USD = 8069.29 SUM   EUR = 9403.14 SUM
Toshkent
Booked.net - Hotel reservations
+28°C

Muxbirimiz bong uradi: katta raqamlar ortida nimalar bor?

Nashr qilingan sana: 09 11 2017

Davlatimiz rahbarining shu yil 22-iyundagi “Respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va ijtimoiy sohalarini 2017-2018-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga kompleks tayyorlashni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining ijrosini ta’minlash borasida “Buxorgaz” korxonasi ma’lumotlarida keng qamrovli tadbirlar amalga oshirilganligi qayd etilgan.

Manzilli dastur asosida Buxoro, Kogon shaharlarida, Buxoro hamda Peshku tumanlarida 21.3 km o‘rniga 15.34 (72%) gaz quvurlari rekonstruksiya qilingan. 5634 gaz taqsimlagich punktlari tayyor holatga keltirilib, 368.6 km gaz quvurlari bosim bilan tozalangan. O‘quv yurtlari, muassasalar, ayrim olisda joylashgan hududlar va aholi punktlarini suyultirilgan gaz, ko‘mir hamda ko‘mir briketlari bilan uzluksiz ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Qorako‘l tuman hokimligi vakili X.Ravshanov bilan birga “Chekirchi” mahalla fuqarolar yig‘ini tomon yo‘l oldik. Bu yerda 19ta ikki qavatli ko‘p xonadonli uy bor. Aholi, hatto, oddiy yashash sharoitlari to‘g‘risida orzu qilishdan mosuvo. Suv hamda isitish quvurlari yo‘q. Uylar oldiga o‘rnatilgan beton quduqdan suv ichiladi. Issiqlik hamda suv yo‘qligiga yarasha gazning bo‘lgani yaxshi. Ammo aholining e’tirof etishicha, sovuq kunlar boshlanishi hamda gaz bosimining birdan pasayib ketishi ko‘plab muammolarni keltirib chiqaradi.

– Bizning 2 qavatli uyimizda sakkiz oila yashaydi, - deydi Marziya Qo‘chqorova. – Uyning tomini ta’mirlashni so‘rab, tuman hokimligiga bir necha bor murojaat qildik. Hokim bu yil ham mahallamizga kelganida ushbu masalani hal etishga va’da berdi. Ammo ish faqat binoning old tomonini oqlash bilan tugadi – qoldi. Tomni ta’mirlash esa yana o‘z holicha qolib ketdi. Boshqa uylarning tomlari ham shunday ahvolda. Birorta ham bolalar maydonchasi yo‘q. Yagona hojatxona uyimizdan 300 metr olisda…

X.Ravshanov aholining barcha muammolari yaqin vaqtda bajariladi, deb so‘z berdi. Ikkita bolalar maydonchasi qurish loyiha-smeta hujjatlari tayyor. Tandirxona, yangi hojatxona qurilishi boshlandi. “Savdogarbank”ning viloyat filiali tomonidan “Qorako‘l” mulkdorlar shirkatiga ajratilgan 60 million so‘m hisobiga tomlarni, issiqlik tizimi hamda yo‘laklarni tartibga keltirish, Baynalminal ko‘chasidagi uylarning old tomonini ta’mirlash ishlari davom etmoqda. Ammo tuman hududidagi qolgan 28 ko‘p xonadonli uyda yashovchilar qishni qanday o‘tkazishadi?

“Buxorgaz” ma’lumotlariga ko‘ra, aholining tabiiy gaz bilan ta’minlanishi 68.6 foizni tashkil qiladi. 1-oktabr holatiga binoan 125 mingga yaqin oila suyultirilgan gazdan foydalanadi. Lekin amalda qanday? Korxona rahbari vazifasini bajaruvchi N.Sharopovning ma’lum qilishicha, shu yilning yanvaridan oktabrigacha aholiga 9689 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berilib, bu boradagi reja 103 foizga bajarilgan. Shu jumladan, Qorako‘l tumaniga - 1403 tonna, Olot – 1349, Shofirkon – 1129, Jondor – 1231, Peshku – 1036, G‘ijduvon tumanlari aholisiga 1237 tonna. O‘rtacha har oyda har bir oilaga 8 kilogrammdan, 35 maxsus avtortansport olis hududlardagi aholiga suyultirilgan gaz yetkazish bilan band. Qorako‘l hamda Romitan tumanlarida sutkasiga o‘n tonnadan, Vobkent tumanida esa yigirma tonnalik quvvatiga ega bo‘lgan gaz to‘ldirish stansiyalari qurilib, foydalanishga topshirildi. Biroq, nega olis hududlar aholisi suyultirilgan gaz ballonlari o‘z vaqtida yetkazib berilmayotganidan lol, “zangori olov”ga to‘lanayotgan pul mablag‘lari hamon harakatsiz qolayotir? Shofirkon tuman markazidan 25 km olislikda joylashgan “Chandir” fuqarolar yig‘ini viloyatdagi aholisi tig‘iz hududlardan. Tuman gaz ta’minoti korxonasi bilan tuzilgan shartnomaga ko‘ra, Savrak, Chig‘ilbon, Chandir, Jo‘shura, Qurbongli, Chitgaron qishloqlarining aholisini gaz ballonlari bilan ta’minlash belgilangan. Ammo, gaz ballonlarini o‘z vaqtida yetkazib berish muammo. Shunday paytlar bo‘ladiki, qishloq aholisi tuman gaz idorasi xodimlarini, hatto, oylab kutadi.

– Shunisi ajablanarliki, ular bizdan bajargan ishlari uchun faqat naqd pul talab qilishadi, - deydi mehnat faxriysi Dilmurod Bekmurodov. – Davlatimiz rahbarining qarorida esa to‘lov istalgan shaklda, shuningdek, plastik kartochkalar orqali ham to‘lanishi mumkinligi qayd etib qo‘yilgan.

“Chandir” MFY hududida keyingi 7 yil davomida qishloq ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib turgan yangi loyihalar asosidagi o‘ttizga yaqin zamonaviy uy-joylar qurilib, foydalanishga topshirilgan. Biroq, ularning ko‘pchiligi haligacha bo‘m-bo‘sh. Buning asosiy sabablaridan biri – gaz hamda ichimlik suvi quvurlari yotqizilgan bo‘lsa-da, ular na gaz, na suv tarmog‘iga ulangan.

Umumta’lim maktablarini qish mavsumiga tayyorlash ham jiddiy e’tibortalab masala. Buxoro viloyati xalq ta’limi boshqarmasining ma’lumotlari bo‘yicha, 2423 kvadrat metr tomlar, 3661 pogon metr ichki, 1288 pogon metr tashqi isitish tarmoqlari ta’mirlangan. Boshqa ko‘rsatkichlar bo‘yicha ham raqamlar yaqqol ko‘zga tashlanadi. Amalda-chi?

Shofirkon tumanidagi 35-maktab direktori Farhod Narzullayevning aytishicha, o‘tgan yili ularga 60 tonna ko‘mir berilgan bo‘lsa, bu yil uning yarmi kelgan, xolos. Ko‘mir va ko‘mir briketlari bilan ta’minlash masalasi 51 ta umumta’lim maktabi, 21 ta maktabgacha tarbiya va boshqa o‘quv yurtlari mavjud bo‘lgan Qorako‘l tumanida ham to‘la hal qilinmagan. Tuman markazidagi bir necha maktablardan tashqari barcha o‘quv yurtlari binolari ko‘mir bilan sitiladi. Bu yil bolalar va o‘qituvchilar sovuqda qoladimi?

Davlatimiz rahbarining tegishli qaroriga binoan 2005-yilda kapital ta’mirlangan 36-sonli maktab o‘quvchilari hanuzgacha tabiiy gaz va ichimlik suvi bilan ta’minlanmagan. Bu vaziyatdan chiqishning yagona yo‘li – ko‘mir hamda ko‘mir briketlarini g‘amlab qo‘yishdir. Biroq, 21 tonna o‘rniga 16 tonna yonilg‘i keltirilgan. Tuman markazidan 45 km olisda joylashgan “Qoroun” MFY hududidagi 50-sonli maktabda ham ahvol g‘oyat achinarli. Moslashtirilgan binoda 200 o‘quvchi ta’lim oladi. Ahvolning og‘irligi nafaqat moddiy-texnika bazasining yo‘qligida. Maktab direktori Y.Ro‘ziyevning e’tirof etishicha, ajratilgan ko‘mir hajmi o‘quv yurtining talabi darajasida emas. Mahalla aholisining oilalarida ham issiqlik bilan ta’minlashning ahvoli ana shunday achinarli holatda.

– Mahallada 3700 nafar aholi istiqomat qiladi, - deydi “Yangi zamon” MFY raisi Ixtiyor Shoimov. – Bular orasida kam ta’minlanganlar ham bor. Qish mavsumida 100-150 tonna ko‘mirga ehtiyoj bor. Amalda esa bu yonilg‘i yetti barobar kam ajratilgan. Nima qilish kerak? Gaz ta’minotining nochorligidan 600 ming so‘mdan yulg‘un sotib olayapmiz.

12-oktabrgacha rejadagi 9000 tonna ko‘mir, shuncha miqdordagi ko‘mir briketi o‘rniga 4648 hamda 193 tonna qattiq yonilg‘i tarqatilgani ham bu sohada ahvolning qanday ekanligini ko‘rsatib turibdi.

– Maktabimiz tuman markazida joylashgan bo‘lsa-da, ayniqsa, qish paytlarida gaz ta’minotidagi uzilishlar odat tusiga kirib qolgan, - deydi 18-maktab direktori Surayyo Shermuhammedova. – Bizga ko‘mir ajratishlarini so‘rab tuman xalq ta’limi bo‘limiga murojaat qildim. Sas ham chiqmadi, sado ham. O‘tgan yilgi qishda ko‘p qiynaldik. Bu yilgi qishda ahvolimiz qanday kecharkan?

 Karim Abdurahimov,

 “Pravdo Vostoka” muxbiri.

 Buxoro viloyati.

Ko'rishlar soni

309