USD = 8188.33 (+1.38) SUM   EUR = 10057.73 (-139.12) SUM
Toshkent
Booked.net - Hotel reservations
+28°C

«Otkritaya Aziya» O'zbekiston Respublikasi Prezidentining parlamentga Murojaati haqida

Nashr qilingan sana: 31 12 2017

Tojikistonning  «Otkritaya Aziya»  internet nashri O'zbekiston Prezidentining parlamentga yo'llagan Murojaatnomasidagi 10 ta asosiy tezisni keltirmoqda.


Xususan, nashrda ta`kidlanishicha, Shavkat Miriyoev mamlakat iqtisodiyotidagi noreal ko'rsatkichlardan voz kechishni taklif qildi. Iqtisodiy sohada soxta raqamlar ortidan quvish, xayoliy rejalarni haqiqiy deb ko'rsatishga urinishlar tanqid ostiga olindi.

Yilning nomi ko'chalarni chiroyli yozuvlar bilan bezashga xizmat qilmasdan, real natija berishi kerakligini ta`kidlagan holda, davlat rahbari 2018 yilni O'zbekistonda  “Faol tadbirkorlik, innovatsion g'oyalar va texnologiyalarni qo'llab-quvvatlash yili”, deb atashni taklif qildi. “Yangi fikrlar, g'oyalar, innovatsiyalarsiz biz kelgusida hech narsaga erisha olmaymiz, buni har bir hokim tushunishi kerak”, - dedi O'zbekiston Prezidenti.

Ta`kidlandiki, mamlakatda yuqori malakali jurnalist kadrlarga ehtiyoj katta, ammo hozircha ushbu masalalarni markazlashtirilgan tarzda hal qila oladigan tegishli tayanch oliy o'quv yurti mavjud emas. Shu sababli davlat rahbari Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiya vositalari universitetini tashkil qilish zarur, deb hisoblaydi.

 Nashr mamlakat rahbarining O'zbekiston yoshlari xalqaro assotsiatsiyasini tashkil qilish bo'yicha tashabbusiga alohida e`tibor qaratgan.

“Yoshlar haqida gap ketganda, men doim bir narsani o'ylayman. Mana, bugungi kunda qancha-qancha yoshlarimiz chet ellarda ta`lim olmoqda, mehnat qilmoqda. Albatta, ularning orasida o'z yo'lini topib, begona yurtda hech kimdan kam bo'lmay yashayotganlari ham ko'p. Lekin Vatan sog'inchi har qanday odamni ham qiynaydi. Shuning uchun ular bilan doimiy aloqa o'rnatish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, yurtimizga qaytish istagida bo'lganlarni qo'llab-quvvatlash bo'yicha ishlarni kuchaytirishimiz zarur. Shu  maqsadda O'zbekiston yoshlari xalqaro assotsiatsiyasini tuzish va uning samarali faoliyat yuritishi uchun tegishli sharoit yaratib berishimiz kerak”, dedi Shavkat Mirziyoev.

Shuningdek, nashr Prezidentning “Mening fikrim” internet-portalini yaratish to'g'risidagi qaroriga to'xtalib o'tadi.  Davlat rahbari aytganidek, qonun ijodkorligi sohasida parlament yoki xalq deputatlari kengashlari fuqarolar guruhlari tomonidan ilgari suriladigan tashabbuslarni ko'rib chiqishi zarur.  Shu munosabat bilan internet tarmog'ida “Mening fikrim” deb nomlangan maxsus veb-sahifa tashkil etiladi, unga  mamlakat fuqarolari davlat va jamiyat hayotiga daxldor muhim masalalar bo'yicha o'z fikr va tashabbuslarini  elektron shaklda yo'llaydi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining

Matbuot xizmati

Ko'rishlar soni

373