USD = 8069.29 SUM   EUR = 9403.14 SUM
Toshkent
Booked.net - Hotel reservations
+28°C

Kim aybdor?

Nashr qilingan sana: 24 10 2017

Toshkent tibbiyot kollejida sodir bo‘lgan mudhish fojeaning sud jarayonlari hali tugamasidan, yuridik kollejida yana bir ayanchli voqea yuz berdi. Har ikkisida asosiy ishtirokchi va ayblanuvchilar — o‘smirlar. Bolalarning rahmsizligini sababi nimada?

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda oxirgi voqeaga bag‘ishlangan bahs-munozara juda qizidi, befarqning o‘zi yo‘q. Kimdir kollej rahbariyatini ayblasa, yana kimdir ota-onalarni, boshqa birlari nazarida esa bunday shafqatsizlik sababi jazodan qo‘rqmaslik, qonunlarning ojizligi. Ayblash oson. Shoshilmaylik. O‘zim, o‘z ko‘zim bilan guvoh bo‘lgan ayrim misollarga e’tiboringizni qaratgim keldi.

…Ertalab. Poytaxt maktablaridan biri. Bolalar darsga shoshilmoqda. Yoshi kichikroqlarining yonida kattalar. Shu taqlid manzarani kuzata turib, 8 yoshlardagi bolakay onasidan nimanidir so‘rashga harakat qilayotgani e’tiborimni tortdi. Telefonda gap sotayotgan ona bo‘lmish qani endi farzandiga qarasa. Go‘dakning injiqligi toqatini toq qildi, chamasi, ayol o‘g‘lining yuziga tarsaki tushirdi. So‘ng bobillab berdi. Bolakay yig‘lagancha maktabga kirib ketdi. Bu paytda uning qalbida qanday ehtiros jo‘sh urganini tasavvur qilish qiyin emas. Ertasi kuni sinfda mushtlashuv bo‘libdi. Voqeaning sababchisi — o‘sha bolakay. Alamini nochorroq sinfdoshidan olgan. Masala sinf rahbari va ota-onalar muhokamasiga qo‘yildi. Dunyo bexabar har ikki ota-ona o‘qituvchini ayblashga tushdi. Qaramagan. Sinfda tartib yo‘q va yana boshqa ayblovlarni yog‘dirishdi.

Boshqa hodisa. Tushlik payti. Bir o‘spirin maktabdan qochib chiqishga harakat qilyapti. Qorovul esa undan kundaligini ko‘rsatishini, darsi tugagan bo‘lsagina eshikdan chiqarishini aytmoqda. O‘quvchining kundalikni ko‘rsatgisi yo‘q. Buning o‘rniga u “Hozir dadamni chaqirsam, sen bilan gaplashib qo‘yadi!” deya qorovulning yuziga sapchinadi.

Uchinchi holat. Ona 7-8 yoshli farzandlarini uyida yolg‘iz qoldirganini va ular “o‘zlarini eplashi”dan maqtanmoqda. “Kompyuter ham, telefoni ham bor, zerikishmaydi”.

Bu kabi ota-onalar ta’lim muassasasi, mahalla-ko‘y va qo‘ni-qo‘shnilarning farzandlari haqidagi ogohlantirishlariga e’tibor bermaydi. Bolalariga o‘z muammolarini o‘zlari hal qilishlariga yo‘l ochib beradi. Bu esa bolalarning shafqatsizligini yanada kuchaytiradi. Berahmlikning boshlanishi ham aynan shundan emasmi? Ushbu savol bilan ko‘p yillik tajribaga ega psixolog Valeriya Melkonyanga murojaat qildik.

— Bola fe’l-atvorining shakllanishida televideniye, internet va kompyuter o‘yinlarining ham hissasi katta bo‘ladi. Ulardan noto‘g‘ri foydalanish shafqatsizlik va agressiyani shakllantiradi. Tarbiya jarayonida ota-onaning o‘rni ularning vaqti kamligi, boshqa muammolarni hal qilish istagi sabab pasayib ketmoqda. Ba’zi ota-onalar uchun tarbiya jarayoni faqatgina baqir-chaqir, bolasiga tarsaki tushirish bilan chegaralanib qolmoqda. So‘nggi paytlarda uyushmagan bolalarni tez-tez uchratayapmiz. Ularning emotsional holatida bu yaqqol ko‘rinib turadi. Bolalar o‘zlarida yig‘ilgan salbiy emotsiyalardan qutilish, alamini o‘zidan kuchsizroq boladan olishga harakat qiladi. Tabiiyki, u o‘z shafqatsizligini maktabda ko‘rsatadi. Axir sinf bu jamiyatning kichik modeli. Bu yerda hamisha alam olish uchun nimjon obyekt topiladi. Kichik maktab yoshidagi bolalarda bu muammo unchalik jiddiy natijalarga olib kelmaydi, dersiz. Ammo toma-toma ko‘l bo‘lur. Yuqori sinfdagi bu holat kelgusida yanada ayanchliroq holatlarga olib kelishi mumkin.

Aynan shu sabab bugungi kunda huquqni muhofaza qiluvchi organlar yoshlar bilan ko‘proq ish olib bormoqda. Ular e’tiborini nafaqat uyushmagan bolalarga qaratmoqda, balki oilasining ruhiy holatiga qarab ham ish olib bormoqda. Ushbu faoliyat samarasi o‘laroq so‘nggi oylarda jinoyatlar soni 11 foizga kamaydi. Albatta, bu katta yutuq. Sababi, ushbu raqam ortida ko‘plab taqdirlar turibdi. Ammo bu o‘zgarishlar mushtipar onalarga nuri diydalari, vafot etgan o‘g‘illarini qaytarmaydi.

Poytaxt maktablaridan birida faoliyat yurituvchi o‘qituvchi ism-sharifini sir tutgan holda o‘z hissiyotlarini so‘zlab berdi.

— Oxirgi vaqtlarda o‘quvchilar o‘zlariga haddan tashqari erk beradigan bo‘lib qoldi. Masalan, berilgan dakkiga nisbatan qo‘pollik bilan javob qaytarishyapti. Boshqa bolalarni jig‘iga tegib, mushtlashuv keltirib chiqarmoqda. Ota-onalarini maktabga chaqirganimizda esa ular vaziyatni har doim ham tushunishni xohlashmaydi. Ular bir fikrni ushlab oladi: agar o‘qituvchi farzandi bilan kelishmasa, demak, u yomon o‘qituvchi. Agar yana shunday holat takrorlanadigan bo‘lsa, bolasiga dakki beradigan bo‘lsak, o‘z tanishlarini ishga solib o‘qituvchini ishdan haydattirishini aytishadi. Bizni asosiy vazifamiz o‘quvchiga bilim berish. Ammo ba’zi ota-onalar farzandining bugungi qo‘polligi ertaga kimnidir do‘pposlashiga, indin kuni esa pichoqlashga olib kelishini tushunishni xohlashmaydi.

Boshida bergan savolimizga qaytsak. Bolalardagi shafqatsizlikning asosiy sababi nimada? Birgina javob, birinchi navbatda BIZ — OTA-ONALARda!

Oksana Malosabirova.

Ko'rishlar soni

215