USD = 8069.29 SUM   EUR = 9403.14 SUM
Toshkent
Booked.net - Hotel reservations
+28°C

Muxbirimiz bong uradi: intiluvchan yoshlarni aldamang

Nashr qilingan sana: 27 10 2017

O‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi hududiy boshqarmasining ma’lumotlariga ko‘ra, Buxoro viloyatida 2016-2017-o‘quv yilida 26166 o‘quvchi, shundan 12640 nafari qizlar, kollejlarni bitirgan. Ularning aksariyati bitiruvchi, ish beruvchi va hokimliklar tomonidan to‘rt tomonlama shartnoma asosida korxona, tashkilot va muassasalarda o‘z mehnat faoliyatini boshlagan. Davlatimiz tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlardan foydalanib, o‘z ishini rivojlantirish, biznes-g‘oyalarini amalga oshirishga kirishganlari ham kam emas.        


Rayhon Rasulova Jondor qurilish va milliy hunarmandchilik kollejini tugatgach, biznes rejasini tayyorlab, uni “Ipoteka bank”ning viloyat filialiga topshirdi. Loyiha ma’qullanib, yosh tadbirkorga 26 million so‘m imtiyozli kredit berildi. Ushbu mablag‘ hisobiga u zamonaviy tikuv mashinalarini xarid qilib, tayyor mahsulotlar ishlab chiqaradigan sex ochdi. Kollejni bitirgan ikki tengdoshini ish bilan ta’minlab, o‘ndan ortiq turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydiki, mahsulotlari o‘z xaridorlarini topishga ham ulgurdi. Endi  Rayhon assortiment turlarini yigirmataga yetkazish, yangi ish o‘rinlarni yaratish niyatida.

— Bizning mamlakatimizda xususiy biznesini ochish, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun barcha imkoniyatlar mavjud, - deydi R. Rasulova. —  Sevimli ishim bilan shug‘ullanayotganimdan, oilamga va jamiyatga foyda keltirayotganimdan xursandman. Bank qo‘llab-quvvatlamasa, loyihamni muvaffaqiyatli amalga oshirish imkoni bo‘lmas edi.

Kasb-hunar kollejining yana bir bitiruvchisi Jahongir Narzullayev baliqchilik bilan shug‘ullanishga qaror qildi. “Narzullo Nodir iftixori” baliqchilik xo‘jaligini tashkil qilib, sun’iy ko‘l bunyod etdi va kollejni bitirgan ikki nafar tengqurini doimiy ish bilan ta’minladi. Istiqbolli biznes loyihasini amalga oshirishda 60 million so‘mlik bank krediti unga katta yordam berdi. Mahsulotlari — xaridorgir.

Vohaning yosh tadbirkorlari sanoat, milliy hunarmandchilik, shuningdek, chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik va agrar sohaning boshqa yo‘nalishlari bo‘yicha istiqbolli g‘oyalarni hayotga tatbiq etishga astoydil kirishmoqdalar. Buxoro neft va gaz sanoati kasb-hunar kollejining bitiruvchilari Sherzod Kenjayev, Botir Mamadiyev va Shaxriyor Po‘latov imtiyozli kredit olib, qoramol parvarishlashga kirishdilar. Mazkur o‘quv yurtining yana to‘rt nafar bitiruvchisi “Mening biznes g‘oyam” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

Joylarda tashkil etilgan yosh tadbirkorlar maslahat markazlari yangi avlod tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularning yangi g‘oyalarini amalga oshirish yoki takomillashtirishga yordamlashish bo‘yicha faol ish olib boryapti. Tashkil qilinayotgan o‘quv seminarlarida yigit va qizlar mazkur sohaning “Alifbosi” bilan tanishib, biznes rejalarini ishlab chiqayotir va istiqbolli loyihalari ma’qullanmoqda. Ushbu tashkilotning amaliy yordami natijasida keyingi besh yil mobaynida to‘rt yuzdan ortiq yigit va qiz o‘z biznesini ochdi. “Mening biznes g‘oyam” ko‘rik- tanlovinig yakunlovchi bosqichida hududning yetti nafar tadbirkori g‘oliblik shohsupasidan joy oldi. Eng yaxshi loyiha deb topilgan va tantanali ravishda imtiyozli kredit olish sertifikatiga ega bo‘lganlar orasida kogonlik Nazira Kozimova, Marjona Xayriddinova, g‘ijduvonlik Dilnoza Valiyeva, Farmon Istamov, vobkentlik Fotima Ergasheva singari bitiruvchilar bor. Ammo, ular hanuzgacha o‘z biznesini boshlay olgani yo‘q! Nega?

— Shuncha vaqt o‘tdi. Biroq qizimga va’da qilingan yigirma million so‘mlik imtiyozli kredit berilgani yo‘q, - deydi M. Xayriddinovaning onasi Munira opa. —  “Qishloq qurilish bank”ka ko‘p marotaba murojaat qildik. Afsuski, bankdagilar biz bajara olmaydigan shartlarni qo‘yishmoqda.

Tadbirkorlik bilan shug‘ullanishni istovchi yoshlar safi esa tobora kengaymoqda. Neft va gaz sanoati kollejining 45, iqtisodiyot, bank kollejining 32, turizm kollejining 52 nafar bitiruvchisi o‘zinig biznesini ochish uchun imtiyozli kredit so‘rab qilgan murojaatlari samarasiz qolmoqda. Ushbu dalillarga viloyat markazidagi o‘n yetti kasb-hunar kolleji bitiruvchilarning ana shunday qiyin ahvolda ekanligini qo‘shsak, raqamlar uch-to‘rt barobar oshib ketishi aniq. Biroq, ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash masalasi o‘lda-jo‘lda. Ahvol shunday davom etsa, istiqboldagi biznes g‘oyalar hayotga tatbiq qilinmay, ishsiz yoshlar soni, ayniqsa, qishloq joylarida oshib boraverishi tabiiy. Masalan, Qorako‘l tibbiyot kollejining 12 bitiruvchisi joriy yilning boshida “Agrobank”ning tuman bo‘limiga asalarichilik, parrandachilik, bog‘dorchilik, tikuvchilikni rivojlantirish bo‘yicha loyihalarini topshirgan. Afsuski yil oxirlab borayotganiga qaramay, bironta ham loyiha moliyalashtirilgani yo‘q.

— O‘z biznesimni tashkil qilishni ko‘pdan beri o‘ylayman, - deydi ushbu kollej bitiruvchisi Salomat Xo‘janiyozova. — Biroq buning uchun boshlang‘ich kapital zarur. Shu bois imtiyozli kredit olish maqsadida bankka barcha zarur hujjatlarni topshirgan edim. Biroq bankdagilar va’dadan nariga o‘tishmayapti.

Shuni qayd etish lozimki, kasb-hunar kollejining bitiruvchilarga imtiyozli kredit ajratish, shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga to‘sqinlik qilayotgan kamchiliklarni bartaraf etish bilan bog‘liq masala shu yilning iyun oyida Xalq deputatlari tuman Kengashining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati a’zolarining tumandagi ahvolni o‘rganish yakunlariga bag‘ishlangan sessiyasida Senat Raisi N.Yo‘ldoshov, viloyat hokimi o‘rinbosari M. Abdullayev va tuman rahbari X. G‘oyirov ishtirokida muhokama qilingan edi. Bank muassasalari, boshqa mutasaddi tashkilotlar rahbarlari oldiga ahvolni tuzatish bo‘yicha aniq topshiriqlar berilgan edi. Biroq, avhol o‘sha-o‘sha, muammolar yechim topgani yo‘q.

Nasim Choriyev, uch yildirki “Mikrokreditbank” viloyat bo‘limi eshigini qoqayapti. U 2015-yili “Yosh tadbirkor-yurtga madadkor” ko‘rik-tanlovida g‘olibi bo‘lib, viloyatning 35  vakili qatorida yakunlovchi bosqichga yo‘llanma olgan edi. Chiqindi mahsulotlarni qayta ishlashga oid loyihasi yuksak baholanib, unga 65 million so‘m miqdoridagi imtiyozli kredit ajratish sharti yozilgan sertifikat berilgan edi. Biroq, bank xodimlari turli yo‘riqnomalarni ro‘kach qilib, mablag‘ ajratishni hamon paysalga solmoqdalar.

— Chiqindi mahsulotlarni qayta ishlash bilan shug‘ullana boshlaganimga besh yildan oshdi, - deydi Nasim Choriyev. — Shunday nufuzli tanlovda g‘olib chiqqanimdan juda xursand bo‘lgan, bu menga yangi texnika va texnologiyalar sotib olish imkonini beradi, deb ishongan edim. Vaqt o‘tayapti. Lekin va’da qilingan yordamdan darak yo‘q. Noyabr oyida sertifikatimning muddati tugaydi!

Yoshlarning biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga oid bunday muammolar barcha shahar va tumanlarda mavjud. Markaziy bankning viloyat bosh boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, vohada tadbirkorlik istagini bildirganlar soni ikki mingga yaqin bitiruvchini tashkil qiladi. Shu yilning o‘tgan to‘qqiz oyi mobaynida ularning mingdan ortig‘iga 18,9 milliard so‘m kredit mablag‘lari, shu jumladan, 2016-2017-o‘quv yilida bitirgan 312 o‘quvchiga 3,6 milliard so‘m ajratilgan. Bu — dengizdan tomchi. Moliyalashtirish shu holda davom etsa, ishsiz yoshlar soni o‘sib boraverishi tabiiy.

2015-2016 o‘quv yilida kollej bitiruvchilardan 22777 ishga joylashtirilgan. Bu ko‘rsatkich umumiy hisobga nisbatan 77,2 foizni tashkil qiladi. 494 bitiruvchi biznes bilan shug‘ullanayotgan bo‘lsa, ularning  241 nafarini qizlar tashkil qiladi. 2823 nafari e’tibordan chetda. 2016-2017-o‘quv yilida 26 mingdan ortiq bitiruvchidan 17587 nafari yoki 67,2 foizi ishga joylashtirilgan, xolos.

Bitiruvchilar nega amaliyot o‘tagan korxona va tashkilotlarga ishga olinmayapti?

— 2017-yili Buxoro madaniyat kollejini arxiv ishi yo‘nalishi bo‘yicha tamomladim,- deydi Zebo Rahmonova. — To‘rt tomonlama shartnoma asosida amaliyotni shahar arxivida o‘tadim. Ushbu dargohda mehnat faoliyatimni boshlashni istardim. Biroq menga bo‘sh ish o‘rni yo‘q, deyishmoqda.

Ish izlab yurgan bunday yoshlar vakillarini ko‘rsatish mumkin. Ularning barchasi biriktirilgan korxonalarda amaliyot o‘tashgan. To‘rt tomonlama shartnomalar xo‘jako‘rsinga tuziladimi, degan fikr tug‘iladi kishida.

Yosh avlodning bandligini ta’minlash, shu jumladan, biznes g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash bugungi kunning eng muhim vazifalaridandir. Davlatimizning, butun jamiyatning e’tibori shunga yo‘naltirilgan. Bu xayrli ishga barcha o‘z ulushini qo‘shishi lozim. Masalaning aniq va puxta yechimi yoshlarning ertangi kunga ishonchini mustahkamlashga, mamlakatimizning yanada rivojlanishiga xizmat qiladi.

 

Karim Abdurahimov,

“Pravda Vostoka”ning muxbiri.

Buxoro viloyati.

Ko'rishlar soni

748