USD = 8085.11 SUM   EUR = 9487.07 SUM
Toshkent
Booked.net - Hotel reservations
+28°C

“Jahon” AA: Sayfulla Soipov radikal guruhlar ta’siriga AQShga kelganidan so‘ng tushgan

Nashr qilingan sana: 02 11 2017

31-oktabr kuni Nyu-York shahrida sodir etilgan teraktda gumonlanuvchi sifatida 29 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Sayfulla Soipov qo‘lga olingan edi. Uning o‘zbekistonlik ekanligi tasdiqlandi, deyiladi “Jahon” AA xabarida.

Soipov Sayfulla Habibullayevich 1988-yil 8-fevral kuni Toshkent shahrida tug‘ilgan. U 2005-yilda kasb-hunar kollejini tamomlab, 2005-2009-yillarda Toshkent moliya institutida tahsil olgan. Institutni tamomlab, “Sayohat” mehmonxonasida hisobchi bo‘lib ishlagan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan uning AQShga ketguniga qadar jinoiy javobgarlikka tortilmagani va biror oqim ta’sirida bo‘lmagani aytilgan.

Sayfulla Soipov 2010-yilda grin-kart lotereyasida yutib, AQShga kelgan. So‘nggi yillarda AQShda vaqtincha yashovchi va o‘zbekistonlik ayol bilan norasmiy nikohda bo‘lgan. S.Soipov shu vaqtga qadar Toshkentda yashovchi ota-onasini ko‘rishga bir marotaba ham kelmagan.

AQShda bo‘lgan paytida S.Soipov O‘zbekistonning Nyu-York shahridagi konsullik idorasida rasmiy hisobda qayd etilmagan. Soipovning Toshkentdagi mahalladoshlari u haqida hech qanday salbiy fikr bildirmagan. Uning shubhali harakatlarini sezmaganligi va qo‘shnilari bilan doim iliq munosabatda bo‘lganligini aytishgan. U yaxshi oilada tug‘ilib-tarbiya topgani, ota-onasi ham ekstremistik oqimlarga aloqador emasligi aytilgan.

Sayfulla Soipov AQShga kelganidan so‘ng radikal guruhlar ta’siriga tushib qolgan. Bu haqda Amerika ommaviy axborot vositalari ham xabar tarqatgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSh Prezidenti Donald Trampga hamdardlik maktubini yo‘llab, ta’ziya bildirgan edi. O‘zbekiston o‘z tomonidan mazkur terroristik aktni tergov qilishda ko‘maklashish uchun barcha kuch va vositalarni ishga solishga tayyor ekanligini bildirgan.

Ko'rishlar soni

325