishiga yo'l qo'yilmadi. 

Prezidentimiz tashabbusi bilan profilaktika inspektorlari bevosita xizmat olib borayotgan hududlarida xizmat uy-joylari va uzoq muddatli imtiyozli kredit asosida shaxsiy avtomashinalar bilan ta`minlanmoqda. Bugungi kungacha 5 ming 300 nafar profilaktika inspektoriga tantanali ravishda xizmat uylari va avtotransport vositalari topshirildi va shu yil oxirigacha jami ularning soni 6 ming 969 nafarga etadi. 

Shu bilan birga, oldimizga qo'yilgan maqsadlarga erishish yo'lida hali ishlarimiz ko'p. Bugun ichki ishlar organlarida islohotlarning mazmun-mohiyatini to'liq anglamasdan, fuqarolarning haqli e`tirozlariga sababchi bo'layotgan, nopok, ta`magirlik, poraxo'rlik va “Ichki ishlar organlari xodimi” degan nomga dog' tushirishi mumkin bo'lgan salbiy xatti-harakatlarni sodir etishga moyil xodimlar yo'q emas. 

Masalan, joriy yilning 11 oyida xizmat intizomini buzganligi uchun 7,5 mingga yaqin xodim intizomiy jazoga, jinoyat sodir etganligi uchun esa 201 nafari jinoiy javobgarlikka tortilgan. Biz bunday mas`uliyatsiz xodimlarni aniqlash va ularga nisbatan intizomiy jazo choralarini qo'llash va saflarimizni tozalash bo'yicha manzilli chora-tadbirlarni davom ettiramiz. 

Xalqimiz va Prezidentimiz ichki ishlar xodimlaridan juda katta o'zgarishlarni kutmoqda. Bu yuksak ishonchni oqlash oson kechmaydi. Lekin biz, albatta, bunga erishamiz. 

Shuni alohida ta`kidlash joizki, o'tgan yillar davomida ichki ishlar organlari faoliyatining oshkoraligi va shaffofligini ta`minlash ahvoli hozirgi zamon talablariga javob bermayotgan edi. Amalga oshirilgan ishlar haqida aholini muntazam xabardor qilib borish yo'lga qo'yilmagan edi. O'tkazilgan islohotlar natijasida esa ichki ishlar organlarining xalq oldida tizimli hisobot berib borish tartibi o'rnatildi. 

Ichki ishlar vazirining huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktikasi holati bo'yicha Senatga hisobot berishi qonunda muhrlab qo'yildi. Birgina joriy yilning o'zida ichki ishlar vazirining Oliy Majlis Senati oldida ikki marotaba hisoboti eshitildi. 

Shuningdek, har bir hududiy ichki ishlar organlari rahbarining xalq deputatlari viloyat, tuman Kengashlari oldida, profilaktika inspektorlarining esa fuqarolar yig'inida hisobotlari eshitib borilmoqda. 

Shunisi ahamiyatliki, bu hisobotlar shunchaki o'qib eshittirish uchungina joriy etilmayapti. Bundan buyon ichki ishlar organlari faoliyatiga xalqimiz baho beradi hamda ular har bir rahbarning lavozimiga loyiqligi yoki loyiq emasligini belgilab beradi. Bunday tartib xalqimiz oldidagi mas`uliyatimizni yanada oshirmoqda. 

Endilikda esa Prezidentimizning Murojaatnomasida barcha davlat organlari qoshida jamoatchilik kengashlari tashkil etish vazifasi qo'yildi. Shunga asosan Ichki ishlar vazirligi va uning tarkibiy tuzilmalari qoshida faxriylar, olimlar va jamoatchilik vakillaridan iborat jamoatchilik kengashlari tuzish borasida ishlar amalga oshirilmoqda. Ushbu Kengashlar bilan hamkorlikda ichki ishlar organlari faoliyatida mavjud muammolarni hal etish, xodimlarni ijtimoiy ta`minlash borasida maqsadli va ta`sirchan choralar ko'riladi. 

Hammaga ma`lumki, shu kunga qadar xalqimiz ichki ishlar organlariga jazolovchi organ sifatida qarab kelgan. Shaxslar qiynoqqa solinishi, ularga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo'lishi haqidagi fikrlar borligi sir emas. Bunday salbiy holatlarga chek qo'yish maqsadida Prezidentimizning joriy yil 30 noyabrdagi farmoni asosida barcha jazoni ijro etish muassasalari, ichki ishlar organlarining tergov hibsxonalari, vaqtincha saqlash hibsxonalari, maxsus qabulxonalari va ma`muriy qamoqni o'tash joylarining videokuzatuv moslamalari bilan jihozlanganlik darajasini aniqlash va tegishli chora-tadbirlarni belgilash ishlari boshlab yuborildi. 

Ilg'or xorijiy davlatlar tajribasi hamda xalqaro standartlar asosida ichki ishlar organlarida eng so'nggi zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, jumladan, so'roq jarayonini stenografiya qilish, videokuzatuv, shuningdek, tergov harakatlarini audio va video qayd etish tizimlari bilan jihozlangan maxsus xonalar tashkil etilmoqda. 

Mahkumlarga masofali videouchrashuv tashkil etish imkoniyatini nazarda tutgan holda himoyalangan aloqa kanali bo'yicha videokonferentsiya tizimini bosqichma-bosqich joriy etish ko'zda tutilmoqda. 

Bugungi kunda Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamentida shunday namunaviy maxsus xona tashkil etildi. Bunday xonalarni keyingi yillarda bosqichma-bosqich barcha tergov bo'linmalarida joriy etish rejalashtirildi. 

Bu esa fuqarolarni qalbaki dalillar, tuhmat va bo'htonlar asosida javobgarlikka tortilishiga chek qo'yadi. Har bir shaxsga adolatli jazo berilishi va aybi bo'lmagan hech bir shaxs javobgarlikka tortilmasligini kafolatlovchi jinoyat-protsessual normasini qat`iy ta`minlaydi. 

Shuningdek, O'zbekistonda hibsga olingan va jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxslarga nisbatan qiynoqqa solish, ruhiy hamda jismoniy bosim o'tkazish, jazoni ijro etish muassasalarida boshqa g'ayriinsoniy zo'ravonlikka mutlaqo yo'l qo'yilmaslik borasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish bo'yicha 2018-2022 yillarga mo'ljallangan chora-tadbirlar dasturi loyihasi ishlab chiqilishi rejalashtirilmoqda. 

Aytish joizki, ichki ishlar organlariga kelib tushgan har bir murojaatni har tomonlama, to'liq va xolisona ko'rib chiqilishini ta`minlash, unda ko'tarilgan masalalarning qonuniy echimini topish uchun barcha kuch va vositalarni safarbar etish ustuvor vazifaga aylantirildi. Bu boradagi faoliyatni alohida nazoratga olganmiz. 

Shu jumladan, fuqarolarga qulayliklar yaratish, murojaatlarning yuzaki ko'rib chiqilishi va rasmiyatchilik uchungina javob berilishi holatlarini bartaraf etish maqsadida vazirlik tizimida faoliyat ko'rsatgan 170 raqamli “ishonch telefoni” bekor qilinib, yagona «1102» raqamli “ishonch telefoni” joriy etildi. 

Shu bilan birga, Ichki ishlar vazirining Virtual qabulxonasi ishga tushirildi. Qabulxonalarga kelib tushgan murojaatlar alohida nazoratga olinib, 3 kunlik muddatda, qo'shimcha tekshirishlar talab qiladigan murojaatlar esa 10 kunlik muddatda ko'rib chiqilmoqda. 

Joriy yilning 11 oyi davomida 512 mingta murojaat kelib tushgan bo'lsa, ularning barchasi qonuniy hal etildi. Shuningdek, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi orqali kelib tushgan 91 mingdan ziyod murojaat ko'rib chiqilib, tegishli tartibda hal etildi. 

Murojaatlar tahliliga nazar soladigan bo'lsak, ularning 13 ming 943 tasi ichki ishlar organlaridagi jinoyat ishlari va surishtiruv materiallari bo'yicha, 13 ming 426 tasi fuqarolik pasporti masalasida, 10 mingdan ziyodi amnistiya, 9 ming 700 tasi xodimlarning xatti-harakatlari yuzasidan, 5 ming 698 tasi propiska masalasida va boshqalari fuqarolikni qabul qilish va fuqarolikdan chiqish masalasiga doirdir. 

Joriy yilning 11 oyi davomida mamlakatimiz hududlarida bevosita ichki ishlar vaziri tomonidan 27 ta sayyor qabullar o'tkazildi. Ularda 5,5 mingdan ziyod fuqaro bilan uchrashuvlar o'tkazilib, fuqarolarning murojaatlari tegishli tartibda hal etildi. 

Aholi murojaatlarini o'z vaqtida va to'liq hal etilishi ustidan nazorat kuchaytirilib, rahbarlar tomonidan fuqarolarni shaxsan qabul qilish, ariza va shikoyatlarni ko'rib chiqishda e`tiborsizlik, sansolarlik va qonun buzilishi holatlariga yo'l qo'ygan xodimlarga nisbatan keskin choralar ko'rish bo'yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi. 

Prezidentimizning Murojaatnomasida viloyatlar o'rtasidagi postlarning joylashuvi nafaqat fuqarolarimizga, balki iqtisodiyotimizga ham katta salbiy ta`sir ko'rsatayotganligini aniq raqamlar bilan ko'rsatib berildi. 

Biz qisqa muddat ichida barcha postlar faoliyatini tanqidiy qayta ko'rib chiqamiz. Mamlakatimiz hududida 133 ta ana shunday post bor. Shundan 60 ta yo'l-patrulь xizmati maskani va 73 ta patrulь-post xizmati statsionar maskani joylashgan. Dastlabki o'rganishlarni boshladik. Mana shu jami 133 postdan 66 tasini tugatish to'g'risida xulosalar tayyorlandi va bu boradagi ishlar davom ettirilmoqda. 

Xalqimizning takliflari, yurtimizning tinchligi va osoyishtaligini saqlashni hisobga olgan holda ularni keskin ravishda kamaytirish choralarini ko'ramiz. Ichki ishlar organlarining yo'l-patrulь va patrulь-post xizmatlari xodimlarini bosqichma-bosqich videokameralar bilan ta`minlash choralari ko'rilmoqda. 

Shu bilan birga, ichki ishlar organlarini xalqimiz ishonchini to'la oqlaydigan adolatli tuzilmaga aylantirish uchun qator ishlarni amalga oshirishimiz lozim. Tizimdagi islohotlar kelasi yilda davom ettirilib, barcha tashkiliy tadbirlar davlatimiz rahbari tomonidan qo'yilgan talablar asosida amalga oshiriladi. 
 

Ko'rishlar soni

382