USD = 8069.29 SUM   EUR = 9403.14 SUM
Toshkent
Booked.net - Hotel reservations
+28°C

O‘zbekiston razvedkachilari Buyuk Britaniyada yutuqqa erishdi

Nashr qilingan sana: 20 10 2017

Buyuk Britaniyaning Brekon shahrida qo‘shin razvedkachilari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan “Kembriya patruli” xalqaro tanlovida O‘zbekiston vakillari ham munosib ishtirok etishdi, deb xabar beradi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.

10-17-oktabr kunlari bo‘lib o‘tgan ushbu musobaqada 29 mamlakatdan 139ta jamoa ishtirok etdi. Qariyb 40 yildan beri o‘tkazib kelinayotgan tanlovda mamlakatimiz qo‘shin razvedkachilari birinchi marotaba ishtirok etdi. Eng qiyin va nufuzli musobaqalar sirasiga kiruvchi, harbiy xizmatchilarning jismoniy tayyorgarligiga alohida e’tibor qaratiluvchi ushbu tanlovni maxsus bo‘linmalarga qabul qilish jarayoni bilan qiyoslashadi.

Kembriya tog‘lari juda og‘ir iqlim sharoiti bilan ajralib turadi. Kunduzi quyosh deyarli ko‘rinmaydi, har zamon yomg‘ir shiddat bilan yog‘adi, hududi botqoqlik va o‘rmondan iborat, o‘tishga qiyinchilik tug‘diradi. Shu bois tanlovda ishtirok etayotgan ko‘plab jamoalar finalga yetib bora olmaydi.

Unda ishtirokchilar qurol-aslahalarni taqib, navigatsiya vositalarisiz Kembriya tog‘lari bo‘ylab yetakchilik qobiliyati, amaliy ko‘nikmasi hamda ruhiy va jismoniy quvvatini sinovdan o‘tkazib, 25 kg yuk bilan 65 km masofaga piyoda marsh yurish, 1000 metrdan yuqori balandliklar va 750 metr pastliklardan o‘tishni amalga oshirishdi.

Marsh yurish davomida har bir jamoa tog‘li va suv to‘siqlaridan o‘tish, hudud razvedkasini olib borish, shartli dushman joylashgan hududni aniqlash va ularni yo‘q qilish bo‘yicha o‘quv-jangovar operatsiyalarni amalga oshirish, shartli yaradorlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, noqonuniy kuchlar tomonidan garovga olinganlarni ozod etish, murakkab tog‘li hududlarda pistirmalarni tashkil etish kabi vazifalarni bajardi.

Tanlov yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi qo‘shin razvedkachilaridan iborat jamoa faxrli ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Tanlov shartiga ko‘ra, har bir sovrinli o‘rin ikkita jamoaga beriladi va Italiya jamoasi ham bu pog‘onani band etdi.

Shohsupaning eng yuqori pog‘onasi va uchinchi o‘rin 111ta jamoa bilan ishtirok etgan Buyuk Britaniya harbiylariga nasib etdi.

Tanlovning g‘olib va sovrindorlari tashkilotchilar tomonidan esdalik medallari va faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Mudofa vazirligi qo‘shin razvedkachilarining bu muvaffaqiyati birinchisi emas. Undan oldin ular joriy yilning 29 iyul – 12 avgust kunlari Novosibirsk shahrida (Rossiya) bo‘lib o‘tgan III Xalqaro armiya o‘yinlari dasturidan o‘rin olgan “Qo‘shin razvedkasi a’lochilari” tanlovida Rossiya Federatsiyasi va Xitoy Xalq Respublikasidan keyin uchinchi o‘ringa sazovor bo‘lishgan edi.

Ko'rishlar soni

544