USD = 8085.11 SUM   EUR = 9487.07 SUM
Toshkent
Booked.net - Hotel reservations
+28°C

Otasi qamalgan bola va abrbandchi yigit

Nashr qilingan sana: 18 10 2017

Mahbuslar musiqa maktabiga militsionerlar qurshovida olib kelindi. Hammasining qo‘lida kishan. Nafis san’at muxlislari-yu ijrochilariga moslangan zalda qiy-chuv, yig‘i-sig‘i ko‘tarildi. Ayollar uvvos tortib yubordi. Hakamlar hay’ati olomonning ehtirosini bir amallab bostirgach, ibratli sud jarayoni boshlandi. Lekin eshik ortidan kimlarningdir hiqqillagani eshitilib turdi.

Yig‘layotgan ikki go‘dak – to‘qqiz yoshli Rasuljon bilan o‘n birga ham kirmagan akasi edi.

- 1982 yili otamning ishi bo‘yicha bo‘lib o‘tgan o‘sha sud jarayonini hech qachon unutmayman, - deb eslaydi bugun Rasuljon Mirzaahmedov. - Zalga bolalarni kiritishmagan. Biz akam bilan eshik qulfining torgina tuynigidan bo‘layotgan voqealarni navbatma-navbat kuzatib turgan edik. O‘sha yili o‘n yetti hunarmand – shoyi to‘quvchi usta jazoga tortilib, uch yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum etilgan. Mening otamga besh yil berishgan.

Otasining, oddiy ustaning, aybi – ajdodlaridan meros hunar bilan shug‘ullangani. Qizil saltanat tepasiga Yuriy Andropov kelganidan so‘ng xalqqa zug‘um yanada ga qaramay, kommunistik partiya yer yuzida sotsializm g‘alaba qozonganini e’lon qildi. Televideniye, radio va gazeta-jurnallar sovet xalqining farovon va baxtiyor hayoti haqida tinimsiz jar solishga tushdi. Rasuljonning otasi – Turg‘unboy Mirzaahmedovni esa sovet turmush tarzi, qonunchiligiga zid ishi – qo‘shimcha daromad olgani va hususiy mulk egasi bo‘lgani uchun qamoq jazosiga hukm etdilar. Ustaning oilasi yashab turgan yagona uyi davlat hisobiga musodara qilindi. Uning onasi - farrosh kampirning arzimagan maoshi serfarzand oilaga urvoq ham bo‘lmas edi. Yolg‘iz o‘g‘lining qamalishini ko‘tara olmagangan buvi 1983 yili olamdan o‘tdi.

T.Mirzaahmedov 1987 yili qamoqdan chiqqanidan so‘ng ham uzoq yillar ish topishi, kun kechirishi oson bo‘lmagan. Lekin usta umidsizlikni yengishga o‘zida kuch topar edi: “Hali ko‘rasan, o‘g‘lim, shunday kunlar keladiki, adras ham urfga kiradi. Dunyoni bezaydi!” Istiqlolimizning sharofati bilan mohir ustaning orzulari ushaldi. Bugun an’anaviy abrli matolarimiz xorijda O‘zbekistonning milliy brendi sifatida e’tirof etildi. Undan tikilgan liboslarni ayollar ham, qizlar ham katta mehr bilan kiymoqdalar.

Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoat fondi tomonidan tayyorlangan va chop etilgan “Avlodlarni bog‘lovchi rishta” albom-katalogida tariximizdagi ana shunday kechmishlar haqida so‘z yuritiladi. Kitobda alohida qayd etilganidek, taassufki, asarlaridagi serjilo naqshi nigorlarning nafisligi va sehridan ulkan hayratga tushganimiz holda, abrbandchi-ustalar zahmatining murakkabligi va serqirraligini doim ham his qilavermaymiz. Ushbu loyiha mazkur bo‘shliqni to‘ldirishga qaratilgan. U marg‘ilonlik mashhur shoyi to‘quvchi ustalar – ota-bola Turg‘unboy va Rasuljon Mirzaahmedovlar sulolasining ijodiy merosi va bugungi badiiy izlanishlari misolida o‘zbek shoyi to‘qish san’atining boy tarixi va zamonaviy an’analarini keng ochishga yo‘naltirilgan.

Rasuljon - bugun dunyoga tanilgan abrbandchi hunarmandlarimizdan. Boy bilim va tajribasini ko‘psonli shogirdlari bilan baham ko‘radi. Matolarni bo‘yash usullariga bag‘ishlangan “Tabiiy ranglar siri” risolasi muallifi.

Dunyoni adrasga burkayotgan usta “A’lo baxmal”ni tiklagani uchun 2005 yil YuNESKOning sertifikatiga sazovor bo‘lgan. Amerikaning Oscar de la Renta brendi uning adrasi va baxmalini o‘z kolleksiyasiga kiritgan. Hunarmandlar shahri qadimiy Marg‘ilonda esa endi “Atlas bayrami” tekstil festivalini o‘tkazish ana’anaga aylangan.

Albom-katalogning kirish so‘zida ta’kidlanganidek, ushbu loyiha mangulikka daxldor betakror o‘zbek shoyi san’atiga doir tasavvur va taassurotlarimizni yanada boyitib, hunarmand ustalarimiz vorislarini yangidan-yangi izlanishlarga undaydi.

Jonqobil Juma

Ko'rishlar soni

119